Sarhadlarimiz xavfsizligi — tinch-osoyishta hayotimiz kafolati

    Bu dunyoda yurt tinchligi va farovonligidan aziz neʼmat, Vatan osoyishtaligini muhofaza qilishdan buyuk vazifa yoʻq. Harbiylar ana shunday jasoratli kasb egalari, osuda hayotimiz posbonlaridir. Ularning oʻz yurtiga sadoqat bilan xizmat qilishida oilasidagi muhit mustahkamligi, taqdir rishtalarini bogʻlagan turmush oʻrtogʻining eʼtiborli va sabr-qanoatli boʻlishi muhim ahamiyat kasb etadi.

    Shu bois, mamlakatimizda harbiy xizmatchilarning oilaviy sharoitini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Faqat soʻnggi bir yilning oʻzida 3 mingdan ortiq harbiy uy-joy bilan taʼminlandi, salkam 2 ming harbiy xizmatchining farzandlariga oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma berildi, 4 mingdan ziyodining turmush oʻrtogʻi kasbga oʻqitilib, ishga joylashtirildi, 1250 harbiy pensioner bandligi taʼminlandi.

    Prezidentimiz joriy yil 13-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish masalasiga yana bir bor eʼtibor qaratdi. Ular uchun ipoteka asosida koʻp qavatli uylar qurish, harbiy xizmatchilar pensiya taʼminotini tartibga solish, harbiy tibbiyot muassasalari sharoitini yaxshilash boʻyicha topshiriqlar berdi.

    Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida xotin-qizlar va harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari bilan ishlash tizimining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan harbiylarning ayollarini monomarkazlarda tadbirkorlikka oʻqitib, soʻng imtiyozli kredit ajratish, ish boshlashiga koʻmaklashish boʻyicha ishlar qilinmoqda.

    “Shunday oilam borligidan faxrlanaman”

    — Toʻydan soʻng deyarli 10 yil turmush oʻrtogʻim qaysi viloyatga xizmatga joʻnatilsa, toʻrt bolamni bagʻrimga bosib, koʻch-koʻronimizni koʻtarib ijarada yashab yurdik, — deydi podpolkovnik Muzaffar Avlayevning turmush oʻrtogʻi Dilfuza Azimova. — Birovlarning uyida yashaganimiz uchun hadiksirab turardik. Oliy maʼlumotli pedagog boʻlsam-da, sevgan kasbim boʻyicha ishlashga imkonim boʻlmagan. Talabalik davrimda Chirchiq daryosi boʻyida yashaydigan amakimning uyida turib, Oʻzbekiston jahon tillari universitetiga qatnab tahsil olganman. Saharlab yoʻlga chiqib oʻqishga kelardim, oʻqishdan soʻng kontrakt pulimga yordam boʻlsin, deya qandolat sexida ishlardim. Keyinchalik ingliz tilidan repetitorlik qildim. 2013-yilda oʻqishni tugatdim. Biz oʻqigan davrda talabalarga bugungi imkoniyatlar yoʻq edi.

    Soʻnggi yillarda nafaqat harbiylarga, balki ularning oila aʼzolariga ham qator imtiyoz va toʻkis sharoitlar yaratib berilyapti. Bu islohotlar samarasini oʻz hayotim misolida koʻrib turibman. Harbiy xizmatchilar uchun poytaxtimizning Ahmad Yassaviy mahallasida qurilgan yangi uylardan biriga — uch xonali kvartiraga koʻchib oʻtdik. Nihoyat, oʻz boshpanamizga ega boʻldik.

    Yangi uyimiz yertoʻlasidan foydalanishga ruxsat berilganidan keyin bu yerda oʻquv-sogʻlomlashtirish markazi tashkil qildik. Buning uchun bankdan 50 million soʻm kredit olib, markazni jihozladik. Hozir oʻquv markazida fitnes xonasi, maktabgacha tayyorlov kursi, taekvondo kabi 12 yoʻnalishda xizmat koʻrsatyapmiz. Yaqin kunlarda 33 million soʻm imtiyozli kredit evaziga sport anjomlari sotib olmoqchimiz.

    Oʻtgan yili doktoranturaga qabul qilindim, bugun Toshkent arxitektura-qurilish universitetida ham ishlayman. Turmush oʻrtogʻim ham ilmiy tadqiqot ishini davom ettiryapti.

    Dilfuza bilan suhbatlashar ekanmiz, yoʻl xaltasi doim tayyor turuvchi harbiyning xotini boʻlish unchalik ham oson emasligini sezdik. Yillab, oylab ota-onasi va jigarlaridan olisda boʻladigan harbiylikning mashaqqatini eri bilan teppa-teng tortayotgan ayollarga yaratib berilayotgan yengilliklar saodatli kunlar kaliti boʻlib ularga imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

    Dilfuzaning harbiy yigitga turmushga chiqishi ham qiziqarli kinoga oʻxshaydi. Chunki u soʻzlayotgan voqealar hayotidan nolib, arzimagan sabablar bilan ajrashishga shaylanayotgan baʼzi er-xotinlarga ibratdir.

    — Qashqadaryoning Yakkabogʻ tumanidanmiz. Turmush oʻrtogʻim bilan bir qishloqda voyaga yetsak-da, bir-birimizni suratimiz orqali taniganmiz. Ilk uchrashuvga boʻlajak turmush oʻrtogʻim kela olmagan. Bir necha kundan soʻng quda tomon yana uchrashuv vaqti va soatini belgilab, ota-onamga xabar berdi. Hayajon bilan ataylab kechikib, aytilgan joyga yetib bordim. Ming afsuski, kuyov bu safar ham kelmadi. Menga poyloqchilik qilib yuradigan dugonalarimga gap topildi: “Ana endi aniq boʻldi, uning sevgani bor yoki senga uylanish niyati yoʻq. Yoʻqsa, ming ishi boʻlsa ham, yetib kelardi. Toʻyni toʻxtat, harbiy boʻlsa oʻziga”. Oʻsha dam dugonalarimdan uyalganimdan bir soʻz demay, hovlimizga qarab chopib ketdim, uyga qanday yetib kelganimni bilmayman. Onam hovliqib oldimga keldi-yu, nima gapligini sezganday, yerga qarab jim oʻylanib qoldi. “Onajon, otamga ayting, uchrashuv boʻlmadi, endi toʻy ham boʻlmaydi”, degan gapim ogʻzimda qoldi, darvozamizni kimdir taqillatdi. Onam darvoza tomon ketdi va bir ­ozdan soʻng yonimga kelib, “Qizim, yigitning ishxonasida nazorat kuchli ekan, ruxsat berishmabdi, shuning uchun uydagilari uzr soʻrab kelibdi”, dedi. Hech nima demadim. Ishi shaxsiy hayotidan ham muhimmi? Yoki uydagilari aytgani uchun majbur uylanmoqchi boʻlganmi, degan fikrlar oʻtardi xayolimdan. Tongni uxlamay ottirdim. Ertasi kuni yana uchrashuv belgilandi. “Ochiq-oydin gaplashib olaman, tegaman, deb oʻlib turganim yoʻq-ku, shuni bilsin”, deya yana uchrashuvga otlandim. Dilgir xayollar bilan belgilangan manzilga yetib bordim. Ne koʻz bilan koʻrayki, kuyovning oʻrnida opasi xijolatli kulimsirab turardi. Tilim kalimaga kelmay qoldi. Buni sezgan boʻlajak qaynopam yelkamga qoqib, “Kelinjon, ming bor uzr, ukam yoʻlda, ikki soatlardan keyin shu yerda boʻladi. Siz xafa boʻlmang, deb oʻzim keldim”, dedi. Opasi nimalarnidir tushuntirar, mening esa na qulogʻim eshitar va na koʻzim koʻrar edi. Qancha vaqt oʻtganini bilmayman, oʻrnimdan shartta turdim-u, bir soʻz demay ketaverdim. Shu on “Dilfuza, shoshmang”, degan oʻktam ovoz keldi. Joyimda turib qoldim. Qayrilib qarashga holim yoʻq. Kuch topib, jahl bilan ortimga burildim. Qarshimda istarasi issiq, harbiy kiyimdagi yigit hech nima boʻlmaganday jilmayib turardi. Qovogʻimni uyib, chimirilib oldim.

    — Dilfuzaxon, oldingizda xijolatdaman, xohlagan vaqtda ishdan chiqib ketolmaymiz. Shuning uchun harbiylikni mashaqqatli va sharafli kasb, deyishsa kerak.

    — Toʻgʻrisini aytavering, uydagilaringizni ranjitmay, deb menga uylanayotgan boʻlsangiz, ochiq gaplashaylik.

    — Men koʻp vaʼdalar bermayman, lekin sizni baxtli qilish uchun harakat qilaman, — dedi u.

    Toʻyimiz boʻldi. Qizigʻi, kuyov toʻyga bir kun qolganida kelgan. Yillar oʻtib tushundimki, harbiylar Vatan tinchligi va osoyishtaligi yoʻlida nafaqat oʻzidan, hatto oilasidan ham kechib, jonini fido qilib yashashga tayyor ekan. Men shunday oilam borligidan faxrlanaman!

    Ayol uchun asl baxt

    — Turmush oʻrtogʻim harbiylikni yurtni himoya qilishga bagʻishlangan hayot, deydi. Aslidayam shunday, lekin harbiy erkak bilan bir oilada ­hamnafas boʻlib yashayotgan ayollarga oson emas. Koʻp kunlarimiz yolgʻizlikda, kutish bilan oʻtib ketadi. “Yurtimiz tinch boʻlsin, ilohim, bolalarimning otasi Allohga omonat”, deb oʻtiraman. Aslida, ayol kishi uchun baxt oʻz oilasi bagʻrida xotirjam hayot kechirishdir, — deydi Toshkent harbiy okrugi qoʻshinlarida xizmat qilayotgan 3-darajali serjant Asqarali Ummatovning turmush oʻrtogʻi Surayyo Saydaliyeva.

    Darhaqiqat, harbiylar qayerga joʻnatilsa, oʻsha yerda yashashga, kerak boʻlsa, oʻz jonini yurt himoyasiga bagʻishlashga tayyor insonlar. Shuning uchun ham ularni Vatan himoyachisi, yurt posboni, deb ulugʻlaymiz. Oilasi tinch, qalbi halovatli erkakning ishida unum, baraka boʻladi.

    Surayyo Saydaliyeva zamonamizning ishbilarmon ayollaridan biriga aylanib ulgurgan, 30 dan ziyod shogirdi bor. Qishning izgʻirinli havosida ham koʻp qavatli uy yertoʻlasida ochgan tikuv sexida qoʻli-qoʻliga tegmay ishlayapti. Jarayonni kuzatar ekanmiz, uning mehnatsevarligiga tan berdik. Biz sovuqdan qunishibgina kirgan tikuv sexida Surayyo va shogirdlari yayrab ishlayapti.

    — Sovuq, issiq, qor, yomgʻir degan soʻzlar bizga yot, moslashib ketganmiz. Ishlayman degan odamga na sovuq va na issiq chikora, derdi onam rahmatli, — deydi Surayyo.

    Ularga 2018-yilda Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi Olmos mahallasida harbiylar uchun barpo etilgan shaharchadagi koʻp qavatli uylardan xonadon nasib qildi.

    Asli bekobodlik Surayyo oilada 10 farzandning sakkizinchisi, Asqarali bilan ahdu paymon qilib turmush qurgan. Otasi toʻydan keyin qiziga oq fotiha berish chogʻida bunday degan ekan: “Qizim, harbiylik qiyin kasb. Ering oylab yoningda boʻlmasligi mumkin. Aytmoqchi boʻlganim, sen irodali va matonatli boʻl. Eringni hurmat qil, hech qachon yuziga tik boqma, chunki u — Vatan himoyachisi”.

    Suyagi mehnatda qotgan dehqon qizi bugungi kungacha otasining bu oʻgitini hayot shioriga aylantirib yashab kelmoqda.

    — Toʻyimiz boʻlganiga yaqinda 19 yil toʻldi. Toʻydan keyin 3 yil farzandli boʻlmadik, odamlar qancha gap-soʻz qildi. Bir kuni erimga “javobimni bering, sizni farzandli qila olmayapman, baxtli boʻlishingizni istayman”, deganman. “Mening baxtim sensan, agar farzandsizlik peshonamizga yozilgan boʻlsa, bunga ham roziman, yonimda boʻlsang boʻldi”, dedi. Shu gapning qudrati bilan har qanday qiyinchilikda ham hayotimdan nolimaganman. Allohim bagʻrimizni boʻsh qoʻymay, bir oʻgʻil va bir qiz farzand berib siyladi. Hozir oʻgʻlim sakkizinchi, qizim beshinchi sinfda oʻqiyapti. Oʻtgan yillar davomida koʻp ijara uylarni almashtirib yashadik. Uy egalarining talab va injiqliklariga chidadik.

    Pedagog boʻlsam-da, chevarlikni yaxshi koʻraman, bu ona kasb, shu uchunmi, tikuvchilikka ixlosim baland boʻlgan. Bugungi kunda erkaklar uchun kostyum-shim, ayollar libosi, parda va boshqa narsalar tikamiz. Imtiyozli kredit olishga hujjatlarimni tayyorlab, bankka topshirdim. Xudo xohlasa, kreditni olishim bilan eng zamonaviy mashinalar sotib olaman, seximizni jihozlayman. Tikkan mahsulotlarimizni ichki bozorga, keyinroq tashqi bozorga ham chiqarishni maqsad qilib qoʻyganman. Fursatdan foydalanib, gazetangiz orqali men singari uyli va ishli boʻlgan harbiylarning ayollari nomidan, eng avvalo, bizga shuncha sharoit yaratib berayotgan Prezidentimizga katta rahmat aytmoqchiman.

    “Gʻamxoʻrlikdan ruhlanib yashayman”

    Angren shahridagi “Jasurbek” nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbari Nigora Yoʻldosheva katta serjant Jahongir Hasanovning turmush oʻrtogʻi. Asli namanganlik boʻlgan bu harbiy oila xizmat vazifasi tufayli deyarli 14 yildan buyon Toshkent viloyatida yashaydi.

    — Oʻzbek ayolining nozik yelkalari hayotning har qanday ogʻir yukini koʻtarishga qodir, agarki, yonida uni tushunadigan, qoʻllaydigan mard erkak boʻlsa, — deydi Nigora. — Turmushga chiqqanimdan soʻng ancha qiynaldim. Ota-ona bagʻrida hech bir qiyinchiliksiz katta boʻlgan qiz erga tekkanidan soʻng turmushning mushtlari borligini, uy devorining uch tomonida tuz va faqat bir tomonidagina asal boʻlishini qaydan ham bilsin.

    Harbiylarning kiyimi bunchalar chiroyli boʻladi, deya yoshligidan bu kasbga qiziqqan Nigoraning taqdiri harbiy yigit bilan bogʻlandi. Erka boʻlsa-da, mehnatdan qochmaydigan, dangal kelinchakning baxtiga farishtaday muloyim va juda mehribon, shifokor qaynona uchrashi taqdirning unga atalgan inʼomi boʻldi.

    — Rahmatli qaynonam dunyodagi eng yaxshi onalardan biri edi. Toʻgʻrisi, harbiylikni boshqacha dunyo deb tasavvur qilganman. Er-xotin oʻrtasida urush-janjal boʻlmaydi, degan gapga ishonmayman. Axir mutlaqo yot, begona odamlar bir-biriga koʻnikib yashab ketishi uchun yillar kerak boʻladi. Erka boʻlsam-da, oilamizda onam bergan tarbiyaga tayanib, hech qachon uydagi gapni koʻchaga chiqarmadim. Hayotning kutilmagan zarbalari meni kuchli va oʻziga ishongan ayol qilib ulgʻaytirdi, — deydi Nigora. — Toʻgʻrisini aytsam, tadbirkorlikni boshlashga astoydil kirishsam-da, hujjat toʻgʻrilashimda, joy olishda qiyinchiliklar boʻlgan. Lekin ortga chekinmadim va maqsadimga yetdim.

    Nigora Yoʻldosheva Angren shahri hokimligi koʻmagi bilan 30 million soʻm imtiyozli kredit olib ochgan nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotida bugungi kunda 50 harbiyning bolalari mental arifmetika, ingliz tili, badiiy gimnastika va maktabga tayyorlov boʻyicha taʼlim-tarbiya olmoqda. Eng iqtidorli va bilimli mutaxassislar ishga jalb qilingan. Harbiylarning 5 ayolini ish bilan taʼminlagan.

    U Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining matematika-informatika fakultetini tamomlagan. Hozir shu universitetning maktabgacha taʼlim fakultetida sirtdan tahsil olmoqda. Kelajakdagi rejalari ham bir dunyo: aqlida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun alohida joy ochmoqchi. Bunday qarorga kelishining ham oʻziga xos sabablari bor. Uning bizga aytib bergan iztirobga toʻla hikoyasini eshitsak-da, hozircha bu haqda yozishni istamadik. Chunki bu mavzuning oʻzi alohida bir maqola.

    Nigora bir oʻgʻil va bir qizning mehribon onasi, oilasining sarishtali bekasi. Suhbatdoshimizning aytishicha, bolasini bogʻchaga qoʻyishga chogʻlangan harbiylar va qoʻshimcha ish bormi, deya eshik qoqib keluvchi uyda oʻtirgan ayollar koʻp. Shuning uchun kelajakda bogʻchani kengaytirib, yangi ish oʻrinlari yaratmoqchi. Bu borada uni turmush oʻrtogʻi Jahongir har doim qoʻllab-quvvatlaydi.

    * * *

    Biz ushbu maqolamizda bugungi izchil islohotlar sabab tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtib ish boshlagan uch ayolning ishlarini ozmi-koʻpmi yoritishga harakat qildik. Uchrashuv davomida suhbatdoshlarimizning hech biri oʻz hayotidan nolimadi. Aksincha, harbiy xizmatchilar oilalari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar zamirida kelajakka ishonch, ularning baxtu saodatga yoʻgʻrilgan hayoti haqida toʻlqinlanib gapirdi.

    Istiqbolli islohotlar tufayli yon-atrofi yaxshilikka toʻlib ketganday, umidli uchqunlar shuʼlasi butun borligʻini qamrab, ezgulik urugʻini ongu shuuriga singdirayotganday taassurotda ekanini baralla va ochiq-oydin aytdi.

    Bundan xulosa shuki, bugun harbiylar va ularning oila aʼzolari uchun berilayotgan keng imkoniyatlar, avvalo, Vatan himoyachilarining koʻngil xotirjamligi uchun xizmat qiladi, bu esa tahlikali dunyoda sarhadlarimiz xavfsizligi, tinch-osoyishta hayotimiz kafolati boʻladi.

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri