Savdo-sanoat palatasi rahbariyati bu hafta Prezidentga hisobot beradi

    Mamlakatimizda 7 Noyabr 2022 1378

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov jurnalistlar uchun navbatdagi brifingni oʻtkazdi.

    Bugun kunning birinchi yarmida Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon turizm tashkiloti bosh kotibi Z.Pololikashvili bilan uchrashuv oʻtkazdilar. Unda 2023-yilda Samarqand shahrida oʻtkazilishi kutilayotgan Jahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasi 25-sessiyasi kun tartibi va tashkiliy masalalari yuzasidan fikr almashildi.

    Kunning ikkinchi yarmida Davlat rahbari Mahalliy sanoatni yanada rivojlantirish borasida mavjud imkoniyatlar va yangi zaxiralarni safarbar etish yuzasidan videoselektor yigʻilishini ham oʻtkazadilar.

    Shu bilan birga hafta davomida Savdo sanoat palatasi rahbariyatining tadbirkorlar bilan “ochiq muloqot” ijrosi boʻyicha Prezidentimizga hisobot berishi koʻzda tutilgan.

    Mazkur hafta tarixiy va betakror Samarqand shahri yana bir muhim xalqaro siyosiy tadbirga mezbonlik qiladi.

    11-noyabr kuni Samarqandda Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti boʻlib oʻtadi (ushbu oliy darajadagi tadbir 2021-yil Istanbul uchrashuvida Tashkilot nomi oʻzgargandan keyingi Birinchi sammit hisoblanadi).

    Tadbirda 5 ta aʼzo mamlakat - Oʻzbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston hamda 2 ta kuzatuvchi - Turkmaniston va Vengriya mamlakatlari rahbariyati ishtirok etishi kutilmoqda.

    Shuningdek, sammitda Tashkilot Bosh kotibi, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) bosh kotibi, Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasi (TURKPA) bosh kotibi, Xalqaro turkiy akademiya prezidenti v.b., Turkiy meros va madaniyat fondi prezidenti, Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar Kengashi raisi ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.

    Tadbir kun tartibidan Tashkilot doirasida siyosiy-iqtisodiy, transport, madaniyat va turizm kabi sohalarda hamkorlikni yanada jadallashtirish masalalari muhokamasi hamda xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashish koʻzda tutilgan.

    Samarqand sammitida 10 dan ortiq hujjat imzo uchun kiritilishi rejalashtirilmoqda.

    Tadbirning asosiy hujjati bu — aʼzo mamlakatlarning eng muhim mintaqaviy va global muammolar boʻyicha mujassamlashgan pozitsiyalari oʻz ifodasini topgan Turkiy davlatlar tashkiloti Samarqand sammiti Deklaratsiyasidir. Unda mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va barqaror iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash, transport aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, madaniy muloqotni chuqurlashtirish boʻyicha qoʻshma yondashuvlar belgilab berilgan.

    Sammit yakunida Tashkilotga raislik bir yil muddatga Turkiyadan Oʻzbekistonga oʻtadi.