Samarqandda sayohat jurnalistikasi fakul`teti ochiladi

    Turizm 12 May 2020 2225

    Ma'lumki, Prezidentimiz tomonidan 2018 yil 28 iyun` kuni “Ipak yo'li” turizm xalqaro universitetini tashkil etish to'g'risidagi qaror qabul qilingan edi.

    Unga muvofiq, “Ipak yo'li” turizm xalqaro universiteti Samarqand shahrida tashkil etilib, u turizm sohasida yuqori malakali, professional kadrlarni tayyorlash bilan shug'ullanadi. O'tgan 2018/2019 o'quv yilida universitet bakalavriatiga qabul qilish kvotasi 125 kishi, jumladan davlat grantlariga ko'ra 42 kishi etib belgilandi.

    Mazkur “Ipak yo'li” turizm xalqaro universitetida 2020/2021 o'quv yilidan Travel journalism fakul`teti ochiladi. Jurnalistika sohasida ushbu yo'nalish yangi bo'lib, O'zbekistonda hali bu sohada kadrlar tayyorlash yo'lga qo'yilmagandi.

    Turli mamlakat va xalqlarning tarixi, madaniyati, turmushi, mashhur qadamjolari va shaxslari, hatto milliy oshxonalarning o'ziga xosligini yoritadigan soha Travel journalism, ya'ni sayohat jurnalistikasidir.

    Ushbu fakul`tetning ochilishidan ko'zlangan maqsad, sayohat jurnalistikasi sohasida kadrlar tayyorlansa, O'zbekistonga sayyohlarning tashrif buyurishi ortadi.

    – Bugun Travel journalism nafaqat bosma ommaviy axborot vositalari sahifalarida, balki internet, televidenieda ham rivojlanib bormoqda, – deydi universitetning jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi boshlig'i Nargiza Abduvohidova. – Texnologiyalarning rivojlanishi va auditoriyani axborotlashtirish usullari kengayishi sayohat jurnalistikasining keng taraqqiy etishiga yordam berdi. Dasturlarning ba'zilari hajmli shoularga aylanib, turli mamlakatlar madaniyati haqida qiziqarli ma'lumotlarni etkazmoqda, ular uchun ijobiy turistik imidj yaratmoqda.

    Travel journalism ta'lim yo'nalishi doirasida, respublikamizda ilk bor talabalarda sayohatchilik jurnalistikasi sir-asrorlari ochilgan holda O'zbekistonning ijobiy turistik imidjini yaratish ko'nikmalari shakllantiriladi.

    Mazkur ta'lim yo'nalishi kelgusida mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari sohasi uchun jurnalist kadrlar, shu jumladan, yuqori malakali, bir necha xorijiy tillarni mukammal biladigan professional xalqaro jurnalistlar hamda ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash bo'yicha etakchi sohaga aylanadi.

    Universitetda Travel journalism yo'nalishining ta'lim dasturini o'zlashtirishning normativ muddati - bakalavriat ta'lim yo'nalishida 4 yil, magistratura ta'lim yo'nalishida 2 yilni tashkil etadi.

    Gulsum SHODIEVA