баннер
14 Apr 2025
06:06

    Sammit taʼlim sohasidagi aloqalarimizga ham yangicha surʼat bagʻishlaydi

    Shu yil 3-4-aprel kunlari Samarqandda boʻlib oʻtadigan “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti ikki mintaqa oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadigan muhim voqeadir.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti oldidan Euronews telekanaliga bergan intervyusida ilgari surilgan fikrlar mamlakatimizning mintaqaviy va global rivojlanish borasidagi yuksak tashabbuslarini aks ettiradi.

    Davlatimiz rahbarining mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish, ekologik barqarorlikni taʼminlash va ilm-fan hamda taʼlim tizimida yangiliklarni joriy etishga qaratilgan yondashuvlari Oʻzbekistonning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini mustahkamlashga qaratilgan muhim qadamlarni ifodalaydi. Ushbu sammitning asosiy maqsadi siyosiy va iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish boʻlsada, taʼlim va ilm-fan sohasida ham oʻziga xos imkoniyatlar yaratadi.

    Dunyo tobora global tus olayotgan bir paytda taʼlim va ilm-fan har bir davlatning rivojlanishiga katta taʼsir koʻrsatadi. Sammitda koʻrib chiqilayotgan sohalar, masalan, raqamli infratuzilma, transport va logistika, yashil energetika kabi yoʻnalishlar taʼlim tizimimizga yangi vazifalar yuklaydi. Bu, albatta, bizning institutimiz uchun ham katta imkoniyat. Xususan, transport va logistika infratuzilmasining rivojlanishi oliy taʼlim muassasalari uchun xalqaro hamkorlikni kuchaytiradi. Yangi akademik dasturlar, talabalar va oʻqituvchilar almashinuvi, qoʻshma ilmiy tadqiqotlar – bularning barchasi ilm-fan va taʼlimni global darajada yanada ilgari suradi.

    Shuningdek, Yevropa Ittifoqi tomonidan amalga oshirilayotgan raqamli infratuzilma rivoji taʼlim jarayonini innovatsion tarzda oʻzgartirishga katta hissa qoʻshadi. Raqamli texnologiyalar yosh avlodning raqamli savodxonligini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni esa yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatini yaratadi. Energetika va yashil texnologiyalar sohasidagi kun tartibi ham Oʻzbekistonda ekologik barqarorlikni taʼminlashda muhim ahamiyatga ega. Bu borada ilmiy tadqiqotlar va taʼlim dasturlarining rivojlanishi mamlakatimizning barqaror ravnaqiga xizmat qiladi.

    Umuman olganda, ushbu sammit ilm-fan, taʼlim va innovatsiyalar sohasida yangi istiqbollarni ochadi. Isʼhoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillar instituti bu jarayonlarda faol ishtirok etish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va talabalarimizga zamonaviy bilim va koʻnikmalar berishga tayyor.

    Rivojiddin KARIMOV,

    Isʼhoqxon Ibrat nomidagi

    Namangan davlat chet tillar instituti rektori

    Telegram kanalimiz
    Text to speech