U shoshib gapirar, toza, samimiy hissiyotlarini ifodalay olmayotganidan oʻngʻaysizlanar, gapga yoʻqman-da, uka, deb bot-bot takrorlar, menga esa, ochigʻini aytganda, xuddi shunday munosabat maʼqul edi. Chunki uning har gapidan, har tovushidan men anchadan beri esimdan chiqarib qoʻygan tuproq isi, hadsiz osmon rangi, men hech qachon nomini bilolmaydigan qushlar sayrogʻi, umuman, hammasini bir butun qilib yigʻish imkoni boʻlsa-da, bitta nom berib boʻlmaydigan xotirami, yoqimli allanarsa ajralib chiqardi. Bu ilgari quloqlarim sira eshitmagan sabrning xotirjam ovozi edimi yoki soʻzning toʻrtburchak shakliga sigʻishni istamagan matonatning chuqur tin olishimidi, bilolmadim. Uni tinglash asnosida kompyuterdagi bugun unga doir chiqqan oʻnlab maqolalar, yangiliklarga oʻgʻrincha koʻz yugurtirdim:
“BBC 2024-yilgi dunyoning eng ruhlantiruvchi va katta taʼsirga ega 100 ayoli roʻyxatini eʼlon qildi. Ular orasida Nobel mukofoti sovrindori, zoʻravonlikka qarshi faol, olimpiyachilar va denovlik tikuvchi, tadbirkor Dilorom Yoʻldosheva ham bor. 2022-yil hosil yigʻimi paytida yuz bergan baxtsiz hodisa oqibatida ikkala oyogʻidan ayrilgan. Biroq bu fojia uni tushkunlikka tushirmadi. U yangi koʻnikmalarni oʻrganish va yosh oʻzbek ayollariga daromad topishda yordam berishni istadi. Shu sababli Dilorom tikuvchilik korxonasini ochishga qaror qildi. Tadbirkorlik va resurslarni boshqarish asoslarini oʻrganib, 40 dan ortiq ayolga tikuvchilik hunarini oʻrgatdi. Bir necha oyda korxo-nasi sezilarli darajada kengaydi. Yoʻldosheva ishchilar va maktab oʻquvchilari uchun forma tikish boʻyicha shartnomalar imzoladi. Oʻshandan buyon uning biznesi nafaqat oʻzi, balki oʻnlab boshqa ayollar uchun ham daromad manbaiga aylandi”.
Tasavvurimdagi Dilorom opani yoʻqotib qoʻymaslik uchun fikrimni bir joyga yigʻishga urinaman. Mana u, tutlar soyasida hasharchilarga suv olib ketyapti. Tush vaqti oʻtib ketayotgan boʻlsa ham negadir shoshmasdi. Qani endi yoʻl yanayam uzoqroq boʻlsa-yu, bu tuproq koʻchada koʻproq yursam deb oʻylardi. Koʻchadagi oʻz yumushlariyu tashvishlari bilan band odamlar, orzu va xayollarini tepkilab oʻynab yurgan bolalar, darvozalari oldida hayotning yorqin xulosalari va saboqlari bitilgan sahifalarday bujmaygan aft-angorlari, musibatu hasratdan bukilgan tanalarini oftobda toblab oʻtirgan chollarga toʻxtamasdan, bir qur nazar tashlab ketardi. U shoshmasdi, ammo oyoqlari yurishdan toʻxtashni istamasdi.
— Besh soniyadan keyin nima boʻlishini hech kim aytolmaydi. Oʻshanda odatdagidek yurgandirman, balki bu mudhish hodisa sodir boʻlganidan keyin men oʻzim uning taʼsirini oshirib yubordimmi, bilmayman, ammo boshqacharoq yurganimni eslayman. Oyoq tortmayotgandi emas, nima desam ekan, chanqoq odam shoshmasdan, dastlab piyolaga quyib, oz-ozdan ichmaydi-ku, idishi bilan koʻtarib, qonib ichadi. Xuddi shunday... oʻsha payt koʻproq yurishni xohlagandekman, nazarimda... Xullas, tush vaqti. Hasharchilarga suvni berib, kombaynni oʻchirmanglar, ovqatni yevolinglar, oʻrilganlarini oʻzim tashlab turaman, dedim. Chang yuqmasin deb uzun xalat kiygan edim. Bir quchoq olib kombaynga tashladimu, ortimga burilishim bilan ilindi-da oʻlgur xalat. Bir marta jon holatda oyogʻimni tortganimni eslayman, shu bilan koʻzimni shifoxonada ochdim, — deydi Dilorom Yoʻldosheva. — Keyin aytishdiki, operatsiya toʻrt yarim soat davom etibdi, bir oyogʻim qolgan, lekin gangrena boʻlib ketmasligi uchun uni ham olib tashlashgan ekan… Bu voqeani eslasam, yuragim zirqiraydi, lekin nolimayman, Xudoga shirk keltirmayman. Sizgacha oʻnlab odamga shu hodisani tagʻin boshdan oʻtkazgandek qilib aytib berdim, bugun kuni boʻyi sarflashim kerak boʻlgan ruhiy quvvatim tugadi, chamamda.
Oyoqlarimdan ajralganimdan soʻng, qan-day aytsam ekan, tushkunlikka tushdim desam, toʻliq ochib berolmagan boʻlaman. Ogʻir kechdi, nihoyatda ogʻir… Yarim tunda, mehribon ovsinimning koʻzi ilingan payti hammasiga qoʻl siltab, ketvoraman deb turishga chogʻlanaman-u, oyoqlarim endi yoʻqligi esimga tushib qoladi… Dastlab qaysi devorga boshingizni urishni bilmay gangib qolasiz, keyin jazavangiz pasayadi, oʻrnini tumanli, etni junjiktiruvchi salqin kayfiyat egallab oladi — u jazavadan battar. Har kech taʼqib etadi, taslim boʻlishga chorlaydi…
Suhbatdoshimning holati asta-sekinlik bilan menga koʻchar ekan, uning xoʻrsinigʻi men his qila oladigan, koʻra oladigan tasvirlarda namoyon boʻla boshlaydi: yoʻl dala uzra oltin kalavadek choʻzilgan — havo dim, tevarak jizgʻanak boʻlib kuyib yotardi, yulduzlar lip-lip etib soʻnardi — havodan kuyindi hidi kelar, qoq oʻrtasidan yolgʻizoyoq yoʻl kesib oʻtgan dala tutab yotardi. Yoʻlda yalangoyoq ketayotgan barvasta gavdali odam tutunning achchigʻidan oʻpkasi uzilayotgandek tez-tez yoʻtalardi. Uning ikki qoʻlida vahmkor xalat tebranib borar, zarhal tugmalari soʻnayotgan yulduz shuʼlasida yarqirab ketardi. Xalatda kimdir jim, hatto ozgina jilmayish bilan atrofni tomosha qilib borardi — u Dilorom edi. Kech tushganiga ancha boʻlganiga qaramay, tuproq issiq, barvasta odam hansirab-hansirab, bazoʻr ketib borar — u yigʻlardi...
— Taʼsirchan boʻlib qolgandim. Har narsa koʻnglimga ogʻir botadigan paytlar edi. Shifoxonadan chiqib, uyga kelganman, hech ishga hafsala yoʻq, shiftga tikilib yotaman — oʻylayman, oʻylaganim sari ichim qorongʻiga toʻyinayotganini his qilaman. Orada menga mahalladanmi yoki tumandanmi kelib, birga rasmga tushib, aravacha sovgʻa qilib ketishdi. Oyoqlarim qaytib kelgandek xursand edim. Endi ozgina qiynalib boʻlsa-da, oʻzim harakatlana olaman, hovlini, havoni miriqib tomosha qilolaman, degandim. Ammo oʻn-oʻn besh kun oʻtar-oʻtmas, yana yoshroq kimdir keldi-da, aslida, mahalla teparogʻidagi momoga edi bu aravacha, sizga adashib berib yuborishgan, xafa boʻlmang, olib ketmasam boʻlmaydi, dedi. Ikkinchi bor oyoqlardan ajralgandek ogʻriq his qildim. Tagʻin siqilib qoldim.
Dilorom opaning barcha gaplarini aniq-tiniq eshityapman-u, xayolim men idora eta olmaydigan qudrat bilan kulrang boʻyoqlarda opaning horgʻin kayfiyatidan xona tiklar, uni shu xona ichiga qamar, to bardosh yetishiga ishonch hosil qilgun-ga qadar sharpa bilan yolgʻiz qoldirardi. Sharpa esa bu uzlat va osoyishtalikdan quvib chiqarmoqchiday edi. Bu makkor tush-kunlikning xizmatkori har safar xonasida vahima chirogʻini yoqqanda sharpa yana ham vahshiy, haybatli, betakror qoʻrquv manbai boʻlib tuyular, Dilorom esa uni xonadan haydab chiqarish uchun urinar-di. Uni koʻrganlar nega bunchalar ozib ketding, deya soʻrar, biroq ularga sharpa haqida hech narsa deya olmasdi, ammo rost-dan ham goʻyo qurib-qovjirashga yuz tutgan daraxtdek kunma-kun ozib-toʻzib borar, fikri parokanda, ichi boʻshab qolgan, u yer-dagi boʻshliqni sharpa vahimasiyu vasvasa-si toʻldirgandi…
— Yoʻq, yaqinlarimni ezadigan qaror qabul qilmadim, umuman, bu narsa haqida oʻylamaganman ham. Bunga haqqim yoʻq edi. Farzandlarim, erim, men uchun ku yib-pishayotganlar hurmati taslim boʻlgim kelmadi, — deydi denovlik tikuvchi. — Menimcha, hayot uchun kurash odamda yashashga qiziqishni qaytadan uygʻotadi. Qiziqish esa miltillab turgan umidni lov-lov yonuvchi ishonchga aylantirib beradi. Xul-las, oʻtgan ish uchun afsuslanishni bas qilib, amalga oshadigan rejalarni pi-shita boshladim: dastlab mahalladan, ular baraka topishsin, tikuv mashinasi soʻra-dim, bir ogʻiz yoʻq demadi, berishdi. Ishga shu darajada shoʻngʻib ketdimki, aynan ish meni tushkunlik toʻriga xoʻrak boʻlib qol-maslik uchun ermak, ulkan bahona boʻldi. Undan soʻng subcidiya asosida zamonaviy tikuv mashinasini kreditga olib, yoni-ga qoʻshdim. Nima tikishimga keladigan boʻlsak, qavilgan, paxtali choponlar, ke-lin koʻylaklar, bolalar kiyimchalari, xullas, qoʻlimdan kelgan hamma narsani tikib koʻraman, ishimdan zavq olaman… Ha, aytgancha, aytish esimdan chiqibdi, bu orada menga oʻzi yuradigan aravacha sovgʻa qilishdi. Rahbarlarga, eng quyi oʻrindan to davlatimiz rahbarigacha, mingdan-ming rahmat aytib qolaman. Mulozamat emas bu. Boshqa joylar haqida toʻliq tushunchaga egamasdirman, ammo ishonaman — bizdagi beminnat koʻmak, oʻzbekona mehr-muruvvat boshqa yerda topilmaydi. Odam taftini odam oladi, degan oddiy gapning hik-matini shu holimda juda chuqur anglab yetdim, boriga shukr qilib, javlon urib mehnat qilishda davom etdim. Qarashla-rimni ijobiy tomonga oʻzgartirishim bi-lan ishim oʻngidan kela boshladi, uyimga baraka qaytdi, xotirjamlikni his qila boshladim va bir narsani tushundim: siz qanday munosabatda boʻlishingizga qa-rab, yuz berajak hodisaga hikmatli yoki mudhish sifat qoʻyilar ekan. Agar koʻn-gilni keng qilib, eʼtiqodni mustahkam tutsangiz, oʻxshamagan yumushdan ham yaxshi nimadir kelaverishiga ishondim. Hatto men tanimaydigan odamlar necha yillardan beri haj ziyorati uchun yiqqan pulini shu yosh kelinga protez oyoq olib beraylik, savobi hajnikidan kam bщlmas deb oldimga taklif bilan kelganda yilab yuborganman.
Yaxshi odamlar atrofimda koʻp ekanidan quvonganman, chunki ulardan har tong quv-vat olaman — bu quvvat oʻrnini hech narsa bosolmaydi
Mana, ikki yil oʻtdi. Bugun shogird qizlarim bor, kichkina boʻlsa-da, tad-birkorlik ish oʻrni yaratishga harakat qildim. Shu ishni boshlayotganimda, daromadni emas, faqat bir narsani — chekka qishloqdagi boshqa ayollar, qizlar biydek dalada ketmon chopmasin, jazi-ramada falon soʻm topaman deb sogʻligʻi-ni yoʻqotmasin, ham salqin, ham qoʻl kir boʻlmaydigan joylarda ishlasin, ular ham bir kun mening ahvolimga tushib qolmasin deb ich-ichimdan xohlaganman. Amallar niyatga bogʻliq. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtdim, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ish boshladim, subsidiyadan foydalanib, tikuvchilik uchun xonani taʼmirlab ish boshladim. Natijasini men aytmasam ham internet yoki gazetadan oʻqib bilgan boʻlsangiz kerak.
Toʻgʻrisi, BBCdagi roʻyxatdan joy ol-gan Diloromdan koʻra meni bugungi sabr qilishga oʻrgangan, har nega qanoat qila oladigan, eʼtiqodi va ishonchini mus-tahkam tuta biladigan, nainki ertangi, balki bugungi kun uchun ham umid topa oladigan, ayni damda baxtli Dilorom koʻproq quvontiradi.
Baxtli Dilorom… Ayol tagʻin tasavvu-rimda, faqat bu safar yosh qizaloq koʻri-nishida jonlanadi. Sharpani haydash uchun u olis bolaligidan beri haligacha tark etmagan odatiga koʻra, devorga ul-kan qushning suratini chiza boshlaydi. U bu surat bilan oʻzining hali tirik-ligini va yashayotganini, oʻzini hali ham hayrat va shavq tark etmaganini sharpaga koʻrsatib qoʻymoqchi edi. Chizib boʻlguncha ulkan toshga ulkan qush aksini oʻyib sol gan haykaltaroshdek horib qoldi. Lekin bu horgʻinlik lazzatli va farogʻatli edi.
Qushning qanotlari parvozdagiday keng yoyilgan, koʻzlarida qatʼiyat va jasorat aks etardi, u shu uchishida butun Yer yuzini koʻtarib uchadigan shahdi bor edi goʻyo, uni parvoz va erkidan boshqa hech narsa qiziqtirmas, u hamma narsadan yuksak va baland edi. Uni hech kim Yer yuziga tortib tushirolmas, erkidan ayro qilolmasdi, yosh qizaloq — Dilorom qushga qoʻshilib, osmonlarda uchib yurardi. Yuksaklikda unga hech kim daxl qilolmas, vahm, qoʻrquv, turmush tashvishlari — hammasi pastda qolib ketgan, u oʻz orzularining qushiga aylanib qolganidan baxtiyor edi…
Aziz BAXTIYOR,
jurnalist