Saylovoldi tashviqoti — muhim siyosiy jarayonning ajralmas qismi

    Saylov 26 Avgust 2024 40

    Bugungi kunda mamlakatimizda katta bir siyosiy jarayon — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlar sayloviga tayyorgarlik davom etmoqda.

    Qayd etish kerak, hozirgi davrga kelib milliy saylov qonunchiligimiz umume’tirof etilgan xalqaro prinsip va normalarga to‘la mos holda huquqiy jihatdan yanada rivojlantirildi, saylovchilarning va saylov jarayoni ishtirokchilarining huquqiy kafolatlari kuchaytirildi hamda saylov va referendum o‘tkazishning ochiqligi, shaffofligining huquqiy asoslari mustahkamlandi.

    Xo‘sh, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlarning va siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi qanday? Umuman olganda, saylovoldi tashviqoti nima? Shu va boshqa savollar bilan Toshkent davlat yuridik universiteti Konstitutsiyaviy huquq kafedrasi o‘qituvchisi, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori Jasurbek Ilhombekovga murojaat qildik.

    — Jasur aka, saylovoldi tashviqoti deganda nima tushuniladi va uning umumiy qoidalari nimalarda aks etadi?

    — Saylovoldi tashviqoti — saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni deputatlikka nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyat. Saylovoldi tashviqoti deputatlikka nomzodlarni va Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxatini belgilangan tartibda ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan e’tiboran boshlanadi va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin tugatiladi. Deputatlikka nomzodlar, siyosiy partiyalar saylovoldi tashviqotini olib borish borasida teng huquqlarga ega. Deputatlikka nomzod deputat etib saylanishi uchun uning nomidan ishonchli vakillar hamda Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxati bo‘yicha nomzodlar saylanishi uchun siyosiy partiyalar saylovoldi tashviqotini olib borishi mumkin.

    — Kimlar saylovoldi tashviqotini olib borishi mumkin emas?

    — Milliy qonunchiligimizga ko‘ra, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, sudyalar, saylov komissiyalari a’zolari, diniy tashkilotlar professional xizmatchilari saylovoldi tashviqotini olib borishga haqli emas. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga o‘z mansab va xizmat mavqeidan saylovoldi tashviqoti vaqtida har qanday siyosiy partiyaning yoki nomzodning foydasiga yoxud unga qarshi foydalanishlari qonun hujjatlariga muvofiq taqiqlanadi.

    Saylovoldi tashviqoti qanday shakllarda olib boriladi?

    — “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlarning va siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga ko‘ra, saylovoldi tashviqoti siyosiy partiyaning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi to‘g‘risidagi axborotni o‘zining deputatlikka nomzodlarini yoki siyosiy partiyani, deputatlikka nomzod va siyosiy partiya to‘g‘risidagi axborotni uni yoqlab ovoz berishga da’vat etgan holda tarqatish shaklida olib boriladi.

    Saylovoldi tashviqoti omma oldida ochiq munozaralar, bahslar, matbuot konferensiyalari, fuqarolarning yig‘ilishlari, intervyular, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, video va audio roliklarni joylashtirish shaklida olib borilishi mumkin.

    Nomzodlarning saylovoldi tashviqoti OAV, shu jumladan televideniye, radio, gazeta va jurnallar, umumiy foydalanishdagi axborot-telekommunikatsiya tarmoqlari orqali, shuningdek, global tarmoq bo‘lmish internet hamda bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot, xususan, plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni chop etish va tarqatish, saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

    — Saylovoldi tashviqotini ommaviy axborot vositalari orqali olib borish qanday shaklda amalga oshiriladi?

    — Yuqorida keltirib o‘tilgan Nizomga ko‘ra, saylovoldi tashviqoti olib borilayotganda deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarga davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda hajmiga ko‘ra bir xil bo‘lgan efir vaqtini va nashr maydonini bepul berish yo‘li bilan teng sharoitlarda ta’minlanadi. Shuningdek, saylovoldi tashviqotini olib borish maqsadida ommaviy axborot vositalaridan foydalanish tartibi, hajmi va vaqti Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida – saylovda ishtirok etishga ijozat berilgan siyosiy partiyalarning respublika organlari fikrini inobatga olgan holda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlari deputatlari saylovida – saylovda ishtirok etishga ijozat berilgan siyosiy partiyalarning hududiy organlari fikrini inobatga olgan holda hududiy saylov komissiyalari tomonidan, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovida — saylovda ishtirok etishga ijozat berilgan siyosiy partiyalarning tuman va shahar organlari fikrini inobatga olgan holda tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan belgilanadi.

    — Saylovoldi tashviqotini saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali olib borish shakli qanday?

    — Deputatlikka nomzodlarga, ularning ishonchli vakillariga, siyosiy partiyalar va ularning vakillariga saylovoldi tashviqotini saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali o‘tkazish uchun teng sharoitlar yaratiladi.

    Saylovchilar bilan uchrashuvlar deputatlikka nomzodlar, ularning ishonchli vakillari, siyosiy partiyalar va ularning vakillari tomonidan mustaqil ravishda o‘tkaziladi.

    Deputatlikka nomzodlar, ularning ishonchli vakillari, boshqa deputatlikka nomzodlar yoki ularning ishonchli vakillari bilan birgalikda saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishga yoxud boshqa deputatlikka nomzodlar tomonidan tashkil etilgan saylovchilar bilan uchrashuvlarda ishtirok etishga haqli.

    Saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlar ularning o‘tkazilish joyi va vaqti haqida tegishli tuman (shahar) hokimliklari kamida uch kun oldin yozma ravishda xabardor qilingan holda o‘tkaziladi. Bunda ushbu ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun ruxsatnoma talab qilinmaydi.

    Saylovchilar bilan uchrashuvlarni o‘tkazish joyi va vaqti haqida tegishli hududiy, tuman, shahar yoki uchastka saylov komissiyasiga ma’lum qilinadi.

    Deputatlikka nomzodning va siyosiy partiyaning saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishi to‘g‘risidagi axborot mahalliy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

    Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi butun hududida saylovoldi tashviqotini olib borish shartlari va tartibiga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.

    Hududiy, tuman, shahar saylov komissiyalari va okrug saylov komissiyalari tegishli hududda saylovoldi tashviqotini o‘tkazish shartlari va tartibiga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.

    Toshkent davlat yuridik universiteti bosh mutaxassisi

    Javlon Vafoyev suhbatlashdi.