Dunyoda shaharsozlikning turli modellari mavjud boʻlib, shaharlar ikki asosiy usulda - tashqi tomonga kengayish orqali gorizontal yoki yuqoriga oʻsish orqali vertikal rivojlanadi. XIX asr oxirida Chikagoda osmonoʻpar binoning qurilishi yangicha meʼmoriy tasavvurni uygʻotdi va rivojlanish markazida boʻlgan shaharlarning shaklini oʻzgartirdi.
Shaharlar kengayishining 3 xil asosiy ssenariysi mavjud boʻlib, ularga koʻra aholi zichligi kamayishi, oʻzgarmasligi va ortishi mumkin. Birinchi va ikkinchi ssenariylar odatda shahar hududining yon-atrofga kengayishini ifodalaydi. 3-ssenariy boʻyicha esa shahar vertikal oʻsib, aholi zichligi ortib boradi.
Shaharlarning vertikal oʻsishi yerdan foydalanishni optimallashtirish, infratuzilmalarga kiritiladigan investitsiyalarni qisqartirish, shaharlar ichida sayohat vaqtini kamaytirish, kishilarning bir joyda jamlanib axborot va bilim almashishini tezlashtirish, yanada barqaror shahar rivojlanishini qoʻllab-quvvatlashda yordam beradi.
Shu bilan birga, vertikal oʻsish bilimga asoslangan boshqaruv modellarini qoʻllashni talab etadi.
Oʻzbekistonda 2012-2016-yillarda xonadon (uy) lar soni 6,6 foizga oʻsgan boʻlsa, 2017-2021-yillarda oʻsish oʻtgan 5 yillikdagidan 3 barobar ortiq (20,3 foiz) boʻldi. Bu davrda uylar Samarqand, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahrida eng koʻp qurilgan.
Tahlil natijalariga koʻra, 2021-2022-yillarda:
Sardoba, Jondor, Peshku, Xoʻjaobod, Soʻx va Bogʻdod tumanlari hamda Navoiy, Jizzax, Zarafshon, Buxoro va Andijon shaharlarida vertikal oʻsish eng yuqori boʻlgan.
Respublikaning 77 ta tuman va shahrida jami foydalanishga qabul qilingan uy-joylar maydonida koʻp xonadonli uy-joylar maydonining ulushi 30 foizdan kam boʻlgan.
Xususan, Boʻzatov, Kegeyli, Qoraoʻzak, Boʻston, Yangiobod, Tomdi, Oltinsoy, Mirzaobod, Sayxunobod tumanlari hamda Gʻozgʻon, Shirin va Angren shaharlarida koʻp xonadonli uylar foydalanishga topshirilmagan.
Ijobiy jihatlari bilan bir qatorda, vertikal shaharlar infratuzilma talablari, atrof-muhitga taʼsiri va yashash uchun qulaylik nuqtayi nazaridan qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, aksariyat hududlarning bosh rejasi ishlab chiqilmagani yoki yakuniga yetkazilmagani. Bosh rejasi bor hududlarda ham yer ajratishning rejaga zid ravishda amalga oshirilishi tartibsiz qurilishlarga sabab boʻlmoqda. Jumladan, 2021-yilda respublikada 814 ta holatda bosh rejaga amal qilinmagani aniqlangan.
Qurilish ishlarining jadallashuvi natijasida yashillik darajasi 2022-yilda 2017-yildagiga nisbatan Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida 26 foiz, Yakkasaroy tumanida 23 foiz, Olmazor tumanida 33 foiz, Mirzo Ulugʻbek tumanida 18 foizga qisqargan. Bunday holatni respublikaning boshqa hududlari misolida ham kuzatish mumkin. Masalan, tahlil davrida Buxoro shahrining markaziy qismida yashillik darajasi 37 foizga qisqargan.
Yashil hududlarning inson salomatligiga taʼsiri boʻyicha olib borilgan tadqiqotlar davomida quyidagi natijalar olingan:
– “JAMA Network Open”da chop etilgan tadqiqot natijalari hiyobonlar, jamoat bogʻlari va boshqa yashil maydonlarga keluvchilarning ruhiy salomatligi yaxshilanishini tasdiqladi. Xususan, haftasiga 3-4-marta yashil hududlarda sayr qiluvchilar bir marta yoki undan kam keluvchilarga qaraganda ruhiy salomatlik dorilaridan 33 foiz, qon bosimi dorilaridan 36 foiz va astma dorilaridan 26 foiz kam foydalanishi aniqlandi.
– nature.com saytida eʼlon qilingan hisobotga koʻra, haftada 2 soatni tabiat qoʻynida oʻtkazish tashvish yoki depressiyadan xalos boʻlish, yuqori qon bosimi hamda yurak kasalliklari xavfini kamaytirishda yordam beradi.
Shuningdek, shifokorlar baʼzi dori vositalari oʻrniga tabiatda koʻproq vaqt oʻtkazishni tavsiya qilmoqda. Xususan, Yangi Zelandiyada shifokorlar 1998-yilda yashil maydonda oʻtkazish lozim boʻlgan vaqtni belgilab bergan boʻlsa, Yaponiyada oʻrmon havosidan nafas olish ekoterapiyaning bir shakli sifatida qoʻllanilmoqda.