Yurtimizda amalga oshirilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy islohotlar jarayonida jahon tamadduni xazinasini oʻzining durdona asarlari bilan boyitgan, dunyo sivilizatsiyasi tarixida munosib oʻrin egallagan tasviriy va amaliy sanʼat namoyondalarining nomlarini abadiylashtirish, hayoti va ijodini oʻrganish, maʼnaviy meʼrosi ahamiyatini targʻib etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 21-aprelda “Tasviriy va amaliy sanʼat sohasi samaradorligini yana-da oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori sohada olib borilayotgan islohotlarning yaqqol misolidir. Qarorga muvofiq, joriy yilning oktyabr oyida milliy miniatyura sanʼatiga asos solgan, musavvir, Kamoliddin Behzod tavalludining 565-yilligi mamlakatimiz boʻylab keng nishonlanishi koʻzda tutilgan.
Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyi direktori Gulabza Qarshiyeva bilan boʻlgan suhbatimiz, buyuk musavvirning ijodiy merosini xalqimizga toʻla yetkazish, milliy miniatyura sanʼati anʼanalarini davom ettirish borasidagi Prezident qarori asosida belgilangan vazifalarning ijrosiga bagʻishlandi.
Davlatimiz rahbarining yuqoridagi qarori tasviriy va amaliy sanʼat taraqqiyotida ahamiyatga molik voqea boʻlib, Yangi Oʻzbekistonda, istiqbolli yangi bir davrni boshlab berdi, shunday emasmi?
Albatta. Soʻnggi yillarda hukumatimiz tomonidan tasviriy va amaliy sanʼat hamda dizayn sohasi ijodkorlarini qoʻllab-quvvatlash, ularning ijodiy imkoniyatlarini kengaytirish va bu borada munosib shart-sharoitlar yaratish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. 2020-yil 15-sentyabrga qadar Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyi xiyoboni zamonaviy qiyofada qayta tashkil etish va uning hududidagi Kamoliddin Behzod haykalini 2022-yilda bronzaga oʻtkazilishi, “Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyi faoliyatini takomillashtirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash”, “Kamoliddin Behzod izdoshlari” miniatyura va xalq amaliy sanʼati asarlari ijodiy tanlovining anʼanaviy tarzda oʻtkazilishi, “Oʻzbekiston zamonaviy miniatyurasi” katalogining nashr etilishi singari 10 ga yaqin qaror loyihalari ham Prezident qarori asosida ishlab chiqilgan. Bu musavvir ijod yoʻlini oʻrganishda juda katta qadamdir.
– Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyining asosiy faoliyati va vazifalari nimalardan iborat?
Muzeyning asosiy faoliyati Kamoliddin Behzod ijodiy merosini va Sharq miniatyurasi, xattotlik, naqqoshlik va kitobat maktablari tarixini oʻrganish, ularning eng yaxshi nusxalarini yigʻish, targʻib qilish hamda muzey fondidagi ishlari bilan tanishtirish, turli miniatyura maktab vakillari va musavvir ijodini oʻrganuvchi xorijdagi muzey, kutubxona, galereyalar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan iboratdir. Hozirda muzey fondida mingdan ortiq noyob eksponatlar jamlangan. Bu eksponatlar Behzod va uning shogirdlari ijodi, yurtimiz hududida faoliyat koʻrsatgan miniatyura maktablari asl va foto nusxalari hamda Oʻzbekistonning yozuv madaniyati, kitobat sanʼati tarixi, zamonaviy miniatyurachi rassomlar hamda yetuk xattotlarning ijod namunalaridan iborat. Oʻzbekiston badiiy akademiyasi tomonidan tasdiqlagan reja asosida badiiy tasviriy, xalq amaliy sanʼati asarlari koʻrgazmalari, madaniy–maʼrifiy tadbirlar, ilmiy tadqiqotlar, konferensiya hamda auksionlar oʻtkaziladi. Yurtimiz va xorijda madaniyat, sanʼat sohasida xalqaro, madaniy aloqalarni amalga oshiradi, tasviriy, amaliy va xalq sanʼatining merosi hamda zamonaviy madaniy boyliklarni targʻib etadi. 2017-2020-yillarga moʻljallangan “Oʻzbekiston miniatyura sanʼati: genezisi, evolyutsion jarayon, istiqbol va taraqqiyoti” fundamental davlat grant loyihasi boʻyicha ham ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
– Muzey fondining boyitilish jarayonlari, mavjud eksponatlar, qadimiy qoʻlyozmalar va ularning saqlanish holatiga ham toʻxtalib oʻtsangiz?
- Muzey fondida XIV-XVII asrlarda yaratilgan Kamoliddin Behzod va uning shogirdlari moʻyqalamiga mansub miniatyura asarlari nusxalari, XVII asr oxiri XVIII asr boshlariga oid “Makka tasviri” miniatyurasi, Buxoro, Samarqand, Hirot, Tabriz va Isfaxon kabi mashhur maktablar uslubida yaratilgan milliy va lokli miniatyura namunalari, amaliy sanʼat asarlari bilan birga, fanning turlisohalariga oid qadimiy va noyob qoʻlyozma asarlar saqlanadi. Usta xattotlar tomonidan kufi, suls, nasx, nastaʼliq kabi yozuv xatlarida koʻchirilgan va mohir naqqoshlari shamslar, zarvaraqlar va goʻzal naqshlar bilan bezagan qoʻlyozma va toshbosma asarlar orasida noyob namunalar mavjud boʻlib, ular XII, XV-XIX asrlar kitobat tarixini oʻrganishda hamda ilm-fan taraqqiyotida muhim manba boʻlib xizmat qiladi. Imom Gʻazzoliyning «Kimyoi saodat», «Ihyo ulum ad-din» asarlari, Husayn Voiz Koshifiyning «Axloqi Muhsiniy», Burhoniddin Margʻinoniyning «Hidoya», “Siyari sharif” asarining XVII asrdagi nodir qoʻlyozmasi, Xoja Ubaydulloh Ahrorning ustozi mavlono Yoqub Charxiy qalamiga mansub “Tafsir”ning noyob ziynatli qoʻlyozmasi, XII asrga oid Abubakr ibn Muhammad Abdus-Sayloniyning «Najot uz-zokirin» nodir qoʻlyozmasi, Mavlono Xovandshoh Xeraviyning «Ravzat us-safo», Alisher Navoiy, hofiz Sheroziy, Mirzo Bedil, Shayx Saʼdiy, Muhammad Fuzuliy, Jaloliddin Rumiy devonlari, Shamsiddin Tabriziyning «Kulliyoti Shams Tabriz» qoʻlyozmalari ham shular jumlasidandir. XIV asrga mansub «Tarixi Qaboil al-arab» (arab qabilalari tarixi) qoʻlyozmasi Samarqand qogʻozida yozilgan boʻlib, chizma shakllar bilan mundarija tarzida keltirilganligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Muzey ekspozitsiyasida Kamoliddin Behzodning shogirdi Qosim Ali Chexrakushoyga yozgan maktubining nusxasi ham mavjud. Muzeyga yurtdoshlarimiz tomonidan sovgʻa tarzida ham eksponatlar topshiriladi, jumladan, yaqinda kolleksioner Komil Kamolov nomidan turli davrlarga oid 8 dona toshbosma kitoblar taqdim etildi. Hozirda muzey xodimlari tomonidan mazkur toshbosmalarning ilmiy pasportini yozish ishlari amalga oshirilmoqda.
Xorijiy davlatlarning muzey va kutubxonalarida saqlanayotgan Kamoliddin Behzod va uning izdoshlari asarlarining asl yoki koʻchirma nusxalarini yurtimizga qaytarish masalasi boʻyicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
- Kamoliddin Behzodning va uning shogirdlarining asarlari bizning yurtimizda mavjud emas. Uning merosi Amerika, Fransiya, Misr, Eron, Rossiya, Germaniya muzeylarida saqlanmoqda. Shu nuqtai-nazardan, bu vazifaning amalga oshishi madaniyatimiz uchun katta voqelik boʻlish bilan birga, yoshlarimiz uchun bebaho ijodiy manba sifatida ham xizmat qiladi. Xorijda saqlanayotgan Kamoliddin Behzod va uning shogirdlari ijodiga mansub asarlarning asl yoki koʻchirma nusxalarini yurtimizga qaytarish boʻyicha 2020-2022-yillarga moʻljallangan “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi va uning ijrosiga masʼul Ishchi guruh aʼzolari, belgilangan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan ish olib bormoqda. Bu, musavvir asarlarini bir muzey fondida toʻplash yoʻlidagi katta qadamdir. Maʼlumki, Kamoliddin Behzodda Sulton Xusayn saroyi hamda Alisher Navoiy kutubxonasidagi Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek saroyida yaratilgan qoʻlyozmalarni, Samarqand miniatyura maktabi namunalarini koʻrish va nusxa koʻchirish imkoniyati yuqori boʻlgan. Bundan tashqari, rassomning ustozlari – Mirak Naqqosh hamda Pir Sayid Tabriziylar Mirzo Ulugʻbek davrida Samarqandda ijod etgan asli Buxorolik musavvir, ustod Jahongirning shogirdlari edilar. Bu esa, oʻz-oʻzidan Behzodning shakllanishida XIV asr oxiri XV asr boshlaridagi Samarqand miniatyuralari muhim rol egallaganini anglatadi.
- Sharq xalqlarining mushtarak iftixori, benazir rassom Behzod oʻzidan keyingi avlodga, rang-barang miniatyuralarning eng goʻzal va mukammal namunalarini meros qoldirgan. Isteʼdodli shogirdlari Qosim Ali Chehrakusho, Mahmud Muzahhib, Mullo Darvesh, Doʻsti Devona, Oka Mirak, Muhammadmurod Samarqandiy singari musavvirlar Behzod miniatyura maktabidan bevosita saboq olib, uning ilgʻor anʼanalarini muvaffaqiyat bilan Tabriz, Buxoro, Usmonli Turkiya va Hindistonda davom ettirdilar. XX asr boshlarida Behzod ijodi Gʻarb tasviriy sanʼatiga katta taʼsir koʻrsatadi. Impressionistlar – Piter Paul Rubens, Anri Matiss va boshqalar ijodida Behzod miniatyura maktabi taʼsirini koʻrish mumkin. Yevropa uygʻonish davrining buyuk ijodkorlaridan XX asrning yirik rassomlarigacha, jumladan, Gustav Klimt, Kazemir Malevich, Vasiliy Kandinskiy kabilar oʻrta asr Sharq miniatyura sanʼati anʼanalaridan ilhomlanganlar. Shu jihatdan, Kamoliddin Behzod Sharq va Gʻarb ijodkorlariyu olimlari eʼtiborida boʻlgan. Maʼlumki, bir necha miniatyura maktablari mavjud boʻlib, Kamoliddin Behzod uslubi maktablarning rivojiga katta taʼsir koʻrsatgan. Barcha miniatyura maktablari oʻziga xos xususiyatlarga ega boʻlgan holda, bir-biri bilan qorishiq, uygʻun holda rivojlanib borganligi sabab baʼzi miniatyuralarda bir necha maktab anʼanalarini uchratish mumkin. Shu nuqtayi nazardan ham, “Yoʻl xaritasi”da Samarqand, Buxoro miniatyura maktablari bilan birga Hirot va uning taʼsirida rivojlangan boshqa maktablar namunalariga ham eʼtibor qaratish rejalashtirilgan.
Turkiya davlatining sanʼat muzeylari faoliyatini oʻrganish va hamkorlik aloqalarini mustahkamlash uchun, ilmiy-ijodiy guruhingiz aʼzolari bilan safarda boʻlgan ekansiz. Ijodiy safar kutilgan natijani berdimi?
- Darhaqiqat, muzeydagi ilmiy jamoamiz aʼzolari va rassomlarimiz bilan Turkiyaning bir qator muzeylarida safarda boʻldik. Turkiyaning Toʻpqopi Saroyi muzeyi, Turk va Islom sanʼati muzeylari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorligimiz samarasi oʻlaroq, 18 ta nodir qoʻlyozmaga ishlangan 150 dan ortiq Sharq kitobat sanʼati durdonalarining nusxasi Turkiya madaniyat va turizm vazirligi tomonidan muzeyimiz fondiga sovgʻa qilindi. Ijodiy safarimizdan koʻzlangan asosiy maqsad, Kamoliddin Behzod va uning shogirdlari asarlarini, Oʻrta Osiyo – Buxoro va Samarqand miniatyura maktablari namunalarini oʻrganish, toʻplashdan iborat edi. Aytish joizki, Toʻpqopi saroyi muzeyi hamda Turk va Islom sanʼati muzeyi qoʻlyozmalar fondining katta qismini Temuriylar, ayniqsa, Shohruh Mirzo, Boysungʻur Mirzo, Mirzo Ulugʻbek, Husayn Bayqaro hamda Shayboniylar davrida Hirot, Samarqand va Buxoroda yaratilgan noyob qoʻlyozmalar tashkil etadi. Qoʻlyozmalarning aksariyati, badiiy bezakli qoʻlyozmalar saroy kutubxonalarida, kitobat sanʼatining eng mashhur ustalari tomonidan tayyorlanganligi sababli ham, juda goʻzal va nafis boʻlib, baʼzilarining muqovalari asl holatida saqlangan. Temuriylar davri movarounnaxr va fors davlatlari tarixida (XV asr) islom madaniyati va sanʼatining yuksak darajada rivojlangan davri boʻldi. Bu davrda fors va turkiy tillarda badiiy adabiyotning yuksak namunalari yaratildi. Eng gullab-yashnagan davri Husayn Bayqaro davri boʻlib, soʻfiy shoir Abduraxmon Jomiy hamda buyuk davlat arbobi va shoir Alisher Navoiyning durdona asarlari aynan shu davrda yaratildi. Jomiy va Alisher Navoiy asarlarining Usmonli Turkiyada juda mashhur boʻlganligini aynan Toʻpqopi saroyi muzeyi kutubxonasi va boshqa kutubxonalarda saqlanayotgan koʻplab qoʻlyozmalardan ham bilish mumkin.Toʻpqopi saroyi muzeyi kutubxonasi, Turk va Islom asarlari muzeyi fondlarida saqlanayotgan kitobat sanʼati noyob namunalarining faksimeli asosida tayyorlangan koʻrgazmani oʻzbekistonlik sanʼat ixlosmandlari eʼtiboriga havola etganmiz. Koʻrgazmada, Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma” asari, Alisher Navoiy portreti, Nizomiy Ganjaviy “Xamsa”si, Abdurahmon Jomiy asarlari, Xumoy Humoyun asari, Hofiz Abru Kulliyoti, “Zafarnoma”, «Temurnoma», Saʼdiy Sheroziy dostonlari va boshqa nodir qoʻlyozmalarga ishlangan kitobat sanʼatining noyob durdonalari, miniatyuralar, shams, zarvaraq, unvon va jildlarning goʻzal namunalari ham namoyish etildi. Quvonarlisi, bu asarlar orasida Kamoliddin Behzodning shogirdi Mahmud Muzahhib, Abdullo kabi Buxoro miniatyura maktabining yetakchi vakillarining asarlari mavjud boʻlib, ulardan ilk bora rangli holatda sanʼat ixlosmandlari bahramand boʻlishdi. Turk hamkorlarimiz bilan bu loyihani davom ettirish istagida edik, ulardan takliflar ham keldi. Lekin masalaning moliyaviy jihatlari sabab davom ettirolmadik...
Xalqaro hamkorlik aloqalari qay darajada yoʻlga qoʻyilgan?
- 2018-yilda Qozogʻiston milliy muzeyi bilan memorandum, Turkiyaning Toʻpqopi saroyi muzeyi hamda Turk va Islom asarlari muzeylari bilan ilmiy, ijodiy hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolaganmiz. Shu bilan birga, Yaponiyaning Aichi sanʼat universiteti oʻrtasida 2019-yil 25-fevralda qadimiy qogʻoz va miniatyura sanʼati hamda “The research for the culture of contemporary hand-made paper and artistic expression” (“Zamonaviy qoʻlda tayyorlanadigan qogʻozni madaniy va badiiy ahamiyati tadqiqi” (Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Oʻzbekiston)) nomli ilmiy-amaliy loyihasi boʻyicha oʻzaro hamkorlikda ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish maqsadida memorandum imzolandi. Natijada, oʻtgan yil 14-20-noyabr kunlari Yaponiyaning Nagoye shahrida boʻlib oʻtgan xalqaro seminarda “Kamoliddin Behzod va Sharq miniatyura sanʼati” mavzusida maʼruzam bilan ishtirok etdim.
14 – 16-oktyabr kunlari poytaxtimizda Kamoliddin Behzod tavalludini keng nishonlash maqsadida Xalqaro simpozium oʻz ishini boshlar ekan. Shu haqda ham qisqacha maʼlumot berib oʻtsangiz?
- Darhaqiqat, 14–16-oktyabr kunlari poytaxtimizda musavvir tavalludiga bagʻishlangan Xalqaro simpozium boʻladi. Tadbirlar doirasida “Kamoliddin Behzod va uning davri” badiiy koʻrgazmasining ochilishi, Xalqaro konferensiya va yosh ijodkorlar oʻrtasida “Kamoliddin Behzod izdoshlari” miniatyura va xalq amaliy sanʼati asarlari ijodiy tanlovining respublika bosqichini oʻtkazish tadbirlari ham rejalashtirilgan. Mazkur simpoziumga xorijiy davlatlarning 20 dan ortiq vakillar va xalqaro tashkilotlardan bir qancha soha mutaxassislari ham ishtirok etish istagini bildirishdi. Shuningdek, koʻrgazmaga taqdim etilgan ijodiy asarlarni vizual tarzda namoyish etamiz. Konferensiya esa onlayn tarzda oʻtkaziladi. Bundan tashqari, “Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyi faoliyatini takomillashtirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash” toʻgʻrisida qaror loyihasi ishlab chiqilgan.
Gulichehra DURDIYEVA suhbatlashdi