Senat tomonidan Tadbirkorlik kodeksi maʼqullandi

    Ushbu kodeks 100 dan ortiq qonunchilik hujjatlarini birlashtirish nazarda tutilgan boʻlib, uning asosiy maqsadi tadbirkorlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

    Senatning 55-yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Tadbirkorlik kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

    Qonun bilan tasdiqlanayotgan Tadbirkorlik kodeksi 100 dan ortiq qonunchilik hujjatlarini unifikatsiya qilish nazarda tutilgan boʻlib, uning asosiy maqsadi tadbirkorlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.

    Shuningdek, Kodeksda fuqarolarning tadbirkorlik faoliyatida erkin ishtirok etishi va undan manfaatdor boʻlishi uchun kafolatlar hamda sharoitlar yaratish, xususiy mulk, shuningdek tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish asosiy vazifa sifatida belgilanmoqda.

    Kodeksda tadbirkorlik faoliyatining asosiy prinsiplari unifikatsiyalangan holda mustahkamlangan: qonuniylik, tadbirkorlik erkinligi, tadbirkorlik subyektlari tengligi, halol raqobat, korrupsiyadan xolilik va boshqalar.

    Kodeks bilan tadbirkorlik subyektlari kichik, oʻrta va yirik toifalarga ajratilmoqda (amalda toifa sifatida faqat kichik tadbirkorlik subyekti mavjud edi).

    Yakka tartibdagi tadbirkorlar shugʻullanishi mumkin boʻlmagan faoliyat turlari belgilangan holda ularga qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish huquqi berilmoqda.

    Tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solishning chegaralari hamda tartibga solish shakllari belgilanmoqda hamda xalqaro standartlarga muvofiq ayollar va yoshlar tadbirkorligi hamda ularni qoʻllab-quvvatlash tizimi joriy etilmoqda.

    Kodeksda ijtimoiy tadbirkorlik, ijtimoiy korxona, aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari roʻyxati va ularni, jumladan nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlashning mexanizmlari belgilanmoqda.

    Shu bilan birga, Kodeksda biznes-inkubatorlarning huquqiy maqomi, maqsad va vazifalari belgilanmoqda hamda davlat korxonalariga raqobatni cheklovchi imtiyoz va preferensiyalar berish taqiqlanmoqda.

    Tadbirkorlik kodeksining qabul qilinishi tarqoq qonunchilik hujjatlarini yagona hujjatga birlashtirish, tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik hujjatlarini barqarorlashtirish, davlatning tadbirkorlik sohasiga aralashuvini kamaytirish, shuningdek, tadbirkorlik huquqi sohasida yagona yondashuvni belgilashga xizmat qilishi taʼkidlandi.

    Qonun qizgʻini muhokamadan soʻng senatorlar tomonidan maʼqullandi.