Sakkizinchi moʻjizalar uchun yarmarka

    Shoir ayolga bejiz sakkizinchi moʻjiza deb taʼrif bermagan. Chunki u moʻjizalar yaratuvchi va “qirqta jonli” xilqat. Ayol xohlasa, qoʻlidan hamma ish keladi. Qolaversa, ularsiz kunimiz oʻtmaydi. Ular bor uyimiz va ustu boshimiz but, koʻnglimiz toʻq, oʻzimiz xotirjam...

    Hozirgi dorilomon zamonda ayollarimiz barcha jabhada ilgʻor. Ayniqsa, ichki ishlar organlari tizimida ham ayol xodimalarimiz bisyor. Ular erkaklar bilan yelkama-yelka turib faoliyat koʻrsatishmoqda. Erishayotgan yutuqlari ham ancha salmoqli boʻlayapti. Misol tariqasida, yaqinda Buxoro shahrida oʻtkazilgan Ichki ishlar organlari harbiy xizmatchi ayollar va xodimalari oʻrtasidagi “Toʻmaris izdoshlari” tanlovning respublika bosqichini olaylik. Mazkur tanlovda 18 ta jamoa tarkibida 230 nafardan ortiq ichki ishlar organlari ayol xodimalari ishtirok etdi. Viloyat IIB vakilalari faol qatnashib, yuqori natijalarni qoʻlga kiritdi va umumjamoa hisobida uchinchi oʻringa loyiq koʻrildi.

    Ichki ishlar tizimida ishlash uchun har bir xodimga matonat va masʼuliyat talab qilinadi. Shular oqsaydigan boʻlsa, bilingki, oilada nimadir yuz bergan boʻladi. Oila notinchligi xodimning xizmat jarayoniga katta taʼsiri bor. Agar vaqtida chorasi izlanib oldi olinsa, yaxshi, albatta. Aks holda xodim oʻzgara boshlaydi. Avvalo oilasini hamma narsadan ustun qoʻyadi. Bir tomondan u ham haq. Tinch qulogʻim deb, roʻzgʻorini oʻylaydi va turmush oʻrtogʻining kemtikligini toʻldiradi. Buning uchun esa oʻzi sezmagan holda korrupsion holatda aralashib qoladi va eshagi suvdan oʻtgan “loʻlining” holiga tushadi. Fazilatlar kitobida yozilishicha: “...odamni oʻgʻrilik qilishga majbur qiladigan narsa nima? Hayotini yaxshilashga boʻlgan ehtiyojmi?” deyilgan. Bu gaplar yuqoridagi fikrimizni toʻldiradi. Agar uzumni xomtok qilmasangiz, u boʻy choʻzib boshqa niholu ekinlarga ziyon yetkazadi. Xuddi shunday taʼmagirlik ham oxir oqibat jarlik sari yetaklaydi.

    “Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi” qabul qilingach “xodimbay” ishlash uslubi amaliyotga joriy etildi. Bu esa bizga juda qoʻl keldi. Oʻrganishlar jarayonida aksariyat xodimlarning turmush oʻrtoqlari uyda, bola tarbiyasi-yu, pishir-koʻydir bilan kunlari oʻtayapti. Ular bilan suhbat jarayonida esa ishlash istagida boʻlganlari va tikuv mashinalariga ehtiyojlari borligi aniqlandi. Shu maqsadda boshqarma boshligʻi, podpolkovnik Ikromjon Tursunovning tashabbusi bilan Gʻijduvon tumanida mehnat yarmarkasi tashkil qilindi.

    Tadbirdan koʻzlangan maqsad tuman IIBda xizmat qilib kelayotgan xodimlarning oila aʼzolarini ish bilan taʼminlash va ularga maʼnaviy-psixologik yordam koʻrsatish boʻldi. Chunki oilada ishlamaydigan hamda ishlaydigan ayollar oʻrtasidagi farqning tafovuti kattaligini, koʻchada ishlayotgan ayol uyga nafaqat moddiy boylik va balki maʼnaviy ruhiy muhit olib kirishi, farzand tarbiyasi borasida ham, shuningdek, ayol kishini ishlasa har tomonlama foydali ekanligini hayot koʻrsatmoqda.

    Bizning tizimimizda ham xodimning oilasi tinch va xotirjamlik boʻlsa yoki ayollarimiz roʻzgʻoriga hissa qoʻshadigan boʻlsa bilingki, bu oilaning ustuni emin-erkin ishlaydi. Mabodo oilada kelishmovchilik yo yetar-yetishmovchilik boʻlib qolsa, oʻsha xodimning ishiga ham baraka boʻlmaydi. U xizmatini qoʻl uchida bajarib, roʻzgʻorini yoki turmush oʻrtogʻi xohishini bajarishga kirishadi. Tabiiyki, oʻz-oʻzidan bu holatda taʼmagirlik yuzaga keladi. Shuning uchun ayolning jamiyatga oʻz oʻrni va oilasiga foydasi tegadigan boʻlishi darkor.

    Gʻijduvon tumani hokimligi binosida oʻtkazilgan “Men jamiyatning faol aʼzosiman” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir va mehnat yarmarkasi shu jihati bilan alohida ajralib turadi. Unda tuman IIBda xizmat olib borayotgan xodimlarning 120 nafar turmush oʻrtoqlari va onasi taklif etildi.

    Tadbirning birinchi qismida tegishli tashkilotlar masʼullari oʻz maʼruzalari bilan chiqish qildi. Jumladan, viloyat hokimi oʻrinbosari –Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi Feruza Ibragimova, Buxoro tabiiy resurslarini boshqarish instituti ijtimoiy gumanitar va jismoniy madaniyat kafedrasi dotsenti, oliy toifali psixolog Abera Gadoyeva, Ishga marhamat monomarkazi servis va xizmat koʻrsatish boʻlimi boshligʻi Umida Rahmatova, AT Xalq banki Buxoro viloyat filiali ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha boshliq oʻrinbosari Nargiza Latipovalarning maʼruzalari tinglandi. Ularning maʼruzalari asosan oila qadriyati, ayollarga psixologik maslahatlar, ish bilan taʼminlashga tavsiyalar hamda davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlar xususida bordi. Shuningdek, ilgari surilayotgan ushbu ezgu tashabbus natijasida ichki ishlar organlari xodimlarining oilalarida qoʻshimcha daromad manbayi yaratilishi, ularning turmush oʻrtoqlari jamiyatning faol insonlariga aylanishlari mumkinligi alohida eʼtirof etildi.

    Bundan tashqari, jarayonda mutaxassislar tomonidan oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgan xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlar, imtiyozli kreditlar ajratish tartiblari, kasb –hunar egallash uchun mavjud oʻquv kurslari toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi. Shundan soʻng, namunali xizmat olib borayotgan bir guruh xodimlarning turmush oʻrtoqlariga boshqarma boshligʻining minnatdorchilik xati va qimmatbaho sovgʻalari topshirildi.

    Hayotda toʻgʻri kasb tanlash muvaffaqiyatli kelajakning garovidir. Chunki insonning aksariyat vaqti ish jarayonlarida oʻtadi. Shu sababdan ham kishi oʻzi uchun sevimli hunarni oʻrganishi, oʻzi yoqqan kasb bilan shugʻullanishi kerak. Xodimlarni qoʻllab-quvvatlash, ularni mehnat bilan band boʻlmagan oila aʼzolarini ish bilan taʼminlash yoki tadbirkorlikka yoʻnaltirish va hunar egallashlariga koʻmaklashish maqsadida tadbirning asosiy qismi, mehnat yarmarkasi oʻtkazildi. Yarmarkada tumandagi barcha korxona va tashkilotlar oʻzlarining boʻsh ish oʻrinlari bilan ishtirok etishdi. Shu bilan birga, oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgan xotin-qizlar uchun hunarmandchilik va zamonaviy texnikalar koʻrgazmalari ham tashkil etildi.

    Qisqasi, 20 nafar xodimning turmush oʻrtogʻi ishsiz boʻlsa-da, uyda bola tarbiyasi bilan shugʻullanadi, 14 nafar oila aʼzolari ishlash istagini bildirgan. Shundan 4 nafari shu yerning oʻzida ish bilan taʼminlandi. Yana 3 nafariga tadbirkorligini yoʻlga qoʻyish uchun subsidiya asosida tikuv mashinalari taqdim etildi.

    Avazbek INOMOV,

    Buxoro viloyati IIB boshligʻining oʻrinbosari,

    Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan

    taʼminlash xizmati boshligʻi, podpolkovnik.