Prezidentimiz “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi bosh muharririga bergan intervyusida eʼtirof etganidek, “Oʻzbekistonda zamonaviy davlatchilik asoslari yaratilib, konstitutsiyaviy tuzumga asos solindi. Davlat hokimiyatining uchta mustaqil tarmogʻi — qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari qaror topdi. Tom maʼnodagi konstitutsiyaviy davlat barpo etildi.”
Jamiyat, davlat va sud-huquqi
Jamiyat — kishilarning tarixan qaror topgan hamkorlik faoliyatlari majmui. Jamiyatdagi hamma narsa, yaʼni, moddiy va maʼnaviy boyliklar, insonlar hayoti uchun zarur boʻlgan shart-sharoitlar va boshqa jihatlar muayyan faoliyat jarayonida amalga oshadi.
Davlat esa, siyosiy tizimning asosiy subyekti sifatida, jamiyat uchun hayotiy muhim boʻlgan vazifalarni bajaradi va uning bir butunligini taʼminlaydi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlaydi. Jamiyatda mustahkam va insonparvar boʻlgan huquq-tartibotni oʻrnatishga, uni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi. Buning uchun davlatda sud-huquq sohasi rivoji, uning tarraqqiyoti, inson huquqlarini taʼminlashdagi oʻrni nihoyatda muhim.
Huquqqa keladigan boʻlsak, aholi oʻrtasida ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi, ular uchun umummajburiy xulq-atvor qoidalarini belgilaydi. Bir soʻz bilan aytganda, davlat bor joyda huquq boʻladi, davlatga hokimiyatni “huquq” beradi. Oʻz navbatida, huquqni davlat hokimiyati taʼminlaydi, davlat hokimiyatlaridan biri esa, aynan sud hokimiyatidir.
Keyingi 5 yilda sud-huquq sohasida inson manfaatlariga qaratilgan shiddatli islohotlar olib borildiki, bu uning mustaqilligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Inson manfaatlariga qaratilgan islohotlar
Bu mavzuda toʻlaroq fikr yuritish uchun, eng avvalo, sud-huquq sohasidagi islohotlarni muxtasar yodga olish va ularning mazmun-mohiyatini anglash maqsadga muvofiq boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 10-oktyabrdagi taqdimnomasiga muvofiq, oradan ikki kun oʻtib Oliy Majlis Senatining amnistiya toʻgʻrisidagi qarori qabul qilindi. Ushbu qarorning ahamiyati shundaki, ana shu sanadan boshlab ilk bor “taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun birinchi marta ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilib, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan shaxslar” ham amnistiyaga tushadigan boʻldi. Ayni shu taqdimnoma va qaror keyinchalik qora roʻyxat balosiga chek qoʻydi. Aytish lozimki, Asosiy qonunimizning 31-moddasi va “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunida belgilangan huquqlar hayotga toʻla tatbiq etila boshlandi.
BMT Bosh Assambleyasining sessiyalarida Prezidentimiz tomonidan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasi hamda “Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasi”ni qabul qilish tashabbuslari ilgari surilib, ularni roʻyobga chiqarishga erishilgani xalqaro maydonda ham yurtimizda inson huquqlari ustuvorligini yaqqol namoyon etdi.
Davlatimiz rahbarining 2016-yil 21-oktyabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga koʻra:
ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan muqobil jazo turlarini qoʻllashni kengaytirish orqali qamoq tariqasidagi jinoiy jazo tugatildi;
jinoyatni sodir etishda gumon qilingan shaxslarni ushlab turish muddati 72 soatdan 48 soatga qisqartirildi;
qamoqqa olish va uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot choralarini qoʻllashning, shuningdek, dastlabki tergovning eng koʻp muddati 1 yildan 7 oyga qisqartirildi;
pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlab qoʻyish uchun sanksiya berish huquqi sudlarga oʻtkazildi;
sudlarga qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash rad etilganda muqobil ehtiyot choralarini qoʻllash huquqi berildi;
tergovning toʻliq emasligini sud muhokamasi jarayonida toʻldirish mexanizmlarini joriy etish orqali sud tomonidan jinoyat ishini qoʻshimcha tergov yuritishga qaytarish instituti isloh etildi;
fuqarolik ishi boʻyicha sud qarorini nazorat tartibida qayta koʻrib chiqish muddati 3 yildan 1 yilga qisqartirildi;
viloyat darajasidagi sudlar tomonidan jinoyat va fuqarolik ishlarini nazorat tartibida koʻrib chiqish instituti tugatilib, tegishli sud raislari va prokurorlarning nazorat tartibida protest keltirish, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ishlarni nazorat tartibida koʻrib chiqish boʻyicha vakolatlari bekor qilindi;
adliya organlarining umumiy yurisdiksiya sudlari faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash sohasidagi vazifa hamda vakolatlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga oʻtkazildi.
2017-yil fevralida sohadagi islohotlar davom ettirilib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish boʻyicha oliy malaka komissiyasi tugatildi, Oʻzbekiston Respublikasida sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini taʼminlashga koʻmaklashadigan Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tuzildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudini birlashtirish, fuqarolik, jinoiy, maʼmuriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasidagi sud hokimiyatining yagona oliy organi — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Harbiy hayʼati tugatilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari tashkil etildi, xoʻjalik sudlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiy sudlari etib oʻzgartirildi.
Prezidentimizning 2016-yil 28-dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga koʻra, Virtul va Xalq qabulxonalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Murojaatlarni koʻrib chiqish tizimi tamomila yangilandi, bu tizim demokratlashdi, davlat organlari va mansabdorlar xalqqa yaqinlashdi.
Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish maqsadida mutlaqo yangi institut — Prezident huzurida Biznes ombudsman ish boshladi.
Bolalarni majburiy mehnatga jalb etish hollariga chek qoʻyildi. Sudlarda esa, maʼmuriy tartibda majburiy mehnatga jalb etish holatlariga yoʻl qoʻygan idoralar va ularning mansabdor shaxslariga tizimli jazo choralari qoʻllanilmoqda.
Fuqarolarning yashash huquqi bilan bevosita bogʻliq pasport tizimi isloh etildi. Xususan, Konstitutsiyada belgilangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga koʻchish huquqi tamoyillariga rioya etilgan holda, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida roʻyxatda turishga cheklov, koʻchmas mulkni olishda ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega boʻlish talabi bekor qilindi va bu tizim bosqichma-bosqich barham topdi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasiga kirib chiqish huquqi, viza tartibotlari soddalashtirildi. Bu sohada ham konstitutsiyaviy tamoyil amalda taʼminlanmoqda.
“Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” ezgu tamoyili asosida prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati hamda IIV tizimlari tubdan isloh etildi, Milliy gvardiya tashkil etildi, IIV tizimida tergov departamenti faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Zulm oʻchogʻi deb taʼriflangan “Jasliq” koloniyasi yopildi, qamoqxonalardagi qiynoqlar batamom tugatildi. Qiynoqlarga qarshi davlatning yaxlit tuzilmasi tashkil etildi. Inson huquqlari boʻyicha Oliy Majlis vakili — Ombudsmanga bevosita ozodlikdan mahrum etish joylarida oʻrganish kabi keng vakolatlar berildi.
Afv etish toʻgʻrisidagi iltimosnomalarni taqdim etish, rasmiylashtirish va koʻrib chiqish, shuningdek, afv etish mahkumni jazodan toʻliq yoki qisman ozod etadigan yoki sud tomonidan tayinlangan jazoni boshqa yengilroq jazo bilan almashtiradigan yoxud sudlanganlikni olib tashlaydigan insonparvarlik tamoyillari joriy etilib, muayyan mahkumga nisbatan individual tartibda amalga oshiriladigan tizim yaratildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar bilan advokatura tizimini tubdan takomillashtirish, advokatlarning jamiyatda mavqeini oshirish borasida muhim qadamlar tashlandi. Notariat sohasi isloh etildi, hususiylashtirildi, elektronlashdi, masofaviy xizmatlar yoʻlga qoʻyildi, aholining notariuslarda navbat kutishi keskin kamaydi. Notariat byurokrat davlat idorasi emas, haqiqiy xizmat koʻrsatuvchi subyektga aylanib bormoqda.
Albatta, islohotlar natijasi oʻlaroq, inson huquqlariga, davlat insonning soʻz, fikr yuritish, vijdon erkinligi kabi eng birlamchi huquq va erkinliklarini taʼminlash, uning kafolatlarini amalda roʻyobga chiqarishga mustahkam bel bogʻladi. Bu kafolatlar taʼminlandi. Ayrim guruhlarning qora roʻyxati tugatildi, xususan, 20 000 ga yaqin kishi undan chiqarildi. Siyosiy mahbuslar ozod etildi. Diniy bagʻrikenglik huquqi taʼminlandi.
2016-yildan buyon Oʻzbekistonda 4965 nafar shaxs kechirilgan. Ulardan 1584 nafari diniy mahbuslar. Bundan tashqari, jazosi yengillashtirilgan mahbuslar soni 1722 nafarga yetgan.
2017-yilda — 263 nafar, 2018-yilda — 867 nafar fuqaro, 2019-yilda — 859 nafar fuqaro, 2020-yilda — 781 nafar fuqaro oqlangan. 3 ming 434 nafar shaxs sud zalidan ozod qilinib, 5 ming 958 nafar fuqaroga nisbatan asossiz qoʻyilgan moddalar ayblovlardan chiqarilgan yoki oʻzgartirilgan. Hokimlarning 2 ming 852 qarori noqonuniy, deb topilib, fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklangan edi.
Prezidentimiz eng aziz umummilliy bayramimiz — Vatanimiz mustaqilligining oʻttiz yilligi arafasida “Jazo muddatini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi. Unga muvofiq, sodir etgan jinoyati uchun jazo muddatini oʻtayotgan hamda qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 215 nafar shaxs afv etildi. Qayd etish joiz, bu shaxslar afv etilishi barobarida oilasi va yaqinlari bagʻriga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shugʻullanishlari, jamiyatda munosib oʻrin topishlari uchun ularga koʻmak berish boʻyicha masʼul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar ham berildi.
Maʼmuriy sudlar tashkil qilingach, 2017-yilda 218 ta, 2020-yilga kelib esa 41 292 ta mahalliy hokimliklarning qarorlarini haqiqiy emas deb topish boʻyicha xususiy ajrim va taqdimnomalar chiqarilgan.
Odamlarning sudlarga boʻlgan ishonchi oshdi. Davlat va xalq bilan jonli muloqotlar va sayyor qabullar, odamlarda muammolarini hal qilishi mumkinligiga katta umid va ishonch uygʻotdi. Davlat idoralari quyi tizimga tushib, aholi ehtiyojlari va talablari asosida ishlashni boshladi.
4 yil oldin valyuta ayirboshlash, propiska, pensiya va nafaqalarni naqd pulda olish masalalari boʻyicha har oyda oʻrtacha 100 mingtagacha murojaat tushgan. Bu sohalarda qulaylik yaratilib, muammolarning tizimli hal etilishi tufayli ularga oid murojaatlar toʻla barham topdi.
Inson huquqlari,sud-huquq sohasidagi islohotlar jarayoniga aqlli boshqaruvni jadal joriy etish, ayniqsa, har bir shaxsning murojaatlari koʻrib chiqilishi markazlashuvni amalda cheklash, oila-nikoh, tadbirkorlik, xususiy mulk va mulkdorlar huquqlari borasida amalga oshiriladigan huquqiy islohotlar shiddatida nafliylik surʼatini pasaytirmaslik talab etilmoqda.
Huquq ijodkorligini susaytirmaslik, portal, qabulxona va sud-tergov organlari faoliyatining oʻzaro munosabatlarida muvozanatni ogʻishmay taʼminlash, majburiy ijro byurosini ijro tizimiga oʻtkazish orqali hal etiladigan real holatlardan koʻz yummaslik, joylardagi sudlar va mahalliy kengashlarning bir-birini tiyib turish funksiyasini konstitutsiyaviy tamoyillardan kelib chiqqan holda, qayta koʻrib chiqishga va huquqiy demokratik davlat asoslaridan chalgʻimay bartaraf etishga ehtiyoj sezilmoqda.
Hadisda keltirilganidek, “Barcha amallar niyatga qarab boʻladi”. Pok niyatlar bilan boshlangan xayrli ishlar, albatta, ijobat topadi. Agar har birimiz islohotlar jarayoniga oʻz hissamizni qoʻshsak jamiyatga ham ijobiy taʼsir etadi. Ana shu ezgu niyatlar, yaxshi amallar yurtimizni erkin va farovon kishilar, baxtli insonlar mamlakatiga aylantiradi.
Nuriddin MURODOV,
Fuqarolik ishlari boʻyicha Toshkent shahar
Uchtepa tumanlararo sudi sudyasi