Bu yilgi mavzu (Investing in Resilience) “Iqtisodiy chidamlilik va barqarorlikka investitsiyalar kiritish”, deb nomlandi.
Uch kun ichida Samarqand 73 ta davlatdan 2 000 dan ortiq mehmonni qabul qiladi. Ular orasida xorijiy hukumatlar vakillari, transmilliy korporatsiyalar rahbarlari, xalqaro moliya institutlari va banklari rahbarlari, iqtisodiyot, investitsiyalar, moliya va texnologiyalar sohasidagi taniqli ekspertlar, jahonning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari bor.
Yigʻilish doirasida 50 dan ortiq panel muhokamalar, hamkorlik sessiyalari, yuqori darajadagi tadbirlar, matbuot anjumanlari, Bankning institutsional tadbirlari va boshqa iventlar oʻtkaziladi. Xalqaro savdo, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash, bozorlarni kengaytirish uchun raqamlashtirishning ahamiyati, YeTTBning “Yashil shaharlar” dasturini amalga oshirish, mintaqaviy iqtisodiyot istiqbollari — muhokama etiladigan masalalar qatoridadir.
Tadbir doirasida biznes-forum, bir qator investitsiya bitimlari va shartnomalari imzolanadi. Birinchi kunning oʻzidayoq “Oʻzsanoatqurilishbank” va YeTTB oʻrtasida moliyalashtirish liniyasini jalb etish boʻyicha Bitim, YeTTB va Mastercard inklyuziv oʻsish markazi oʻrtasida Memorandum, shuningdek, YeTTB va ACWA Power oʻrtasida imzolash marosimi rejalashtirilgan.
Bu hali boshlanishi. Maʼruzachilar taʼkidlaganidek, tasdiqlanishi rejalashtirilgan hujjatlar ahamiyati, shuningdek, yuqori darajadagi mehmonlarning tadbirda ishtirok etishi xalqaro hukumat va sarmoyaviy doiralarning Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan muvaffaqiyatli institutsional islohotlar va oʻzgarishlarga boʻlgan ishonchining oshishidan, mamlakatimizni koʻproq oʻrganish va unga yaqin boʻlish istagidan dalolat beradi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.