Samarqand viloyatida «Smart mahalla» axborot dasturi ishga tushdi

    Raqamlashtirish 14 Oktabr 2021 2174

    Ichki ishlar vazirligi tomonidan “Smart mahalla” mobil axborot tizimining biznes jarayonlari, algoritmlari hamda dasturlari ishlab chiqilib, Samarqand va Toshkent viloyatlarining sektor shtablari, mahalla idoralari, huquq-tartibot maskanlari va aholi demografiyasi haqidagi ma'lumotlar bazalari shakllantirildi.

    Shu bilan birga, maʼlumotlar aktualligini taʼminlash maqsadida “Smart mahalla” mobil axborot tizimi Ichki ishlar vazirligining sohaviy xizmatlari, shuningdek Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda Davlat kadastrlari palatasining axborot tizimlari bilan integratsiya qilindi.

    Fuqaro (foydalanuvchi) oʻzi istiqomat qiluvchi mahalla kesimida “Smart mahalla” mobil axborot tizimida roʻyxatdan oʻtganidan soʻng, unga tizimning quyidagi funksiyalaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi:

    Jumladan, “Mening mahallam” menyusida mahalla raisi, mahalla demografik maʼlumotlari va biriktirilgan sektor rahbari, shuningdek mahalla idorasi va sektor shtabining geojoylashuvi haqidagi maʼlumotlarni olish, sektor faoliyatiga baho berish;

    “Mening inspektorim” menyusida mahalla profilaktika inspektori haqidagi asosiy maʼlumotlarni va huquq-tartibot maskanining geojoylashuvi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish, shuningdek profilaktika inspektoriga baho berish;

    “Hudud geo-xaritasi” menyusida sodir eʼtilgan yoʻl-transport hodisalari, maʼmuriy huquqbuzarliklar va jinoyatlar haqidagi maʼlumotlarni hududlar kesimida, davr oraligʻida kuzatish;

    “Davlat organlariga murojaat” menyusidagi havolalar orqali davlat organlarining saytlarini yuklab, zaruriy axborotlar bilan tanishish va ushbu organlarga oʻrnatilgan tartibda murojaat yoʻllash;

    “Qidiruvdagi va bedarak yoʻqolgan shaxslar” menyusida huquq-tartibot organlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qidiruv eʼlon qilingan va bedarak yoʻqolgan deb topilgan shaxslar haqidagi soʻnggi maʼlumotlarni koʻrish;

    “Sektorga murojaat” menyusi orqali sektor tomonidan koʻrib chiqishga vakolat berilgan masalalar yuzasidan murojaat yuborish hamda koʻrib chiqish natijasini kuzatib borish;

    “Bolani masofadan nazorat qilish” menyusida ota-onalarga taʼlim muassasalarining turniket, GPS-treker va kuzatuv kameralari tizimlariga ulangan holda farzandlarini nazorat qilib borish;

    “Mening hujjatlarim” menyusida foydalanuvchiga tegishli shaxsni tasdiqlovchi (mashinada oʻqitiluvchi maydon hamda NFC qurilmaga ega hujjatlar) va boshqa hujjatlarni (ID-karta, manzil varaqasi, pasport nusxasi, haydovchilik guvohnomasi, sugʻurta polisi va boshqalar) Ichki ishlar vazirligining tegishli maʼlumotlar bazalariga murojaat qilgan holda olish, ularni dasturning serverdagi xotirasida saqlash, turli qurilmalar orqali roʻyxatdan oʻtib yuklash hamda davlat xizmatlaridan foydalanish jarayonida real vaqt davomida taqdim etish;

    “SOS” menyusi “101”, “102”, “103”, “104”, “1050” va “1173” qisqa raqamlariga shoshilinch xabar yoʻllash, shuningdek “102” tizimi orqali murojaat ijrosi doirasida jalb etilgan kuch-vositalarni joylashuvi va hodisa joyiga qarab harakatlanishini real vaqt davomida kuzatib borish.

    “Smart mahalla” mobil ilovasining ishlash printsipi ochiqlik siyosatini yuritishga, fuqarolarning tegishli davlat organlariga murojaat qilishlaridagi jarayonlarni maksimal tarzda avtomatlashtirishga qaratilgan.

    “Smart mahalla” mobil ilovasi aholiga sektorlarga masofadan turib murojaat yuborish va uni koʻrib chiqish jarayonini kuzatib borish, mahalla raislari, sektor rahbarlari va profilaktika inspektorlari bilan oʻzaro tezkor muloqotni yoʻlga qoʻyish, sektor rahbarlari
    va profilaktika inspektorlari faoliyatiga baho berish kabi imkoniyatlar bilan bir qatorda, davlat idoralarining ochiq maʼlumotlar resurslaridan tezkorlik bilan foydalanishda qulayliklar yaratadi.

    “Smart mahalla” axborot dasturini dastlabki versiyasini ishlab chiqish moliyaviy harajatlarsiz, Ichki ishlar vazirligining ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshirildi.

    Farmonda “Smart mahalla” axborot dasturini 2021-yil 1-iyunga qadar Toshkent va Samarqand viloyatlarida sinov rejimida, joriy yil yakuniga qadar esa respublikaning barcha hududlarida tatbiq etish belgilangan.

    Hozirda “Smart mahalla” axborot dasturining boshlangʻich versiyasi tayyorlanib, Samarqand va Toshkent viloyatlarida sinov taʼriqasida joriy etildi.

    Izoh: bugungi kunga qadar davlat organlariga, shu jumladan ichki ishlar organlariga mobil ilova orqali murojaat qilish va organ xodimlari faoliyatini baholash, shu bilan bir qatorda yoʻl-transport hodisalari, maʼmuriy huquqbuzarliklar, jinoyatlar, qidiruvdagi va bedarak yoʻqolgan shaxslar xaqida real vaqt davomiyligida maʼlumotga ega boʻlish imkoniyati mavjud boʻlmagan.

    Quyidagi ilova orqali yuklab olish mumkin: Google Play – Smart mahalla