Samarqand MDH davlatlari orasida birinchi bo‘lib BMTning nufuzli konferensiyasiga mezbonlik qilmoqda

    Joriy yilning 12–17-fevral kunlari Samarqand shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha konferensiyasi bo‘lib o‘tadi.

    Bugun, 12-fevral kuni “Ipak yo‘li” kongress-xollda ushbu nufuzli konferensiyaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir konvensiyasi Tomonlar konferensiyasining 14-yig‘ilishi ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatini Bosh vazir Abdulla Aripov o‘qib eshittirdi.

    Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir konvensiyasi 1979-yilda Bonnda (Germaniya) imzolangan va 1983-yilda kuchga kirgan. Konvensiyaga 133 davlat a’zo. O‘zbekiston Konvensiyaga 1998-yil 1-sentyabrda qo‘shilgan.

    Bunday nufuzli tadbir ilk bor Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi xususan, Markaziy Osiyo davlatlari orasida aynan O‘zbekistonda o‘tkazilishi tarixiy ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidlash lozim.

    Shuning uchun ham ushbu tadbir xalqaro ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi, unda qatnashish uchun 130 dan ortiq davlatdan 1 800 ga yaqin ishtirokchilar qatnashmoqda.

    Tadbirda BMT kotibining o‘rinbosari, Atrof-muhit dasturi ijrochi direktori I.Andersen, Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi bosh direktori G.Agilar, Global ekologik fond raisi va bosh direktori S.Rodriges, Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini muhofaza qilish bo‘yicha Konvensiyasi Ijrochi kotibi E.Frenkel, Bioxilma-xillik to‘g‘risidagi Konvensiyasi ijrochi kotibi D.Kuper, Jahon bankining Atrof muhit, tabiiy resurslar va moviy iqtisodiyot bo‘yicha global direktori V.Xikki, shuningdek, konvensiyada ishtirok etuvchi mamlakatlar atrof-muhitni muhofaza qilish vazirlari, xalqaro ekologik bitimlar kotibiyatlari va yetakchi ilmiy doiralar rahbarlari ishtirok etmoqda.