баннер
1 Apr 2025
13:05

    Shoir koʻngli va shohlik masʼuliyati

    Fikr 17 Fevral 2025 798

    Boburning ruhiy hamda siyosiy muvozanati

    Insondagi milliy gʻurur faqat muayyan millatga mansubligidan faxrlanish hissi bilan cheklanib qolmaydi, u shaxs va ijtimoiy guruh xulq-atvorini muayyan tarzda yoʻnaltiradi, tartibga soladi. Milliy gʻurur millatning oʻtmishda fan, adabiyot, sanʼat rivojiga qoʻshgan hissasi, allomalari, atoqli sarkardalari faoliyati bilan bogʻliq boʻladi. Qanday shaxslar, qaysi voqea-hodisalar bilan faxrlanayotganimiz esa millatimizning mazkur davrdagi maʼnaviy qiyofasini koʻrsatadi. Bu tuygʻu ajdodlar va avlodlar oʻrtasidagi ahloqiy munosabatlarni mustahkamlanishiga koʻmaklashadi.

    Yuksak minbarlarda, bayramu tadbirlarda, rasmiy, norasmiy yigʻinlardan olingan uzuq-yuluq maʼlumot bilan ajdodlarga ehtiromimiz oshib qolmaydi. Hurmat ular qilgan ishlarga aynan yolgʻiz holda ehtiyoj sezganimizda, muayyan buyuk ajdodimizning merosini oʻrganish, baholi qudrat tahlil qilish, xulosa chiqarish zarurati tugʻilganda uygʻonadi. Menimcha, eng samimiy ehtirom ham shu boʻladi. Deylik, Zahiriddin Muhammad Bobur haqida yuzaki tushunchaga ega har qanday odam uni oʻzi uyoq-buyoqdan eshitgan axboroti evaziga keragidan ortiq eʼzozlaydi, aniqrogʻi, chindan eʼzozlayotganlar orasida yakkalanib qolmaslik uchun oʻzini ham ayni shu hissiyot, shavq, qarzdorlik hissi va masʼ uliyat bezovta qilayotgandek koʻrsatadi. Aslida, ichida bu buyuk ajdodimiz bilan ruhiy aloqa oʻrnatolmaydi, uning ogʻrigʻi, murakkab xarakteri, orzu va armonlarini qisman boʻlsa-da, tushunmaydi, ulugʻvor qiyofasini tor tasavvuri sabab gavdalantirolmaydi. Ajdodlarning boy merosini asrab-avaylash, targʻib qilish xususida oʻylab koʻrmagan, satrlarini oʻqib, magʻzini chaqolmagan, his qilolmagan odamda, turgan gapki, milliy gʻurur ham uygʻonmaydi.

    Yuzlab maqola, kitob va boshqa ilmiy izlanishlarda Bobur shaxsining buyukligiga oid fikrlar bildirilsayu, bu qarashlarni toʻldirib borish, isbotlash, bugungi davr bilan bogʻlash, uning shaxsiyati naqadar murakkabligi, hali ayrim jihatlari xolisona aniqlanishi lozimligi taʼkidlanmasa, oʻtmishdan qarzdorlik va kelajak oldidagi masʼuliyat tushuntirilmasa, bu harakatdan ne naf? Bugun shoh va shoir haqida kichik mulohazalarimizni bayon etishga jurʼat topdik.

    Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asari shoh boshidan kechirgan hodisalar yilnomasi sifatida baholanadi. “Boburnoma”ning xohlagan sahifasini oʻqib, bugun uchun kichik boʻlsada, bir xulosa topasiz. Bu samimiy, aniq va puxta, qalb ehtiromiyu aql qudrati boʻrtib turgan oʻzbekona jumlalar zamirida murakkab shaxs, teran nuqtayi nazar, qatʼiyatli shaxs siyrati mujassam.

    Sheʼriyati esa muallifning ichki dunyosini bor shiddati bilan oʻquvchiga yetkazuvchi noyob maʼnaviy xazinadir. Bobur ruboiylarida ham olam-olam maʼno ifodalangan. Ular “Boburnoma” bilan hamohang, uni mazmunan toʻldiradi. Agar Bobur davri, undan oldingi shoirlar ijodida ruboiy janrida anʼanaviy ishq, oshiq va maʼshuq qalamga olingan boʻlsa, Zahiriddin Bobur ruboiylarida inson ichki kechinmalarining rango-rang jilolari, ruhiy muammolari, anglamlari teran aks etganini koʻramiz. Bobur tabiatidagi hayotdan imkon qadar bahramand boʻlish, uning goʻzalligini anglash va nashidasini surish odati kishini hayratga soladi.

    U chindan murakkab shaxs boʻlgan, atrofidagi muhit shunga majbur qilgan. 47-yillik umri tinimsiz muhorabalar, qarindosh-urugʻlar, shahzodalar va noshud beklarning birin-ketin qilgan fitnalari, xiyonati, farzandlarining bevaqt vafoti qaygʻusida oʻtib, umrining oxirlarida turli ogʻir kasalliklar irodasi mustahkam kishining ham ruhiyatiga taʼsir etmay qolmagan.

    Vafotidan ikki yil oldin kasallik uni koʻp tashvishga soladi, ruhiyati tushkunlikka moyil boʻladi. Ushbu holat tasvirida ham “Boburnoma” matnini quvvatlashga muallif oʻz ruboiysini keltiradi. Bunda ruboiy uning ruhiyatini aniq ifoda etadi. Xastalik paytidagi huzun, gʻussa jismiyu ruhiga birdek ogʻirlik qilayotganini aniq badiiy ifoda bilan tushuntiradi: «Yakshanba kuni, muharram oyining oʻn oltisida isittim, titradim, navbat-navbat boʻldi. Yigirma besh-yigirma olti kunga tortti. Doruyi kor ichtim. Oxir basit yarashti, uyqusizligʻ va tashnaligʻdin bisyor tashvish torttim. Bu maraz ayyomida uch-toʻrt ruboiy aytildi. Ul jumladan biri budur:

    Jismimda isitma kunda mahkam boʻladur,

    Koʻzdin oʻchadur uyqu chu oxsham boʻladur.

    Har ikkalasi — gʻamim bila sabrimdek,

    Borgʻon sori bu ortadur, ul kam boʻladur.

    Bu nasriy parchada ham Boburning “uyqusizlik va tashnaligʻdin bisyor tashvish torttim” degan jumlasi keltirilgan ruboiydagi isitmaning mahkam boʻlishi, koʻzdan uyquning qochishi bilan mantiqiy bogʻlanib, muallifning goʻzal tashbehi — gʻam bilan sabrning kurashi, sabrning kamayishi va gʻamning yuksalishi juda yuksak badiiyat bilan ifodalangan. Boburning ana shu ichki tugʻyonini nasrda ifodalash mushkulligi bois, u aytganidek, uch-toʻrt ruboiy yozgan va bittasini “Boburnoma”da keltirgan.

    Zahiriddin Muhammad Bobur qaysi janrda ijod etmasin, barchasida muallif tarjimayi holi, dunyoqarashi, umrguzaronlik daftarining bayoni, bir-birini toʻldiruvchi, “Boburnoma”da chala qolgan fikrlarning izohi, yashirin sirlari boshqa bir asarida yangicha jiloda, shoirona badiiy talqinda ifoda etilgan. Yuqoridagi ruboiy va “Boburnoma” oʻrtasidagi chogʻishtiruv eng mayda misollar tahlilidan biri, xolos. Bu masala alohida tadqiqot mavzusi, uni keng miqyosda tadqiq etish Bobur shaxsiyati va ijodini yanada teran anglash, olijanob xarakterini oʻrganish va oʻzlashtirish imkonini beradi. Axir tasavvur qiling, eng yaqin qarindoshlarining xiyonatini kechirdi, dushmanlari bilan sulh tuzishni maʼqul koʻrdi, suyukli egachisi Xonzodabegimning ashaddiy dushmani Shayboniyxon nikohiga kirishiga ham rozi boʻldi, Hindiston sultoni Ibrohim Loʻdiy jangda mahv etilgach, uning onasi Baydaga koʻp muruvvat koʻrsatib, saroyidan joy berdi. Oʻylashimizcha, Bobur bu kabi tadbirlarni saltanat yaxlitligini asrashda muhim diplomatik yoʻl deb bilgan. Umuman, Zahiriddin Muhammad Bobur davlatchilik boshqaruvida millat, qavm va qabilalar, Hindistonda esa turli-tuman ijtimoiy tabaqalar, kastalar orasidagi diniy nizolarni imkon qadar ahillik, oʻzaro tushunish va ayrim jihatlarga qisman yon berish orqali, bugungi til bilan aytganda, tolerantlik siyosatini yuritgan.

    Qayerda boʻlmasin, u biror-bir yangilikka qoʻl urishdan oldin bu ish jamiyat va saltanat manfaatiga qanchalik xizmat qilishini oʻylab koʻrgan. Masalan, adabiyotshunos Hasan Qudratullayevning yozishicha, Bobur Hindistonga dastlab kelgan paytida bir katta ibodatxonaga kirib, butlarni sindirib, bogʻ yaratishga amr beradi va hayal oʻtmay, bu harakati mahalliy aholi noroziligiga sabab boʻlishini tushunib ishni toʻxtatadi. Farzandlariga maktub va vasiyatlarida ham diniy, irqiy, maʼnaviy qadriyatlarga zid harakatlarni qilmaslik, diniy bagʻrikenglik bilan ish yuritish zarurligini alohida taʼkidlaydi.

    Farzandi Humoyunga yozgan “Vasiyatnoma”sida: “Ey farzand! Hinduston mamlakati turli mazhablardan iborat. Subhonolloh taolo haqqi, senga buyurildiki, har bir mazhabga pok qalb bilan qaragin, har bir mazhab va tariqatga adolatli boʻlgin. Xususan, sigirni qurbon qilishdan saqlanginki, bu Hinduston xalqining qalb ardogʻi va bu viloyat ahli podshohga yaxshi nazar bilan bogʻlanadi. Podshoh farmoniga boʻysungan xalqni xarob qilmagin. Adolatni ixtiyor qilgin. Shunda shoh raiyatdan, raiyat shohdan xotirjam boʻladi. Islomning taraqqiyoti ehson tigʻi bilan yaxshiroqdir. Zulm tigʻi bilan emas” deb taʼkidlaydi.

    “Vasiyatnoma”ning davomida Bobur sunniy va shia mazhablarining oʻzaro ixtilofi eʼtiborga molik emasligi, bu ikki taraf ziddiyati faqat islom dini quvvatini yoʻqotishga olib kelishini alohida aytib oʻtgan.

    Bunda Boburning ikkala tomondan ayb qidirmagani, ularning muqaddas islom dini atrofida birlashishini istaganini koʻramiz. Bu dalil shohning shia tarafdorlariga munosabatini aniq-tiniq koʻrsatib beradi. Shuning uchun Boburning Samarqandda shia mazhabiga bildirgan muvaqqat qarashlarini uning mustahkam saltanat yoʻlidagi intilish lari asosidan qidirish kerak.

    Keyinroq Hindistonda boburiylar saltanatini yuksak choʻqqiga koʻtargan nabirasi Akbarshoh Boburning bu vasiyatini imkon qadar amalga oshirib, turli diniy mazhablarni birlashtirish, ularning bir maqsad sari intilishiga bosh boʻldi.

    Bobur qisqa umr koʻrgan boʻlsada, dunyo xaritasida oʻzining Andijondan to Hindistongacha boʻlgan mashaqqatli hayot yoʻlida oʻchmas iz qoldirdi. Bobur yurgan yoʻllar juda koʻp tarixiy voqealar, fojialar, urushlarga shohid boʻlgan. Shu bilan birga, bu dilbar shaxs mehrini, muruvvatini, chin insoniy sifatini oxiri qoʻnim topgan Hindistonda namoyon qildi. Hindiston tarixida yangi davrga asos soldi, bu davr mamlakat tarixida porloq hayot, farovonlik va yuksalishga asoslangan davr boʻlib qoldi. Taniqli boburshunos Hamid Sulaymon taʼkidlaganidek, Boburning Hindiston uchun keltirgan foydasi shuki, u zabt etilgan yerni talon-toroj qilmadi, balki bu yerdagi tarqoq, mayda feodal davlatlarni asta-sekin yagona, kuchli davlatga birlashtira borib, ichki feodal urushlar, diniy nizolarga chek qoʻyib, turli din va mazhabdagi kishilarni oʻzaro murosaga keltirdi. Davlat ishlarini adolat bilan boshqardi. Bunda u yerdagi tarqoq viloyatlarni markazlashtirdi, gʻayridinlik soligʻini bekor qildi, vafot etgan erni tirik xotin bilan qoʻshib kuydirishni man etdi, kiyinish madaniyatini takomillashtirdi, ijodkorlarni qoʻllab-quvvatladi, xalqning urf-odatlariga, qadriyatlariga hurmat bilan qaradi. Hind diyorini madaniy va soʻlim goʻshaga aylantirdi.

    Shoh va shoir tomonidan Hindistonda masofani oʻlchash, xazina miqdorini belgilashda qulay, oʻziga xos arifmetik atama va hisoblash uslubi yangilik sifatida kiritilgan, jang taktikasiga oid koʻplab atamalar joriy etilgan. Bularning barchasini oʻrganish bugungi avlodlarni qadim maʼnaviyatimiz yutuqlaridan xabardor etadi, ularda yuksak iftixor hissini uygʻotadi. Masalan, Bobur Afgʻonistonda oʻz saltanatini qurarkan, askarlarga amr va farmonlari aniq, mazmunli yetib borishi uchun juda koʻp afgʻoncha, arabcha amr soʻzlarini turkchaga oʻzgartiradi. Buni Boburning oʻzi katta bunyodkorlik deb biladi.

    Qurilgan muhtasham imoratlar, ravon yoʻllar asrlar oʻtib, oʻsha davr sarvarining ezgu niyatlari, chekkan tashvishlari va orzu-umidlaridan dalolat berib turgan, insoniyat tomonidan qadrlangan Zahiriddin Muhammad Bobur, shubhasiz, yuksak ardoqqa loyiq. Uning bunyodkorligi hayot paytidayoq mislsiz shuhrat keltirgan edi. Bugun esa bu ezgu ishlari yanada salobat, koʻrkamlik kasb etib, Sharq tamaddunining iftixoriga aylandi.

    Endi maqolamiz avvalidagi masʼuliyat va axloqiy qarzdorlikka qaytsak. Kelajak avlod oldidagi masʼuliyatu oʻtmish ajdodlar oldidagi qarzdorlik haqida koʻp gapiriladi. Bu kabi qarzdorlik yoki masʼuliyat, shubhasiz, huquqiy asosga ega emas. Hozirgi biror qonun oʻn besh asr avval yashagan ajdodlar oldidagi maʼnaviy qarzni uzishni qatʼiy talab qilmaydi. Biroq bu oʻrinda axloqiy qarzdorlik yoki ijtimoiy masʼuliyat haqida gapirish mumkin.

    Faylasuf Xurshid Yoʻldoshevning bayon etishicha, oʻtmishdan qarzdorlik va kelajak oldidagi masʼuliyat bir-birini taqozo qiladi, birisiz ikkinchisini izohlash, tushuntirish mumkin emas. Yaʼni kelajak oldidagi masʼuliyat oʻtmish oldidagi qarzdorlik orqali izohlanadi. Bobolarimizning harakati sabab biz yovvoyi tabiat qoʻynida dunyoga kelmadik. Bizni butun boshli qadriyatlar tizimi, til, urf-odatlar, din, tayyor ilmiy-texnologik yutuqlar qarshi oldi. Shunday ekan, bu qarzdorlik axloqiy ekani, ajdodlar katta ishlarga qoʻl urarkan, avlodlarni qarzdor etishni koʻzlamaganini taʼkidlamoq lozim.

    Ajdodlar oʻz ota-bobolari qoldirgan merosni asrab, bizgacha yetkazgani uchun biz ulardan qarzdormiz deya olmaymiz. Bobur oldidagi qarzimiz u oʻzigacha yashagan shoirlar, tarixchilar, olimlarning ishlarini shunchaki saqlab, bizga yetkazib bergani tufayli emas. Uning oldidagi qarzimiz u oʻz davrining yorqin namoyandasi, bunyodkori boʻlgani tufaylidir. Biz faxrlanayotgan ajdodlarimizning oʻzi, jumladan, Bobur ham innovator boʻlgan. Innovator, islohotchi ajdodlardan qolgan merosni shunchaki saqlash, faqat ular bilan faxrlanish bilan munosib avlod boʻla olmaymiz. Oʻtmish islohotchilarning munosib avlodi bugungi islohotchilardir. Oʻylab koʻraylik, avlodlararo robita faqat ajdodlar merosini asrab-avaylashdangina iborat desak, kim shuncha narsani yaratdi, bunyod qildi? Agar ajdodlarimiz oʻzidan avvalgilar merosini asrash bilan cheklanganida edi, taraqqiyot ham boʻlmasdi.

    Demak, qarzdorligimiz, avvalo, ajdodlarning yaratuvchanligi sabablidir. Kelajak avlod oldidagi masʼulligimiz esa ajdodlar oldidagi qarzimizni uzishda. Ular bizni yangilik, bunyodkorlik, yaratuvchanlik bilan qarzdor qildi, biz ham yangilik, bunyodkorlik, yaratuvchanlik bilan avlodlarni, yaxshi maʼnoda, qarzdor qilamiz. Qarzdorlik avvalgilarning hissasini asrab qolish bilangina uzilmaydi. Ayni damda bu ajdodlar merosini nest-nobud qilishni emas, ularni ijodiy oʻzlashtirish, kezi kelganda, tanqid qilish va kelgusi avlodga yetkazishning ixtiyoriyligini ham anglatadi. Binobarin ijodkorlarning munosib vorisi faqat ijodkorlardir, ularning asarlariga tishi oʻtmagan holda hammadan koʻra koʻproq madh etib, ajdodlarning ruhidan ham manfaat koʻzlaydiganlar emas.

    Azizbek YUSUPOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Telegram kanalimiz
    Text to speech