Tibbiyot xodimlari kuni» doirasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi

    Shu yilning 11-12-noyabr kunlari Turizmni rivojlantirish instituti, Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti hamda “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali hamkorligida “Tibbiyot xodimlari kuni” doirasida “Globallashuv sharoitida tibbiyot turizmi — muammolar, istiqbollar va innovatsiyalar” mavzusidagi II xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi.

    Konferensiyada koʻplab xalqaro ekspertlar, 20 dan ortiq xorijiy olimlar, yurtimizdan 150 dan ortiq sohaning taniqli professor olimlari, doktorantlar, tadqiqotchilar ishtirok etdi.

    Ushbu anjuman globallashuv sharoitida tibbiy turizmni rivojlantirishning asosiy muammolari va istiqbollarini muhokama qilish, tibbiy turizmda xizmatlar sifatini oshiradigan va tibbiy yordam olish imkoniyatlarini kengaytiruvchi innovatsion yondashuvlarni baholash, tibbiy turizm, jumladan, infratuzilmani rivojlantirish, xizmatlarni standartlashtirish va bemorlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha xalqaro va ilgʻor tajriba almashish, tibbiy turizmning raqobatbardoshligini oshirish va barqaror rivojlantirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida tashkil etildi.

    — Xabaringiz bor yaqinda Prezident qarori bilan Tibbiy va sogʻlomlashtirish turizmini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlari belgilangandi, — deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi professori Gulnora Xudayqulova. — Unga koʻra, “Tibbiy xizmatlar mehmondoʻstligi« («Medical service hospitality”) dasturini amalga oshirish, davlat va xususiy tibbiyot muassasalari, shuningdek sanatoriylar va pansionatlar tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini monitoring qilish tizimini joriy etish, «konsalting – diagnostika – davolash – turoperator – transport – tibbiy tarjimon” xizmatlarini birgalikda koʻrsatadigan tibbiy turizm klasterlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish va ularni ragʻbatlantirish mexanizmlarini joriy etish, “Ibn Sino” nomi ostida tibbiy va sogʻlomlashtirish turizmi brendini ishlab chiqish va uni doimiy ravishda ilgari surish, toifalarga (yulduzlarga) ega boʻlgan mehmonxona tipidagi sanatoriylar faoliyatini yoʻlga qoʻyish va ularni sertifikatlash tizimini joriy etilishi koʻzda tutilgan.

    Shuningdek, anjumanda Respublikamiz, hamdoʻstlik mamlakatlari va xorijiy mamlakatlar olimlaridan, ilmiy tadqiqotchilardan 200 dan ortiq ilmiy maqolalar kelib tushdi hamda ularning 100 tasi qabul qilindi.


    Hamkorlik materiali