баннер
23 Apr 2025
12:04

    Oʻzbekiston rahbarining tashabbusi Markaziy Osiyoni birlashtirmoqda

    Barchamiz hayajon va yuksak gʻurur, oʻzgacha milliy faxr bilan kuzatib turganimizdek, Oʻzbekiston zaminida Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi davlatlari rahbarlarining tarixiy uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Ha, ayni kunlarda butun jahon nigohini Toshkentga qaratgan Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasi — dunyo parlamentlari vakillarini bir maqsad, bir gʻoya atrofida jamuljam qildi. Oʻzbekiston Prezidentining mazkur sammitda soʻzlagan tarixiy nutqi ham bir zaminga jondosh tutashlik, aloqadorlik, mintaqaning geosiyosiy oʻrni va zamonaviy hamkorlik gʻoyat muhimligini anglatib, dunyo uzra jarangladi.

    Eʼtirof etish kerakki, xalqaro tadbirning eng muhim nuqtasi boʻlgan — Parlamentlararo Ittifoqining Toshkentda boʻlib oʻtgan 150-yubiley Assambleyasidagi Prezidentimiz nutqi jahon parlamentariylari uchun muhim murojaat, jadidona chaqiriq boʻldi.

    Dunyoning barcha qitʼalaridan 181 ta milliy parlament va 15 ta mintaqaviy uyushmani birlashtirgan nufuzli tashkilotning yigʻilishi ilk bor Markaziy Osiyoda, Oʻzbekiston poytaxtida oʻtkazilishi, mamlakatning xalqaro maydondagi oʻrni va obroʻsi tobora mustahkamlanib borayotgani mazkur maʼruzada yaqqol ifodasini topdi.

    Demakki, Toshkent deklaratsiyasi — barqaror taraqqiyot va innovatsiyalar sari yangi qadamlar uchun muhim chorlov bongi vazifasini bajarishi shubhasiz.

    Ahamiyatlisi, Toshkent shahrida boʻlib oʻtayotgan mazkur Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasi dunyo parlamentlari vakillarini oʻzining muhim kun tartibi bilan birlashtira oldi. Assambleya doirasida millat rahbari tomonidan yangragan nutq zamonamizning dolzarb muammolariga yechim izlash va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yoʻlidagi Oʻzbekistonning qatʼiy pozitsiyasini yaqqol namoyon etdi.

    Davlatimiz rahbari oʻz nutqida taʼkidlanganidek, joriy yilning sentyabr oyida yurtimizda boʻlib oʻtadigan kambagʻallikni qisqartirishga bagʻishlangan xalqaro konferensiya, bugungi kunda jahon hamjamiyati oldida turgan eng ogʻriqli muammolardan biriga yechim izlash maydoni boʻlishi kutilmoqda. Kambagʻallikni qisqartirish borasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish, ilgʻor tajribalar bilan almashish va aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish mazkur konferensiyaning asosiy maqsadi. Davlatlar parlamentlari vakillarining bu jarayondagi faol ishtiroki, qabul qilinajak yechimlarning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

    Shuningdek, yurtboshimiz oʻzining qatʼiy pozitsiyasi, uzoqni koʻzlay bilguvchi siyosiy salohiyati bilan doim dunyo taqdiriga molik tashabbuslarini mardonavor taqdim etishni odat qilgani yana namoyon boʻldi. Zero, Oʻzbekistonning barcha taklif va tashabbuslari Parlamentlararo Ittifoqning Strategiyasi maqsadlariga toʻla hamohang boʻldi

    Xususan, xalqimiz boshchisining tashabbus va takliflari quyidagi dunyoning global masalalarini kun tartibiga yaqqol olib chiqqan holda, aniq yechimlarini ham dadillik bilan koʻrsatib berdi.

    Bunda:

    • Ukraina atrofidagi vaziyat boʻyicha muzokaralar xalqaro huquq va BMT Nizomi asosida ijobiy natija berishi muhimligi,
    • Falastin-Isroil nizosining yechimi «ikki xalq uchun – ikki davlat« tamoyili asosida boʻlishi kerakligi,
    • Afgʻonistonni yakkalab qoʻymaslik, amaldagi hukumat bilan muloqot oʻrnatish va mintaqaning ajralmas qismi sifatida qarash zaruligi,. Parlamentlar bunda koʻmak berishi lozim ekani,
    • Iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurash doimiy diqqat markazida boʻlishi, Parij bitimi va uglerod neytralligi boʻyicha majburiyatlar toʻliq bajarilishi kerakligi,
    • Qayta tiklanadigan energiya va «yashil« texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash parlamentlarning muhim vazifasi boʻlishi,
    • Xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash ijtimoiy taraqqiyotning asosiy sharti ekani, jamiyat boshqaruvida ayollar faolligini qoʻllab-quvvatlash, BMT Bosh Assambleyasining «Osiyo xotin-qizlarining faolligini oshirish toʻgʻrisida«gi rezolyutsiyasini qoʻllab-quvvatlash muhimligi,
    • Yoshlarning jamiyat hayotining barcha jabhalarida toʻlaqonli ishtirokini taʼminlash dolzarbligi, Parlamentlar yangi avlodni tarbiyalash va xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyishi zarurligi, ahamiyatlisi, Yoshlar parlamentlari global platformasini tashkil etish va uning taʼsis forumini Oʻzbekistonda oʻtkazish taklifi kabi bir qator manfaatli tashabbuslar ilgari surildi.

    Bu borada sunʼiy intellektdan foydalanish etikasi boʻyicha model qonun ishlab chiqish taklifi bildirildi.

    Nutqning mohiyati shuni ifodalaydiki, faqat qonun va qarorlar qabul qilish bilan cheklanib qolish emas, balki ularni amalga oshirish yoʻlida birgalikda harakat qilish, qonun ijodkorligi ruhini kuchaytirish va mavjud bilim hamda tajribani yagona maqsad sari safarbar etish zarurligidir. Bugungi murakkab va tez oʻzgaruvchan dunyoda faqatgina birlashgan saʼy-harakatlar orqali umumiy maqsadlarga erishish mumkin.

    Haqiqatki, Toshkentda boʻlib oʻtayotgan Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasi nafaqat muhim muhokamalar maydoni, balki kelajakka qaratilgan aniq tashabbuslar va hamkorlikning yangi imkoniyatlarini yaratish uchun muhim boʻlajak. Assambleyaning muvaffaqiyatli oʻtishi va qabul qilinadigan qarorlar, xalqaro hamjamiyatning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, ijtimoiy adolat va tenglikni taʼminlash yoʻlidagi ezgu saʼy-harakatlariga yangi surʼat bagʻishlaydi.

    Muhtaram Prezidentimizning taʼkidlashicha, bunday yuksak ishonch va ehtirom Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli demokratik islohotlar, parlamentarizm va vakillik hokimiyatini rivojlantirish borasida erishilayotgan salmoqli natijalarning xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirofidir. Davlat rahbarining oʻzi ham 15-yil davomida parlament aʼzosi boʻlganligi, uning parlamentarizmning ahamiyatini chuqur anglashini va bu boradagi faoliyat naqadar masʼuliyatli ekanini yaxshi bilishini koʻrsatadi.

    Davlatimiz rahbari nutqida parlamentariylarning dunyoni tinch-osoyishta, jamiyatlarni yanada farovon qilishga qaratilgan olijanob faoliyatiga yuksak baho berilishi, ushbu masʼuliyatli va sharafli ishda ularga muvaffaqiyatlar tilashi, Oʻzbekistonning xalqaro parlamentlararo hamkorlikka sodiqligini yana bir bor namoyon etadi.

    Oʻzbekiston yetakchisi oʻzining qatʼiy chorlovida davom etar ekan, parlamentlar eng yaxshi anʼana va ilgʻor tajribalarni oʻrtoqlashib, oʻzaro saʼy-harakatlarni birlashtirgan holda, butun intellektual qudratini umumiy taraqqiyot yoʻlida safarbar etishi lozimligi alohida taʼkidladi. Aynan qonun chiqaruvchi organlar adolatli va inklyuziv iqtisodiy siyosatni shakllantirish, ijtimoiy himoya mexanizmlarini kuchaytirish va har bir insonga munosib hayot kechirish imkoniyatini yaratishda yetakchi kuch boʻlishi mumkinligi qayd etildi. Mazkur nutqda yangragan har bir fikr, bildirilayotgan har bir tashabbus, qabul qilinayotgan har bir qaror – millionlab insonlarning taqdiriga daxldor ekanligini his etishning oʻzi barchani hayajonga, yuksak masʼuliyatga daʼvat etadi.

    Xulosa qilib aytganda, Parlamentlararo Ittifoqning Toshkentdagi 150-Assambleyasi nafaqat yubiley tadbiri, balki global parlamentarizm tarixida yangi sahifa ochib beradigan muhim voqeadir. Toshkent forumi jahon parlamentariylari uchun oʻzaro tajriba almashish, global muammolarni muhokama qilish va ularni hal etish yoʻllarini izlash, shuningdek, Markaziy Osiyoning yangi imkoniyatlarini namoyish etish uchun muhim maydon boʻlib xizmat qiladi.

    Butun jahon eʼtibor markazida turgan bu sammit mintaqa ertasining istiqbolli va yangi ufqlarini ochishga xizmat qilishiga ishonamiz

    Manzuraxon SALIMOVA,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

    Oʻzbekiston «Adolat« SDP Fraksiyasi aʼzosi

    Telegram kanalimiz
    Text to speech