2022-yil 10-sentyabr kuni Sammit ishtirokchilari Senat Raisi Tanzila Narbayeva hamorohligida koʻhna va hamisha navqiron Samarqand shahriga tashrif buyurishdi.
Kunning birinchi yarmida sammit qatnashchilari “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazida boʻlib, markazdan oʻrin olgan “Boqiy shahar” majmuasi bilan yaqindan tanishdi. Qadimiy va navqiron Samarqand bagʻrida qad rostlagan mana shunday zamonaviy, ulugʻvor meʼmoriy majmua barchada oʻzgacha taassurot qoldirdi.
Shundan soʻng, mehmonlar Koni Gil merosi markaziga borib, Samarqand qogʻozlari ishlab chiqarilish jarayonini oʻz koʻzlari bilan koʻrdilar.
Shuningdek, delegatsiya vakillari Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi va muzeyida boʻldilar. Taʼkidlash joiz, Amir Temurning suyukli nabirasi boʻlgan Muhammad Taragʻay Mirzo Ulugʻbek buyuk astronom olim va hukmdor sifatida ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qoʻshgan.
Oʻrta asrlardayoq noyob rasadxona kashf qilib, osmon jismlarini juda aniq oʻrgangan. Uning “Ziji jadidi Koʻragoniy” asari dunyo astronomiya fani rivojida muhim qoʻllanma boʻlib xizmat qilgan. Eʼtiborlisi, mehmonlar Mirzo Ulugʻbek haqida koʻp eshitgani va uning ilm-fan rivojiga qoʻshgan hissasi beqiyos ekanini aytib oʻtishdi.
Kunning ikkinchi yarmida sammit ishtirokchilari Samarqand shahridagi Amir Temur maqbarasini ziyorat qildilar.
Mehmonlarga ushbu maqbara tarixi boʻyicha batafsil maʼlumotlar berildi. Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, Sohibqiron Amir Temur bobomiz 1404-yilda nevarasi Muhammad Sulton vafotidan keyin unga atab maqbara qurishni buyuradi.
Oilaviy daxmaga aylangan Amir Temur maqbarasi Samarqandning janubi-sharqida bunyod etilgan salobatli imorat oʻlaroq, oʻtmishimizdan soʻzlab turadi.
Mehmonlar Registon maydonini koʻzdan kechirar ekanlar, iliq taassurotlar olganlarini qayd etdilar. Uch mahobatli tarixiy obida — Ulugʻbek, Sherdor va Tillakori madrasalari bir butun ansamblni tashkil etishi ularning eʼtiborini tortdi.
Registon maydonini aylanish chogʻida oʻsha davrda qurilgan binolarning oʻziga xos uslublari, madrasalarning qurilish tarixi, peshtoqlaridagi naqsh va ramzlarning mazmuni haqida soʻzlab berildi.