Mamlakatimizda davlat tilini qoʻllab-quvvatlash va targʻib etishga qaratilgan qator muhim chora-tadbirlarning amalga oshirilishi oʻzbek tilining xorijdagi ixlosmandlari tomonidan katta xursandchilik bilan qarshi olindi. Xususan, qardosh Turkiyada oʻzbek tilini oʻrganishga boʻlgan qiziqish yana-da ortdi va mahalliy tilshunoslarning oʻzbek adabiyotiga eʼtibori sezilarli oshdi.
Shu jumladan, joriy yil 29-oktyabr kuni Anqarada buyuk adib, Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmadning saylangan hikoyalari toʻplami turk tilida chop etildi. Loyiha buyuk oʻzbek adibi tavalludining 100-yilligi arafasida turk xalqi uchun munosib tuhfa boʻldi.
Loyiha Turkiy madaniyat xalqaro tashkiloti – TURKSOY koʻmagida amalga oshirildi. Toʻplamdan oʻrin olgan hikoyalar Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti va Anqara davlat universitetining tilshunos va adabiyotshunos olimlari hamkorligida turk tiliga tarjima qilindi.
Taʼkidlash joiz, Said Ahmadning saylangan hikoyalari toʻplami turk adabiyotshunoslari tomonidan munosib baholandi. Ular fikriga koʻra, Said Ahmad qalamiga mansub hikoyalar xalqchilligi va oddiy odamlar uchun tushunarli tilda yozilgani bilan eʼtiborga molik. Turkiya jamoatchiligi vakillari ushbu toʻplam turkiyalik kitobxonlar qalbidan joy olishiga ishonch bildirdi.
Turkiyada oʻzbek tili va adabiyotiga boʻlgan qiziqish yildan yilga ortib bormoqda. Bu, oʻz navbatida, turk tarjimonlarini oʻzbek adabiyoti namoyandalari asarlarini turk tiliga tarjima qilishga alohida eʼtibor qaratishga undamoqda.
Maʼlumot oʻrnida, yaqin kelajakda bu borada qator loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.