Joriy yilning yanvar oyida ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida yashovchi 1991-yilda tugʻilgan X.D. va 1989-yilda tugʻilgan I.O.lar tomonidan “Ayol kishining koʻchaga chiqish odoblari...” nomli videolavha tarqatilib, unda bu shaxslar diniy mazmunda ayollarning koʻchaga chiqishga oid turli nomaqbul cheklovlarini bayon qilganlari aks etgan.
Holatni oʻrganish maqsadida X.D. va I.O.lar joriy yilning 26-yanvar kuni Toshkent shahar Yunusobod tumani IIO FMBga taklif etildi. Oʻtkazilgan suhbat davomida ayollarning koʻchaga chiqqanida oʻzlarini qanday tutishi, odobi, begona shaxslar bilan qanday munosabatda boʻlishlari haqida oʻz tashabbuslariga koʻra shaxsiy diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda munosabat bildirganliklari maʼlum boʻldi.
Oʻtkazilgan profilaktik suhbat davomida fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Qonun talablari tushuntirib oʻtildi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonuniga asosan, jins boʻyicha bilvosita kamsitish, yaʼni bir jinsdagi shaxslarni boshqa jinsdagi shaxslarga nisbatan noqulayroq holatga tushirib qoʻyadigan vaziyatlarni, holatlarni yoki mezonlarni yaratish, shu jumladan, gender tengsizlikni ommaviy axborot vositalari, taʼlim, madaniyat orqali targʻib etish, muayyan jinsdagi shaxslar uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan shart-sharoitlar yoxud talablar belgilanishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Ushbu Qonunning 29-moddasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik belgilangan.
Shunday ekan, turmushda va jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalariga rioya etishda insonlar oʻzlarining diniy va ahloqiy qarashlari orqali boshqalarga baho berishi yoki boshqacha koʻrinishda shaxsiy hayotiga aralashishi mumkin emas. Ushbu tartibga qarshi har qanday insonlarning harakati qonun asosida qatʼiy taʼqib qilinadi.
Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunining 10-moddasiga binoan, mamlakat hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi.
Shu munosabat bilan, ushbu fuqarolar Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 1842-moddasi (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish)ga asosan maʼmuriy javobgarlikka tortildilar.