Tadbirkorlarning bankdagi pul mablagʻlarini noqonuniy olib qoʻyganlik uchun javobgarlik belgilandi

    Moliya 11 May 2023 1804

    Prezident tomonidan imzolangan qonun (OʻRQ–841-son, 10.05.2023-y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridagi pul mablagʻlari daxlsizligini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritildi. 

    Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridan pul mablagʻlarini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda oʻtkazish yoki olib qoʻyish yoxud ularni oʻz vaqtida qaytarmaslik, oz miqdorda talon-toroj qilish alomatlari mavjud boʻlmagan taqdirda BHMning 20 baravaridan 40 baravarigacha (6 mln 600 ming soʻmdan 13 mln 200 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

    Jinoyat kodeksiga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, yuqorida qayd etilgan huquqbuzarlik maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilsa, quyidagi jazo choralaridan biri qoʻllanilishiga sabab boʻladi:

    ▫️BHMning 200 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima;

    ▫️3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish;

    ▫️300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari;

    ▫️3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;

    ▫️3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

    Oʻsha harakatlar:

    - koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda;

    - bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

    Oʻsha harakatlar:

    - juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda;

    - uyushgan guruh manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

    Yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo qoʻllanilmaydi.

    Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.