Sanepidqoʻmita “One Chip Challenge” chipsining xavfsizligi tekshirilmaganini maʼlum qildi

    Ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar oʻrtasida “One Chip Challenge” chipsini isteʼmol qilish boʻyicha chellenj boshlangani va salomatlik bilan bogʻliq bir qancha koʻngilsiz holatlarga olib kelayotganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar tarqaldi.

    Sanepidqoʻmita Axborot xizmatining maʼlum qilishicha, fuqarolardan ushbu mahsulot Oʻzbekistonga ham olib kelinganmi, Sanepidqoʻmita tomonidan sanitariya-epidemiologik xulosa berilganmi, degan savollar kelib tushmoqda.

    Taʼkidlanishicha, qoʻmita tomonidan “One Chip Challenge” mahsuloti uchun sanitariya-epidemiologik xulosa berilmagan, shu bilan birga ushbu mahsulotga xulosa olish boʻyicha tadbirkorlar tomonida murojaat ham boʻlmagan.

    “Fuqarolarimizdan xavfsizligi tekshirilmagan oziq-ovqat mahsulotlarni xarid qilmaslikni va isteʼmol qilmaslikni soʻraymiz”, deyiladi xabarda.