Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Saylov qonunchiligi normalari va Markaziy saylov komissiyasining saylovni oʻtkazish bilan bogʻliq kalendar rejasiga muvofiq barcha tadbirlar va jarayonlar belgilangan muddatlarda bosqichma-bosqich oʻtkazilishi taʼminlanmoqda.
Shundan kelib chiqib, joriy yilning 12-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida tajriba-sinov tariqasida ayrim saylov uchastkalarida elektron ovoz berishni tashkil etish va oʻtkazish tartibi, saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonini onlayn tarzda video-translyatsiya qilish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilash, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning kuzatuvchilarini akkreditatsiyadan oʻtkazish, saylov kampaniyasi davomida kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqish, shuningdek, Andijon va Xorazm viloyatlarda saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish boʻyicha olib borilayotgan ishlar bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqildi.
Majlis davomida saylovchilarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida mamlakatimiz tarixida ilk marotaba ayrim saylov uchastkalarida saylov kuni elektron ovoz berish tartibini sinovdan oʻtkazish masalasi koʻrib chiqildi.
Joriy yilgi saylovlarda sinab koʻrilishi rejalashtirilgan elektron ovoz berish qurilmalaridan 37 ta xorijiy davlatlarda (AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Braziliya, Singapur, Avstraliya va b.) foydalanilgan boʻlib, ular orqali shu kunga qadar 6,5 mlrd dan ortiq saylovchilar ovoz berishgan.
Taʼkidlash kerakki, elektron ovoz berish tartibi ovoz berish va saylov natijalarini tezkor aniqlash, ovoz berish jarayonlarining qonuniyligini taʼminlash, saylov komissiyalarining ish hajmini maqbullashtirishga xizmat qiladi.
Shunga koʻra, Markaziy saylov komissiyasi Toshkent shahar hududida joylashgan ayrim saylov uchastkalarida saylov kuni elektron ovoz berish tartibini sinovdan oʻtkazish boʻyicha qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq elektron ovoz berish tartibi sinab koʻriladigan saylov uchastkalarida saylovchilar ovoz berishning anʼanaviy yoki elektron shaklini mustaqil tanlash huquqiga egaligi belgilandi.
Bundan tashqari, elektron ovoz berish qurilmalari orqali byulletenni toʻldirish tartibi ham komissiya qarori bilan tasdiqlandi.
Shuningdek, majlisda saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonlarini Internet tarmogʻi orqali onlayn translyatsiya qilishni bu yilgi saylovlarda ham qoʻllash masalasi koʻrib chiqildi.
Majlisda Internet tarmogʻi orqali onlayn translyatsiya qilish boʻyicha tegishli texnik talablarga muvofiq boʻlgan saylov uchastkalarida saylov jarayonini video-translyatsiya qilish boʻyicha aniq choralar belgilab berildi va tegishli qaror qabul qilindi.
Barchaga maʼlumki, “Ye-saylov” axborot tizimi orqali xorijiy davlatlarning kuzatuvchilarini akkreditatsiyadan oʻtkazish bilan bogʻliq murojaatlar kelib tushishi davom etmoqda.
Shu munosabat bilan, majlisda xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlarning kuzatuvchilarini akkreditatsiyadan oʻtkazish yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining qarori qabul qilindi.
Shu bilan bir qatorda, kun tartibiga oid boshqa masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.