Shaxsiy javobarlik va masʼuliyat tarmoq rivojining asosi

    Fikr 23 Iyun 2023 2289

    Mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojida sanoat tarmogʻining oʻziga xos oʻrni bor. Shu bois, bu sohaga mavjud xomashyo va resurslardan mahsulot ishlab chiqarish hamda ularni qayta ishlash, qoʻshilgan qiymat yaratish, aholi ehtiyojini qondirish, fuqarolarni ish bilan taʼminlashning muhim omillaridan biri sifatida alohida eʼtibor qaratilayapti.

    Xoʻsh, ushbu tarmoqning elektrotexnika yoʻnalishidagi vazifalari qanday bajarilmoqda?

    Tahlillar shuni koʻrsatadiki, oʻtgan yilda mazkur tarmoqda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish koʻlami 20 trillion soʻmni tashkil etgan, eksport hajmi 800 million dollardan oshgan. Respublikamiz hududlarida 87 loyiha ishga tushirilib, 2 ming 619 ta yangi ish oʻrni yaratilgan. Mahsulotlarning eksport geografiyasi ancha kengaygan. Ayniqsa, “GSP+” imtiyozlaridan foydalanilgan holda Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Ruminiya, Sloveniya, Chexiya, Avstriya, Vengriya, shuningdek, Iroq, Livan, Markaziy va Gʻarbiy Afrikaning Gana, Kamerun kabi davlatlariga tarixda ilk bor eksport jarayoni amalga oshirilgan.

    Umuman olganda, hisobot davrida jami 60 dan ortiq davlatga 800,8 million dollardan ortiq 196 turdagi elektrotexnika mahsulotlari eksport qilingan. Eʼtiborlisi, ilgari eksport faoliyati bilan shugʻullanmagan Fargʻona, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi 15 ta korxona ilk marotaba oʻz mahsulotini eksportga olib chiqqan.

    Masalan, Samarqand va Qashqadaryoda asosan maishiy texnikalar Turkiya, Ozarbayjon, Tojikiston davlatlariga, vodiydagi korxonalar tomonidan esa kabel-sim mahsulotlari Rossiya, Tojikiston, Qirgʻiziston davlatlariga yetkazib berilgan.

    Bir qator xalqaro koʻrgazmalar davomida mahalliy korxonalar tomonidan qariyb 50 million dollarlik shartnomalar imzolanishiga erishilgan. Jumladan, Germaniya, Hindiston va Rossiyadagi yirik sanoat koʻrgazmalarida “Made in Uzbekistan” yorligʻi ostida milliy mahsulotlarimiz xalqaro bozorlarga kirib bordi.

    Bundan tashqari, Buyuk Britaniyaning “Pitaks”, Fransiyaning “Ashan” va “Lore Marlen”, Rossiyaning “Eldorado”, “M-Video”, “DNS Atlas” va “Vayldberriyes” hamda Qozogʻistonning “Sulpak” va “Texnodom” kabi yirik savdo tarmoqlari orqali mahalliy mahsulotlar eksport koʻlamini kengaytirishni maqsad qilganmiz.

    Uyushma tomonidan Toshkent viloyati Ohangaron tumanida “Mis sanoati klasteri” hamda Qashqadaryo viloyatidagi “Chiroqchi” erkin iqtisodiy zonasi hududida qayta tiklanuvchi energiya manbalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Solar cluster” loyihalarini amalga oshirish boshlangan boʻlib, hozirda bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda. Uyushma huzurida tashkil etilgan “Loyihalash va injiniring xizmatini tashkil etish markazi” tomonidan korxonalarga huquqiy va marketing tadqiqotlari oʻtkazish uchun konsalting xizmatlari koʻrsatilmoqda.

    Soha korxonalarini qoʻllab-quvvatlash va ularga huquqiy kafolatlarning berilishi tarmoqni iqtisodiy jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi, deyish mumkin. Bu mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun ham, xorijiy investorlar uchun ham oʻzaro manfaatli hisoblanadi.

    Rejalar va istiqboldagi vazifalar

    Iqtisodiyotimizning muhim “drayveri” hisoblangan elektrotexnika sanoatini 2023-yil yakunigacha ham jadal rivojlantirish maqsadida bir qator chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Ayniqsa, sohaga koʻproq chet el investitsiyalarini jalb etish, xorijiy hamkorlar bilan ishlash, yangi brendlarni olib kirish orqali eksport koʻlamini yanada kengaytirish, hududlarda ishlab chiqarish quvvatlari yaratishni kuchaytirish, yangi mahsulot turlarini oʻzlashtirish, qoʻshimcha ish oʻrinlari hamda mahalliylashtirish darajasini oshirish, importni optimallashtirish masalalariga eʼtibor qaratildi.

    Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 2023-yilda elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 22 trillion soʻmni tashkil etishi yoki oʻtgan yilga nisbatan 2 trillion soʻm koʻp (oʻsish surʼati 110 foiz) mahsulot ishlab chiqarish belgilangan edi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri boshchiligida tashkil etilgan ishchi guruh tarkibida respublikamiz barcha hududlaridagi soha korxonalari qayta oʻrganilib, mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish, vujudga kelayotgan muammoli masalalarni bartaraf etish evaziga erishilishi mumkin boʻlgan koʻrsatkichlar qayta tahlil qilingan.

    Olib borilgan oʻrganish va tahlillar yakuniga asosan elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 23 trillion soʻmga yetkazish, yaʼni oldingi yilga nisbatan 115,7 foiz oʻsish surʼatini taʼminlash rejalashtirilgan. Ushbu koʻrsatkichga erishish omillaridan biri — bu 2023-yil investitsiya dasturi boʻlib, uning doirasida umumiy qiymati 46 million dollarlik 12 ta loyihani belgilangan muddatdan ilgari ishga tushirish, buning evaziga 766,7 milliard soʻmlik ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish moʻljallangan. Shu bilan birga, hududiy dasturlarga muvofiq, ishlab chiqarish quvvati 857 milliard soʻmlik 69 ta loyihani hayotga joriy etish koʻzlangan.

    Ikkinchidan, Ohangaron shahrida tashkil etilayotgan “Ohangaron Tech Industrial” texnoparkida jami qiymati 191,3 million dollarlik 10 ta loyiha shakllantirilgan. Mazkur loyihalarni joylashtirish va ishlarni boshlash uchun tasdiqlab berilgan bayonnomaga koʻra, 2023-yilda 2 ta loyihani toʻliq yakunlash, 165 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarishga erishish nazarda tutilgan.

    Uchinchidan, kam quvvatda ishlayotgan va ilgari ishga tushirilgan korxona va loyihalar quvvatini oshirish, mavjud korxonalarning ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirish hisobiga qoʻshimcha 123 milliard soʻm ishlab chiqarish rejaga kiritilgan.

    Toʻrtinchidan, muqobil energetika yoʻnalishida Qoraqalpogʻiston Respublikasida yillik quvvati 150 megavatt, Qashqadaryo viloyatida ham 150 megavatt hamda Toshkent viloyatida 200 megavatt boʻlgan quyosh panellari ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va yetkazib berish boshlanadi.

    Shu kabi choralar natijasida mahsulotlar eksport hajmi 1 milliard dollarga yetkazilib, 2022-yilga nisbatan 125 foiz oʻsish (birinchi chorakda 170 million dollar, oʻsish 114,9 foiz) surʼatiga erishiladi. Dastur doirasida 191,5 million dollarlik investitsiyalar, shundan 58 million dollari toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya va kreditlar hisobiga oʻzlashtiriladi (shu jumladan, birinchi chorakda 15,5 million dollar).

    Mahalliylashtirish dasturiga kirgan 47 ta loyiha doirasida 5,5 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, 503,7 million dollarlik import optimizatsiya qilinadi. Ushbu loyihalar hisobiga 35 ta yangi turdagi import oʻrnini bosuvchi tayyor mahsulot va butlovchi qismlar tayyorlanishi yoʻlga qoʻyiladi.

    Quyosh panellari orqali quvvatlanadigan batareya bilan jihozlangan koʻcha yoritish uskunalari, elektromobillar uchun quvvatlash qurilmalari va stansiyalari, shishali va qum oʻtkazgichli quyosh suv isitgichlari, yassi quyosh paneli orqali ishlovchi suv isitgichlar, quyosh panellari, quruq transformatorlar shular sirasiga kiradi. Bundan tashqari, mis xomashyosini qayta ishlash hajmi 90 ming tonnaga yetkazilib, 2022-yilga nisbatan 128,5 foizga oshiriladi (birinchi chorakda 16,2 ming tonna, oʻsish 126,6 foiz).

    Ijro intizomi va masʼuliyat

    “Oʻzeltexsanoat” uyushmasida ijro intizomini mustahkamlash, berilgan muhim topshiriqlarni oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash maqsadida tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Soha rivojiga qaratilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash sanoat tarmogʻini rivojlantirish bilan birga aholi farovonligini oshirib, turmush darajasini yaxshilab kelmoqda.

    Respublika Prezidentining 2021-yil 10-fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni hamda 2021-yil 31-maydagi “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijro intizomini mustahkamlash hamda hujjatlar ijrosini taʼminlashda dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.

    Oʻtgan davr mobaynida “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi va soha korxonalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 410 ta topshirigʻi bajarilgan. Jumladan, ulardan, 33 tasi farmon, 185 tasi qaror, 3 tasi farmoyish va 185 tasi yigʻilish bayonlari bilan belgilangan topshiriqlarni tashkil etadi.

    Uyushma ijro apparatida belgilangan tizimga asosan haftaning juma kuni Boshqaruv raisi birinchi oʻrinbosari huzurida, haftaning har dushanba kuni esa ijro apparatining umumiy yigʻilishida Boshqaruv raisi huzurida topshiriqlar ijrosi muhokama qilib kelinmoqda. Bundan avvalgi bosqichda esa topshiriqlar monitoring qilinib, boshqarma va boʻlim darajasida muhokama qilinadi, belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashda yuzaga kelayotgan muammolar oʻrganiladi.

    2021-yil 2-martdagi “Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish va mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori bilan asosiy maqsadli koʻrsatkichlar ijrosi toʻliq taʼminlandi.

    Masalan, 2023-yilning birinchi choragi yakuni bilan 19,7 ming tonna mis xomashyosi qayta ishlanib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan (12,8 ming tonna) oʻsish surʼati 153,4 foizga yetkazildi. 4,5 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan (3,8 trillion soʻm) oʻsish surʼati 117,3 foizga yetkazildi.

    234,8 million dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirilib, belgilangan reja 138 foizga bajarildi (oʻsish 158 foiz) hamda 16,7 million dollarlik investitsiya oʻzlashtirildi (oʻsish 117,9 foiz).

    Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan 2022-yilda korxonalarga transport xarajatlari 44,4 milliard soʻm miqdorida qoplab berildi. 2023-yilning 1-may holatiga koʻra esa, ushbu koʻrsatkich 12,7 milliard soʻmni tashkil etdi.

    Shuningdek, tarmoq korxonalariga 2022-yilda jami 82 milliard soʻmlik soliq imtiyozlari taqdim etildi. Joriy yil I chorak yakuni bilan soliq imtiyozlari summasi 38,9 milliard soʻmni tashkil etgan. Shu bilan birga, soha korxonalari tomonidan joriy yilning I choragi yakuni bilan 16,7 million dollarlik investitsiyalar oʻzlashtirilgan.

    Elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlarning texnik reglamentlar va xalqaro talablarga muvofiqligini (xavfsizlik koʻrsatkichlari va energiya samaradorligi) baholash boʻyicha zamonaviy sinov laboratoriyasi va sertifikatlashtirish markazini joylashtirish maqsadida “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi hududida umumiy maydoni ming kvadrat metr boʻlgan zamonaviy laboratoriya binosi qurib bitkazildi va faoliyat boshladi.

    Bir soʻz bilan aytganda, mamlakat iqtisodiyotining muhim drayveri hisoblangan elektrotexnika sanoati tez va jadallik bilan rivojlanish bosqichidan boryapti.

    Bu, oʻz navbatida, sohaga yangi investitsiya loyihalarini joriy etish, mahalliylashtirish darajasini oshirish, yangi ish joylari yaratish va milliy mahsulotlarimizning xalqaro bozorlarda raqobatbardosh boʻlishida keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

    Mirziyod YUNUSOV,

    “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi boshqaruv raisi