Davlatimiz rahbari yaqinda Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida Oqoltin tumanidagi zamonaviy oilaviy poliklinika faoliyati bilan tanishib, odamlarni sog‘lom turmush tarziga odatlantirish borasida takliflar berdi.
Prezidentimizning yaqinda e’lon qilingan “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ham sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inini takomillashtirish hamda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “To‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollik orqali qanchadan-qancha kasalliklarning oldini olish, insonlar hayotini saqlab qolish mumkinligini barcha tushunishi kerak”, deya ta’kidladi.
Kasalliklarning oldini olish, gipodinamiya-kamharakatlikka qarshi ommaviy kurashish, aholi keng qatlami, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish salomat bo‘lish va uzoq umr ko‘rishning muhim omillaridan sanaladi.
Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti valeologiya kafedrasi mudiri, O‘zbekiston valeologlar uyushmasi raisi, tibbiyot fanlari doktori, professor Shuhrat Ergashev bilan suhbatimiz shu mavzuda bo‘ldi.
— Respublikamizda valeologiya maktabiga asos solgan yirik olim sifatida bu soha haqida kengroq ma’lumot bersangiz. Valeologiya o‘zi nima? Umuman, bu fanning yuzaga kelishiga nima sabab bo‘lgan?
— Valeologiya — bu mustahkam salomatlik, ya’ni sog‘lom, jismoniy va aqlan yetuk avlodni voya yetkazish ustida qayg‘urish hamda barakali umr ko‘rish demakdir. Hozir insonlarning sog‘lig‘iga putur yetkazadigan, umrini qisqartiradigan ayrim ekologik muammolar, xalq va qishloq xo‘jaligida kimyoviy zararli moddalarning gigiyenik me’yordan ortiqcha qo‘llanishi turli yuqumli va boshqa kasalliklarning rivojlanishiga zamin yaratmoqda. Valeologiya fanining asosiy maqsadi esa insonni har xil xastaliklardan asrash, sog‘lomlashtirishga qaratilgan.
Bu fanning ildizi juda qadimga borib taqaladi va bevosita tibbiyotning rivojlanishi bilan bog‘liq. “Avesto”da “Tibbiyot — bu tanani sog‘lom holatda saqlash san’atidir”, deb yozilgan. O‘sha davrdayoq shaxsiy va jamoat gigiyenasining qat’iy qoidalari belgilab berilgan. Ichimlik suv, yashash xonalari va aholi turar joylarining holatiga katta e’tibor qaratilgan.
Davolash tibbiyoti ilmiy fan sifatida taraqqiy topmagan davrlarda, asosan, organizmning ichki imkoniyatlariga e’tibor qaratilgan. “Avesto”, xitoyliklarning “Kong-fu”, hindistonliklarning “Ayurveda” kitobida salomatlik va sog‘lomlashtirish masalalari har tomonlama yoritilgan. Masalan, “Ayurveda”ning asosiy tamoyili inson ongining tanaga ta’sir o‘tkazishiga asoslanadi. Kasallikdan xalos bo‘lish odamning o‘z ongi bilan muloqotga kirishib, uni muvozanatga keltira olishiga bog‘liq. Ushbu qadimgi tizimlar aslida valeologiyaning fan va ilm sifatidagi asosini tashkil etadi. Mazkur fan kasallikni davolash emas, balki sog‘liqni saqlash va mustahkamlash, shuningdek, salomatlikni muntazam qo‘llab-quvvatlash uchun organizmning zaxira imkoniyatlaridan foydalanishni o‘rgatadi.
Buyuk vatandoshimiz Abu Ali ibn Sinoning mashhur “Tib qonunlari” asari salomatlikni saqlash va mustahkamlash g‘oyalari asosida yozilgan. Alloma insonlar o‘zini o‘rab turgan atrof-muhit bilan muloqotda bo‘lishini va tashqi muhit omillari, o‘z navbatida, uning salomatligiga ta’sir qilishini ta’kidlab o‘tgan. Ulug‘ hakim salomatlikni saqlashda jismoniy faollik muhimligini alohida qayd etib, tartibli hayot tarzi omili sifatida jismoniy mashqlar, ovqatlanish tartibi va uyquni qayd etgan. U bunday yozadi: “Me’yorida va o‘z vaqtida jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanadigan inson hech qachon davolanishga muhtoj emas”.
Tibbiyot fani ulkan yutuqlarga erishgan bugungi kunda ham olim qoldirgan tavsiyalar, u yaratgan “Tib qonunlari” uzoq asrlardan buyon insoniyatga xizmat qilib kelayotgani bejiz emas. Zero, inson salomatligini saqlashda individual yondashuv zarurati hamda organizm imkoniyati va zaxiralarining ahamiyati nechog‘li muhimligini bugungi kun ham ko‘rsatib turibdi.
— Ko‘pchilik o‘zining salomatlikka umidini aynan tibbiy omil bilan bog‘laydi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tahliliga ko‘ra, inson salomatligiga ta’sir etuvchi omillar orasida tibbiy ta’minot atigi o‘n foizni tashkil etadi. Shubhasiz, uzoq va salomat yashashning asosiy sharti tibbiy madaniyat hamda sog‘lom turmush tarziga rioya etishdir. Shu bilan birga, organizmning zaxira imkoniyatlarini o‘rganish, o‘z salomatligiga malakali munosabatda bo‘lishning bu borada ahamiyati beqiyos. Shunday emasmi?
— Tansihatlikni saqlash muammosi qadimdan olimlarning e’tiborini tortib kelgan. Mavjud aksariyat usullar organizmning funksional imkoniyatlarini aniqlashga asoslangan.
Har bir odam o‘ziga xos. Xastalikka chalinish hammada har xil kechadi. Buni e’tiborga olgan holda insonning mijozi, jismoniy va ruhiy holati, fe’l-atvori, yashash va ishlash sharoiti, nimaga qiziqishi, sog‘lig‘i chuqur o‘rganilib, unga alohida maslahat hamda tavsiyalar berish lozim.
Kafedramiz mutaxassislari salomatlik darajasini aniqlash bo‘yicha markaziy poliklinikalardan birida innovatsion grant asosida izlanish olib bordi. Valeologlar matematik olimlar bilan hamkorlikda izlanishlar natijalarini kompyuter bazasiga kiritib, salomatlik indeksini aniqlashga qaratilgan dastur tayyorladi. Unga har bir odamga tegishli ma’lumotlar joylashtiriladi. Turmush tarzining ko‘p qirrali tomonlarini kompleks baholash va erta o‘lim xavfi omillarini qidirish jarayonida hayot sifatini aniqlovchi anketadan foydalaniladi. Insonning moddiy ta’minoti, turar joy sharoiti, hudud ekologiyasi, yashash sharoitidan qoniqishi, oilaviy munosabatlari, ratsional ovqatlanish madaniyati, dam olish xususiyatlari, kundalik jismoniy yuklamalar, ma’naviy dunyosi, stresslar darajasi, zararli odatlar, kasallikka nasliy moyillik va yashash geografiyasidan qoniqishi 25–30 daqiqa davomida aniqlanadi. Demak, u salomatlik indeksi asosida individual sog‘lomlashtirish dasturiga ega bo‘ladi. Endi bu insonga salomatligini saqlash va kasallikning oldini olish yuzasidan maslahatlar beriladi.
— Bu dastur insonning ichki imkoniyatlarini yanada kuchaytirishi va umrini uzaytirishida samara berar ekan-da?
— Albatta. Sog‘lom turmush tarzi to‘rtta alohida dasturdan iborat. Birinchisi, oqilona ovqatlanish. Har bir kishi kuniga besh mahal, o‘z vaqtida va to‘g‘ri ovqatlanishi shart. Ikkinchisi, jismoniy harakat. Har bir kishi o‘zi uchun jismoniy harakat dasturiga ega bo‘lishi lozim. Organizm holatiga qarab, kimgadir har kuni piyoda yurish, kimgadir suzish tavsiya qilinadi.
Uchinchisi, ruhiy-hissiy salomatlik. Bu o‘rinda har bir sog‘lom kishi individual antistress dasturdan foydalanadi. Dasturga asosan, odamning his-tuyg‘ulari qattiq nazorat qilinadi. Uning nimadan hayajonlanishi yoki qanday ishlarni bajarsa kamroq ruhiy zo‘riqishi aniqlanadi va bularni e’tiborga olgan holda foydali tavsiyalar beriladi.
To‘rtinchisi, reproduktiv salomatlik. Bu dasturga asosan, ayollar homilador bo‘lishidan oldin sog‘lig‘i har tomonlama tekshiriladi. Farzand ko‘rish vaqti, umri mobaynida nechta farzand ko‘rishi mumkinligi haqida tavsiyalar beriladi.
— Sog‘lom turmush tarzini shakllantirishning mohiyatini tashkil etuvchi asosiy omillardan biri ratsional ovqatlanishdir, dedingiz. Bugungi kunda oziq-ovqat mahsulotlari turining ko‘payib borayotgani, oziq-ovqat sanoatida genni o‘zgartirish texnologiyalari qo‘llanishi va boshqa sabablar tufayli sog‘lom ovqatlanish tushunchasiga putur yetayotgandek. Ayting-chi, ratsional ovqatlanishning valeologik tamoyillari nimalardan iborat?
— To‘g‘ri ovqatlanish iste’mol qilingan va sarflangan quvvat o‘rtasidagi muvozanat bilan ifodalanadi. Bir kunlik o‘rtacha ovqat iste’molidan hosil bo‘lgan energiyaning asosiy qismi kun davomida sarflanishi lozim. Jismoniy harakat hamda kasbiy mehnatni hisobga olgan holda kaloriyali taomlar iste’mol qilish, ovqatlanish me’yoriga qat’iy rioya etish lozim. Sarflangan quvvat o‘rni to‘ldirilmasa, ya’ni ovqatlanish me’yori buzilsa, odam yo kuchsizlanadi, yo semirib ketishi mumkin. O‘z vaqtida vitamin va minerallarga boy, sifatli taomlar bilan oziqlangan kishining kayfiyati chog‘, o‘zi bardam bo‘lib yuradi. Bu uning hayot tarzi, oilasi va kasb-koriga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ovqatlanish oralig‘i 3-4 soatdan oshmasligi, ozuqani kam miqdorda iste’mol qilish va juda to‘yib ketmaslik, ovqatdan yengil ishtaha bilan turishga odatlanish lozim. Kun davomida ovqatni bir xil tartibda yeyish maqsadga muvofiq. Shoshilib ovqatlanganda odam ehtiyojiga nisbatan ko‘p tanovul qiladi. Chunki markaziy asab tizimiga to‘qlik hissi sekin yetib boradi. To‘qlik hissi qondagi glyukoza va aminokislotalar yetarli darajaga yetganda paydo bo‘ladi.
Inson organizmining me’yoriy hayotiy faoliyati uchun oqsil, yog‘ va uglevodlarning, vitamin va mineral moddalarning muayyan miqdordagi nisbati lozim. Shuning uchun ovqatlanish tartibini belgilashda ozuqalarning birikmalariga e’tibor qaratilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini tekshirish, sanitariya-gigiyena talablariga javob berishiga aniqlik kiritish juda muhim. Iste’mol qilinayotgan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini o‘rganish har bir fuqaroning vazifasi bo‘lishi lozim.
Vazn me’yorida bo‘lishiga erishish, ortiqcha va tartibsiz, palapartish ovqatlanishga chek qo‘yish, kerakli miqdordagi oqsil, yog‘, uglevod, mineral modda va vitaminlarga boy taomlarni iste’mol qilish salomatlikning muhim omillaridan sanaladi.
— Jismoniy mashqlarning ahamiyati xususida ham to‘xtalsangiz.
— Nima uchun jismoniy mashqlarni bajarish kerak? Eng muhim sabab — bu hayot sifatini oshirishdir. Mashqlar va har qanday jismoniy faollik nafaqat stresslarni bartaraf etadi, balki organizm holatini yaxshilab, yashash davomiyligini uzaytiradi.
Bundan tashqari, jismoniy faollik uchta sabab bo‘yicha tana vaznini nazorat qilishning muhim jihati hisoblanadi: organizmdagi kaloriyani sarflash evaziga vaznning kamayishini tezlashtiradi, organizmda to‘plangan yog‘ qatlamining o‘zlashtirilishiga yordam beradi va mushak og‘irligini ko‘paytiradi, diqqatni ovqatdan jismoniy faollikka yo‘naltiradi.
So‘nggi yillardagi tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, to‘g‘ri ovqatlanish nafaqat ortiqcha vaznni kamaytiradi, balki arterial qon bosimini tushiradi. Qondagi qand miqdorini kamaytiradi. Bu diabetga chalingan bemorlar uchun juda muhim. Shuningdek, yurak-qon tomir tizimini mustahkamlaydi, erta qarishning oldini oladi hamda miokard infarkti va insult kabi og‘ir kasalliklarni bartaraf etadi.
— Dunyoni xavotir va tahlikaga solgan pandemiya tahdidi bizni hali tark etgani yo‘q. Valeolog sifatida kasallikdan saqlanish borasida qanday tavsiyalar berasiz?
— Hozir sog‘lom turmush tarzi, valeologik tamoyillarga qat’iy rioya qilish har qachongidan muhim. Organizmning zaxira imkoniyatlarini oshirishimiz kerak. Bir kecha-kunduzlik bioritmni hisobga olgan holda o‘z mehnat qobiliyatini tartibga solish, dam olish va uyqu vaqtini to‘g‘ri tashkil qilish, sifatli va oqilona ovkatlanish, gipodinamiya-kamharakatlikka yo‘l qo‘ymaslik — mustahkam sog‘liq garovi. Organizmning jismonan, ruhan, hissiy, intellektual baquvvat bo‘lishi kasallikka chalinmaslik yoki uni yengil o‘tkazishda muhim ahamiyatga ega.
Albatta, shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish shart. Qo‘llarni tez-tez sovunlab yuvish, ijtimoiy masofa saqlash, zarurat bo‘lmasa, odamlar gavjum joylarga bormaslik kerak. Sog‘lom turmush tarzi orqali inson o‘zini va yaqinlarini COVID-19 yoki boshqa virusli infeksiyalardan himoya qiladi.
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri
Risolat MADIYEVA suhbatlashdi