Samarqand viloyatining iqtisodiy rivojlanishini yana-da ragʻbatlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab olindi

    Mamlakatimizda 19 Aprel 2021 596

    Joriy yil 17-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.Umurzakov vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari bilan Davlat rahbari Samarqand viloyatiga 15-16-aprel kunlari amalga oshirgan tashrifi chogʻida bergan koʻrsatmalarining ijrosi doirasidagi ustuvor vazifalarni, shuningdek, viloyatda investitsiyaviy, sanoat va eksport faoliyatini yana-da ragʻbatlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni muhokama qildi.

    Hududiy investitsiya dasturi ijrosi oʻrganildi – mutasaddi rahbarlarga tadbirkorlar oldida turgan muammoli masalalarni aniqlash va zudlik bilan ularni hal etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar koʻrish maqsadida barcha tasdiqlangan loyihalar inventarizatsiyasini oʻtkazish topshirildi.

    Shuningdek, eng istiqbolli tarmoqlarda hudud sanoatini rivojlantirishni ragʻbatlantirishga qaratilgan yangi loyihaviy takliflarni ishlab chiqish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Samarqand viloyatida bunday tarmoqlar toʻqimachilik, oziq-ovqat va elektrotexnika sanoati, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, mashinasozlik, metallurgiya, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarini iboratdir. Mazkur tarmoqlar salohiyatidan samarali foydalanish qisqa vaqt ichida viloyat iqtisodiy koʻrsatkichlarining sezilarli darajada oshishiga erishish imkonini beradi.

    Shu bilan birga, ishlab chiqarish hajmini oshirish, eksport salohiyatini yuksaltirish va yangi ish oʻrinlari yaratishni nazarda tutgan holda, ishlab chiqilgan loyihalarning barcha texnik-iqtisodiy parametrlarini, jumladan, yer, infratuzilma, kredit resurslariga boʻlgan ehtiyojni, shuningdek, ularni amalga oshirishdan kutilgan iqtisodiy natijalarni loyihaoldi tayyorgarlik bosqichida puxta tahlil qilish zarurligi taʼkidlandi.

    Investitsiyaviy loyihalarning amaliy ijrosini jadallashtirish va oʻz vaqtida ishga tushirilishini taʼminlash maqsadida ularning tashabbuskorlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi mexanizm va manbalarini topish borasidagi saʼy-harakatlarni faollashtirish zarurligi taʼkidlandi.

    “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining resurs va infratuzilma imkoniyatlarini tahlil etish, yangi “oʻsish nuqtalari”ni aniqlash va yangi, ilgʻor innovatsion texnologiyalar asosida yuqori qoʻshimcha qiymatga ega yuqori texnologiyali mahsulotlar yaratishga qaratilgan hamda yuqori foyda keltiruvchi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish orqali EIZ salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish vazifalari koʻrib chiqildi. Ichki va tashqi bozorlarda bunday mahsulotlarning ayrim turlariga boʻlgan ehtiyojni xolisona baholanishi bir vaqtning oʻzida mahalliylashtirish darajasini oshirish, mahalliy korxonalar va aholining ommabop tovarlarga boʻlgan talabini qondirish hamda eksport salohiyatini sezilarli darajada oshirish imkonini berishi qayd etildi.

    Eksportchilar bilan tezkor ishlarni faollashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlariga hududning har bir eksportchisiga xodimlarni biriktirishni taʼminlash topshirildi. Masʼullar vazifalariga joylarga bevosita chiqib, korxonalar faoliyatini oʻrganish, mavjud muammolarni aniqlash, ularni hal qilish boʻyicha choralarni koʻrish, shuningdek, ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish uchun yangi imkoniyatlarni izlash kiradi.

    Muhokama yakunida mutasaddi rahbarlarga qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha muddatlari belgilangan aniq koʻrsatmalar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.