Nobel mukofotining 2019-yildagi sohiblaridan biri Ester Dyuflo oʻtkazgan tadqiqotga koʻra, jahon miqyosida 2,5 milliard kishi sanitariya talablariga javob bermaydigan hojatxonalardan foydalanadi va qishloq joylarda sanitariya talablariga javob beruvchi hojatxonalarni qurish diareya bilan kasallanish holatlarini 30-50 foizga kamaytiradi.
Institut tomonidan hududlarga chiqib oʻtkazilgan tadqiqot bu yerda istiqomat qiluvchi aholi hojatxonalarning sanitariya talablariga javob bermasligiga oid indikatorni kambagʻallik uchun ahamiyatsiz deb hisoblashini koʻrsatdi.
Aslidachi? Sanitariya sharoiti qanchalik muhim?
Tadqiqotlarga koʻra, Hindistonda diareya tufayli har yili 400 ming nafardan ortiq kishi hayotdan bevaqt koʻz yumadi. Inson axlatining 1 grammida 10 milliontagacha virus, milliontagacha bakteriya, mingtagacha parazit kistasi va yuzga yaqin parazit tuxumi boʻlishi mumkin.
Sanitariya talabiga javob bermaydigan maktab hojatxonalari bolalarning u yerga kirmasligiga sabab boʻladi. Shvetsiyada 6-16 yosh oraligʻidagi bolalar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrov natijalari bolalarning salkam 16 foizi maktabda kichik hojatga umuman chiqmsligini koʻrsatdi. Bu holat yoshi kattaroq (13-16 yosh) bolalar orasida yanada yomonroq – 25 foiz. Bolalar asosiy sabab sifatida maktabdagi hojatxonaning koʻrinishi va hidini keltirgan. Bu esa kun davomida bolalarning yetarlicha suv ichmasligiga olib keladi. Chunki ular hojatga chiqmaslik uchun ham suv ichishdan oʻzlarini tiyadi.
Oʻzbekistonda ahvol qanday?
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va BMT Bolalar jamgʻarmasi maʼlumotlariga koʻra, 2019-yilda Oʻzbekistondagi maktablarning 13 foizida qoʻlni sovun va suv bilan yuvish uchun sharoit boʻlmagan. Maktablarning 83 foizi toza ichimlik suvi, 78 foizi esa sanitariya vositalaridan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlgan.
Institut hisob-kitoblariga koʻra, Oʻzbekistonda aholining 41 foizi chuqur kavlama koʻrinishidagi hojatxonadan foydalanadi. Qishloqlarda bu koʻrsatkich 50 foizdan yuqori. Hozirgi holatda sanitariya talablariga javob bermaydigan chuqur kavlamalarni ventilyatsiya qilinadigan va plitalar bilan qoplangan holatga keltirish tavsiya etiladi. Birinchi qadam sifatida, ushbu chora-tadbirlarni maktablarda boshlash va sanitariya talabiga javob bermaydigan barcha maktab hojatxonalarini taʼmirlash maqsadga muvofiq.