Ruhiy ehtiyojdan ijtimoiy zaruratgacha yoxud qonunlar qanday yashaydi?

    Kunbotarni tomosha qilib oʻtirgan suhbatdoshim uzoq oʻyga toldi. Uning nigohi qontalosh bulutlarga qadalgan, chuqur nafas olishidan yelkasi koʻtarilib tushardi.

    U goʻyo qushday uchishga chogʻlanar, ammo zamin oyogʻidan mahkam ushlab turganday edi. Nihoyat ogʻir sukunatni buzib favqulodda quvnoqlik bilan soʻz qotdi: “Qarang, qanday goʻzal, bundan ortiq baxt yoʻq!”

    Shunday deya sal narida uchib oʻtayotgan bir juft qushni koʻrsatdi. Nimasi baxt degandek unga qaradim. Suhbatdoshim buni tez ilgʻadi va qalin qoshini chimirib, jiddiy qiyofada dedi:

    – Toshkentda uyim yoʻq edi. Katalakday doʻkonimga har kuni soliqchi kelardi. Sanitariya idorasi bir kunda uch mahal tekshirardi. Tekshirsa ham mayli, ulushini olib, xonasida yozib kelingan qogʻozni peshtaxtamga yopishtirib ketadi. Jahlim chiqadi, oʻzi oddiy gummaxona boʻlsa... Mayli, dedim, tishimni-tishimga qoʻyib ishladim. Bilaman, tekshirishga keladiganlarning yarmi shtatsiz ishchilar. Yurist boʻlmasam ham qonunni bilaman, vaqtida oʻqiganmiz. ...Yoʻq, faqat universitetda emas, repetitorlik qilganman. Oʻzim oʻqishga kira olmaganman. Hozirgiday oson emasdi, bilasiz. Aytaversa, bu ham bir doston. Keyin repetitorim menga yordam ber, yaxshi oʻzlashtirgansan, dedi. Shu-shu pul topishga qiziqib ketdim. Hozir menga qarab nimasi baxt, deyapsiz, bilib turibman. Qarang, quyosh qanday goʻzal botyapti. Anavi ikki qush emin-erkin uchib yuribdi, menga oʻxshab...

    – Erkinlik nima oʻzi? – deyman unga qarab.

    – Gummaxonamga hadeb tekshirish kelavermasa, soliqlarimni kimningdir qoʻliga emas, shundoq telefonimdan oʻzim toʻlasam. Sanitariya idorasi xodimlari ulush olish uchun emas, rostdan ham tozalikni koʻrishga kelsa, – dediyu nimadir yodiga tushganday birdan jonlandi. – Juda qiziq-da, hozir ham xuddi shu odamlar ishlayapti. Biz tomondagilar deyarli almashmadi. Lekin birdan oʻzgardi. Oldin kelib doʻq urardi, hozir salom berib, kirishga ruxsat soʻraydi. Odam yaxshi tomonga ham juda tez oʻzgarar ekan.

    – Eh, sodda, – deyman unga qarab, – ular oʻzgargani yoʻq, oʻzgarishga majbur boʻldi. Odam yaralgandan beri jamiyatni muayyan qonunlar tartibga solib turadi. Ana shu qonun adolatli boʻlsa, muhimi, u barchaga birday ishlasa, jamiyat oʻnglanadi.

    Unga shunday deyman-u xayolan qariyb 3 ming yil avvalgi davrga sayohat qilaman. Amudaryo qirgʻogʻi. Oʻsha davrlarda insonlar tuproqni ham, suvni ham, giyohu hayvonot olamini ham muqaddas, deb bilgan. Biz uchun ibtidoiy qarashga ega bu odamlar ezgulik homiysi osmonda ekani va yovuz kuchlar yer qaʼridan chiqishiga shubhasiz ishonadi. Ular nazdida yer yuzi — ikki kuchning kurash maydoni. Agar insonlar yoʻldan adashsa, yerosti kuchiga ragʻbat bergan boʻladi. Oqibatda odamzod tabiiy ofatlar, yovuz kuchlar qurshovida qoladi. Odamlar adashmasligi, ziddiyatga bormasligi uchun jamiyatning umumiy qoidalari – “Avesto” koʻrsatmalariga amal qilishi zarur.

    Hozirgi davr. Insoniyat tafakkuri, bilimidagi evrilishlar evaziga cheksiz taraqqiyot sari yuzlangan. Amudaryo sohilidagi oʻsha inson suvni hurmat qilmasa, obihayot uni tashlab ketishiga oʻzi shohid boʻlgan. Muqaddas bitiklardagi soʻzlar bejiz emasligini biladi. U ezgulik va yovuzlik orasidagi kurash yer yuzida emas, balki inson qalbidan boshlanishini ham yaxshi his etadi. Shuning uchun yozuvlik yer ostidan unib chiqmasligi, odam oʻz nafsining hokimi boʻla olmagach, yomonliklarga yoʻl ochishini yaxshi anglaydi. Shu bois, u barcha muqaddas bitiklar mazmun-mohiyatini oʻzida jamlashga uringan kitob – Konstitutsiyaga amal qilishi kerak.

    Bunda uning yashash, taʼlim olish, eʼtiqod qilish, qonularga hurmatda boʻlish kabi juda muhim huquq va majburiyatlari koʻrsatilgan, kafolatlangan. Konstitutsiya tarixi haqida gap ketganida qadimgi Rimni eslaymiz. Huv, oʻsha zamonlarda ham qonunlar yozilgan, odamlar bunga ehtiyoj sezgan, Rimliklar ilgʻor edi, deymiz. Ehtimol, shundaydir. Ammo men boshqacha fikrdaman. Nazarimda, qonunlar uchun qadimgi Rim juda qisqa tarix. Uning asl manbasi ancha olisda, insoniyat yer yuzida yashay boshlagan zamonlarga toʻgʻri keladi. Masalan, “Avesto”da yozilishicha, inson yerda hayot boshlagach, ilk xatosi sabab yerni muz qoplaydi. Shu tariqa mavjud qonun amalda oʻzini koʻrsatadi, jazo muqarar ekani oydinlashadi. Yoki Odam Atoning farzandlari Qobil va Hobil oʻrtasidagi ziddiyat ham oʻsha ilk qonun buzilishi va jazoga misol. Demoqchimanki, inson doim qonunlar orqali oʻz istaklari boshqalarning erkiga daxl qilmasligini taʼminlagan. Xoʻsh, insonda qonunlarga qanday ehtiyoj bor?

    Birinchisi, ruhiy ehtiyoj. Avvalo, inson hayoti goʻdak uyqusiday sokin, maroqli boʻlishini istaydi. Buning uchun u yashaydigan jamiyatda barcha teng huquqli, hech kim boshqalarning haqiga xiyonat qilmaydigan boʻlishi kerak. Shundagini inson oʻzi istagan orzulari sari qoqilmay odimlaydi.

    Ikkinchisi, ijtimoiy ehtiyoj. Sizning orzu-istaklaringiz boshqalar tinchligiga raxna solmasligi kerak. Inson nafsiga erk bersa, manfaati uchun hech narsadan qaytmaydi. Qonunlar esa qaysidir maʼnoda insonning nafsini jilovlashda muhim vosita. Shu orqali jamiyat yagona qoidalar atrofida birlashib, olgʻa siljiydi.

    Inson tugʻilishi bilan bir qancha huquqqa ega boʻladi. Eng birinchisi, yashash huquqi. Qadimgi bitiklardagi kabi yeru osmon oraligʻidagi barcha tiriklikni aziz bilgan kishi boshqalarning yashash huquqiga daxl qilmaydi.

    Darvoqe, tugʻilish haqida. Oʻshanda hamshiraning “Qayerda «propiska”da turadi?» degan savolidan sergak tortdim. Unga javoban savol berdim: “Qaysi asrda yashayapsiz?!”

    Hamshira gap ohangimdan xato qilganini tushunib, ayolimni yetaklab ichkariga olib kirdi. Tugʻuruqxonaning oynavand eshigidan ularga qarab turar ekanman, Toshkentga ilk bor kelgan vaqtlarimni esladim. Kunora poʻrim kiyinib eshikka qarab yoʻl olganimda sinfdoshim Shuhrat savol berardi:

    – Yoʻl boʻlsin?

    – Koʻchaga. Zerikdim, bir aylanib kelay, – deyman qora koʻzoynagimni peshonamga qoʻndirib.

    – Bir kuni sizni borib “panelniy”dan topib kelamiz, – deydi sinfdoshim havasini yashirmay. Bu gapidan zavqim keladi. Qoʻrqmaslik kerakligi, koʻchada IIB xodimini koʻrganda odam oʻzini qanday tutish haqida unga vaʼz oʻqiyman. Baribir koʻchaga chiqishga yuragi betlamaydigan Shuhrat ters qarab yotgancha, boshini koʻrpaga burkaydi. Men esa ijara uyimiz eshigini yopib olishni tayinlab, tashqariga yoʻl olaman.

    Oʻshanda biz — abituriyentlar uchun shahar aylanish ham qahramonlik edi. Faqat sinfdoshim Shuhrat buni gʻirt ahmoqlik deb bilardi. Chunki u poytaxtda vaqtincha yashash huquqini beradigan bir parcha qogʻozi boʻlmagani (oʻshanda vaqtinchalik “propiska” hujjatini olish hozirgi uy sotib olishdan ham murakkab edi) uchun jarimaga tortilgan. Jarimani toʻlaguncha vaqtincha saqlash joyi deb ataladigan binoda panjara ortidan yoʻlga koʻz tikib, tunni tongga ulagan. Uch tomoni toshbeton zax xonada oʻtkazgan bir kuni butun umrga tatigan.

    Men esa shuncha vaqtdan beri biror marta qoʻlga tushmaganman. Toʻgʻri, metroga tushish joyida turgan IIB xodimi ust-boshim, aft-angorimga qarab viloyatdan kelganimni tez fahmlagan. Necha bor toʻxtatib, hujjatlarimni soʻragan. Ammo yoʻl-yoʻrigʻini qilib “omon” qolganman. Shuning uchun Shuhrat mening ham qachondir qoʻlga tushib, panjara ortiga kirishimga shubha qilmaydi. Ayni dam bu shaharda bemalol yurish yoʻlini axtaradi. Anglaydiki, buning eng oson yoʻli unversitetga oʻqishga kirish. Toʻxtatgan odamga talabalik guvohnomasini koʻrsatib, boshini gʻoz tutib oʻtib ketish. Shu maqsadda kitobga muk tushadi. Ijara uyga kelganimda qoʻlidagi kitobga chizib, belgilab oʻqiyotgan boʻladi.

    – Nima oʻqiyapsan?

    – Huquqdan tayyorlanyapman. Mana, Konstitutsiyaning 18-moddasida yozilgan: “Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega”...

    – Hamma teng boʻlsa, sen nega koʻchaga chiqa olmayapsan? – deyman qitmirligim tutib. Gap yana uning jarima toʻlagani haqida ketayotganini bilib, jahl qiladi: “Yoʻqol, koʻzimga koʻrinma!”

    Shu voqeani eslayman-u, ayolimni oʻsha paytlarda tugʻuruqxonaga olib kelganimda nima boʻlardi, deb oʻylayman. Sen shu yurt fuqarosisan va yana bir insonni dunyoga keltirish arafasida, jontalosh boʻlib turibsan. Senga yordam berishga qasam ichgan oq xalatli insonlar esa bir parcha qogʻozga, shu shaharga rasman mansub yoki mansub emasligingga qarab muomala qiladi...

    Hozir oʻsha hamshira ham suhbatdoshimning gummaxonasiga keladigan soliqchilar kabi oʻzgargan. Ammo xayoldan ular oʻzgarishga majbur boʻlgan ekan, demak, istalgan vaqtda aslini koʻrsatishi mumkin, degan isyonkor oʻy oʻtadi. Ana shu yerda qonunlarga ichki ehtiyoj oʻzini koʻrsatadi. Avval jamiyatda qonunlarga boʻysunish majburiyati bora-bora koʻnikmaga aylanadi. Agar qonun hayotbaxsh, umuminsoniy mezonlarga mos boʻlsa, uzoq yashaydi. Yoʻqsa...

    Ishxonadan oʻtgan asrning 70-yillari arafasida yoshlar nashrida chop etilgan maqolani topish topshirigʻini oldim. Shu bois, ikki kunim kutubxonada oʻtdi. Keng va yorugʻ oʻquv zalida gazetaning chang bosgan sahifalarini birma-bir varaqlayman. Oʻsha davr ruhi ufurib turgan sahifalarga koʻz tikaman. “Projektor” degan ruknda eʼlon qilingan mitti maqola (aslida chaquv xati)ni oʻqib dong qotaman. Olis viloyatdagi maktab oʻquvchisi tahririyatga yozgan xatida maktabdoshlari haqida soʻz yuritar ekan: “Falonchi ilgʻor teruvchi, u chanoqda paxta qoldirmaydi. Pistonchi esa buning aksi, paxtani toza termaydi. Boz ustiga fartugidagi oq oltinni yerga toʻkib-sochib yuradi”, deb yozgan. Xat yaxshi terimchi boʻlgan bola darslarni ham yaxshi oʻzlashtirib, zoʻr ishchi boʻlib kamol topishi haqidagi olamjahon shior bilan yakunlangan. Oʻsha xatni oʻqigach, oʻylaganman: tenglikni hamma oʻzicha tushunar ekan-da. Qarang, sobiq tuzumda insonlar teng boʻlishi kerak, deya mehnatga majburan ommaviy olib chiqilgan. Hatto ayollar endi tugʻilgan chaqalogʻi bilan paxta dalasiga chiqishga majbur boʻlgan. Uncha-muncha quldorlik tuzumida ham boʻlmaydigan bolalar mehnatidan imkon qadar koʻproq foydalanish usullari oʻylab topilgan. Soʻng buning asoratidan uzoq vaqt qutula olmadik.

    Odamlarning mol-mulki xatlanib, kolxozga oʻtkazilgani, bu umumiy boylik, deya aslida vagonlab markazga tashilishi ham oʻsha “tenglik”ning asl qiyofasi edi. Bunday jamiyatda inson oʻz orzulari bilan yashay olmaydi. U oʻzimning orzum, deb bilganlari ham aslida kimningdir istagi boʻlib chiqadi. Chunki odamda mavjud sharoitdan kelib chiqib oldiga maqsad qoʻyish koʻnikmasi bor. Bu odamning ongostida shakllangani bois orzular oʻzimniki, unga hech kim daxl qila olmaydi, deb oʻylaydi. Ammo vaziyat oʻzgarishi bilan jamiyat ham oʻnglanib, oʻzgarib boraverishiga oʻzimiz guvohmiz.

    Hozir paxta oq oltin emas, shunchaki iqtisodiyotning birgina tarmogʻi ekanini yaxshi bilamiz. Buning uchun ayollar goʻdagini chirqiratib dala boshiga koʻtarib borishi shart emas. Bolalar ham faqat kitob oʻqishi kerak. Ularning mehnati kelajakni qorongʻilikka boshlashdan boshqa narsa emas. Shu kabi tushunchalar adolatli qonunlarga ruhiy muhtojlikni ijtimoiy ehtiyojga aylantiradi. Bu oʻylar meni yana qadim bitiklar sari yetaklaydi. Ularning barchasida inson tabiat oldida ojiz ekani, atrof-muxitni himoya qilishga majburligi belgilangan.

    Ha, hatto qoʻlida nayza ushlab, mamont ortida yugurib ketayotgan ovchilarning ham oʻzi amal qiladigan qonunlar boʻlgan. Birgina misol: ular jonzotlar koʻpayish mavsumida ov qilmagan. Bu ruhiy, ijtimoiy ehtiyojning uygʻunlashuvi edi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda birinchi marta insonning ekologik huquqlari aniq koʻrsatildi. Bu oʻsha inson shuuridagi qadim ehtiyojning ijtimoiy hayotimizda oʻz aksini topishi edi. Shu zaylda oʻylarim bosh qonunimiz, undagi oʻzgarishlar sabab kafolatlangan huquqlarimiz sari ketadi. Bunday oʻylarimni tagʻin suhbatdoshimning gapi boʻladi: “Bitta gummaxona atrofida shuncha mashmasha oʻtkazdim. Yaqin yillarda soliqchilar ishlab chiqarish seximga keldi. Tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtmagan ekansiz, dedi. Gummoxonadagiday tomosha boshlandi, deb oʻyladim. Xato oʻylabman. Roʻyxatdan oʻtsangiz, keshbekmi, imtiyozmi beramiz, bemalol ishlaysiz, dedi. Hey, oshna, odamlar zamon oʻzgarmaydi, deydi. Zamon oʻzgarar, hatto odamlarni ham oʻzgartirar ekan. Mana oʻtgan kuni yonimdagi doʻkon egasi bozorning pattachilariga dagʻdagʻa qilyapti. Gap nimada ekanini bilmadim, qiziq ham emasdi. Ammo shu doʻkondor ham oʻzgardi. Pattachini koʻrsa, yetti bukilib salom beradigan odam-a?! Xuddi kimdir kelib ularga sehrli tayoqchasi bilan tegib qoʻyganday”.

    Suhbatdoshim tinmay gapirardi. Roʻparamizda esa ertaga yanada charogʻon kun boʻlishiga vaʼda berganday quyosh ufqni tandirday qizartirgan. Bu ham bobolarning gapi: kunbotar kuysa havo ochiq boʻladi. Demak, boyagi juft qush bekorga vijir-vijir qilib bemalol uchib yurgani yoʻq. Ularning erkin yurishiga ikkita asos bor. Biri shu yurtdagi odamlar. Ular qonunga koʻra, tabiatga zarar yetkazmaydi. Ikkinchisi, tabiat qonuni... bunisi endi boshqa gurung.

    Boboravshan GʻOZIDDINOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri