Ma’lumki, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Jinoyat kodekslarida saylov qonunchiligini buzganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan. Buni har bir saylovchi yaxshi bilishi lozim.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-2 – 51-9-moddalarida saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari o‘z ifodasini topgan.
Masalan, kodeksning 51-2-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining, saylov komissiyalarining, referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning faoliyatiga aralashish, xuddi shuningdek, ularning ishiga to‘siqlarni yuzaga keltirish mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Mazkur kodeksning 51-3-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining, saylov komissiyalarining, referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning qarorlarini ijro etmagan, ushbu komissiyalarning murojaatlarini ko‘rib chiqishni g‘ayrihuquqiy ravishda rad etish yoki ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzgan mansabdor shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima bilan jazolanadi.
Yana bir huquqbuzarlik – nomzodning, ishonchli vakilning, kuzatuvchining yoki siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlarini buzganlik uchun ushbu kodeksning 51-4-moddasida ma’muriy javobgarlik choralari qayd etilgan.
Ya’ni bunday holat mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdordagi jarima jazosini yuzaga keltiradi.
Shuningdek, kodeksning 51-4 – 51-9-moddalariga ko‘ra:
• saylovoldi tashviqotini olib borish shartlari va tartibini nomzod, ishonchli vakil, siyosiy partiya vakili, mansabdor shaxs tomonidan buzish;
• saylov natijalariga ta’sir ko‘rsatish maqsadida nomzod, siyosiy partiya to‘g‘risida ataylab yolg‘on ma’lumotlarni e’lon qilish yoki boshqa usullar orqali tarqatish;
• ayni jarayonda axborot hamda tashviqot materiallarini qasddan yo‘q qilib yuborish yoki ularga qasddan shikast yetkazish;
• binolarga, inshootlarga yoki boshqa joylarga joylashtirilgan axborot, tashviqot materiallarini saylovga yoki referendumga tayyorgarlik ko‘rish va saylov yoki referendum o‘tkazish jarayonida qasddan yo‘q qilib yuborish yoki ularga qasddan shikast yetkazish;
• saylovni moliyalashtirish tartibini buzish;
• jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, saylov yoki referendum natijalari taxminlarini, shuningdek, saylov yoki referendum bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni e’lon qilish tartibini buzish uchun ma’muriy jarima jazolari qo‘llanadi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 146-moddasida saylov yoki referendum tashkil qilish, ularni o‘tkazish vaqtida mansabdor shaxslar, siyosiy partiyalar yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakillari, tashabbuskor guruhlar yoki saylov yoxud referendum komissiyalari a’zolari tomonidan ovoz berishning yashirinligini buzish, saylov yoki referendum hujjatlarini qalbakilashtirish, saylov yoki imzo varaqalariga soxta yozuvlar kiritish, berilgan ovozlarni ataylab noto‘g‘ri hisoblash uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.
Xususan, bunday qilmish bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu kodeksning 147-moddasiga asosan fuqarolarning deputat yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini saylash yoxud saylanish, saylovoldi targ‘iboti olib borish huquqlarini buzganlik, deputatlikka yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod shaxsning ishonchli vakillari o‘z vakolatlarini erkin amalga oshirishlariga, shuningdek, fuqarolarning referendumda erkin ishtirok etishlariga zo‘rlik ishlatish, qo‘rqitish, aldash yoki og‘dirib olish yo‘li bilan to‘sqinlik qilganlik uchun to‘rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yo uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.