Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan global qarish muammosiga oid o'tkazilgan tahlil natijalariga ko'ra, keksa aholining demografik yuki rivojlangan mamlakatlarda o'sib bormoqda, eng yuqori ko'rsatkichlar YAponiya va Evropada kuzatilmoqda.
Aholining qarishi iqtisodiyotning ko'plab tarmoqlarida, xususan, sog'liqni saqlashda kadrlar etishmasligiga olib kelmoqda. empirik hisob-kitoblar qariyalar ulushi yuqori bo'lgan mamlakatlarga immigrantlar oqimi qariyalarning qaramlik yukini 2,4 foiz kamayishiga, shuningdek, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotning 4,6 foizga o'sishiga olib kelishini ko'rsatmoqda.
O'zbekistonda keksa yoshdagi aholining demografik yuki har 100 mehnatga layoqatli aholiga 7 kishini tashkil etadi, bu jahondagi o'rtacha ko'rsatkichdan past va hatto 2035 yilgi prognozlarda ham umumjahon o'rtacha ko'rsatkichlaridan past bo'lishi kutilmoqda.
O'zbekiston demografik dividend olish bo'sag'asida turibdi va jahon mehnat bozorini malakali kadrlar bilan ta'minlash uchun yaxshi salohiyatga ega.
Demografik inqirozga uchragan mamlakatlarda vaziyat yanada og'irlashishi kutilmoqda. Ushbu davlatlar tomonidan bir qator tizimli choralar qo'llanilishi (kasb-hunar ta'limi, til o'zlashtirish, salomatlik va xavfsiz mehnat sharoitlari bilan bog'liq qulay sharoitlar yaratish, h.k.) kelajakda bu mamlakatlarga malakali kadrlarni jalb qilishda raqobatdosh ustunlik berishi mumkin.