«Taraqqiyot strategiyasi» markazi axborot xizmati ma'lumotiga ko'ra, tashrif doirasida O'zbekiston va Shvetsiya o'rtasidagi o'zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, bu jarayonda tomonlarning etakchi «aql markazlari» hamda tadqiqot institutlari faolligini oshirishga qaratilgan qator uchrashuvlar bo'lib o'tmoqda.
Jumladan, Markaz ekspertlari GlobalGoToThinkTankIndexReport xalqaro reytingida ikkinchi o'rinda turadigan Stokgol`m atrof-muhit instituti vakili bilan uchrashib, ekologiya va atrof-muhit sohasidagi xavf-xatarlarni oldini olish, bunda barcha tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda xalqaro darajada sa'y-harakatlarni birlashtirish kabi masalalar bo'yicha muloqot qildi.
Markaz rahbari eldor Tulyakov tomonidan O'zbekistonda aholi salomatligi va genofondiga ziyon etkazadigan ekologik muammolarni bartaraf etish, qayta tiklanuvchi energetika manbalaridan oqilona foydalanish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar bo'yicha ma'lumotlar taqdim etildi.
Jumladan, Toshkent shahrida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Evropa kengashi Prezidenti Sharl` Mishel` o'rtasida bo'lib o'tgan muloqotda ham ekologiya, «yashil» iqtisodiyot, energetik samaradorlik va suvdan oqilona foydalanish sohalarida o'zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalalariga alohita e'tibor qaratilganligi ta'kidlandi.
O'zbekiston Prezidenti tomonidan nufuzli xalqaro minbarlardan atrof-muhitga oid tashabbuslar muntazam tarzda ilgari surib kelinayotgani, 2022–2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasida Butunjahon ekologiya xartiyasini ishlab chiqishga qaratilgan alohida maqsad belgilanganligi aytildi.
O'zbekiston BMTning atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish sohasidagi eng muhim konventsiyalari, Barqaror rivojlanish maqsadlariga qo'shilib, zimmasiga olgan barcha majburiyatlarni bajarib kelmoqda, tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilikni amalga oshirish mexanizmi ishlab chiqilgan bo'lib, maqsadli davlat dasturlari, milliy harakat rejalari hayotga tadbiq etilmoqda, amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim qismi bo'lgan ushbu xayrli ishlarda jamoatchilik tashkilotlari ham faol ishtirok etmoqda.
O'z navbatida, Stokgol`m atrof-muhit instituti loyihalar menejeri Bernandos Pedigamos mazkur muassasa faoliyatining asosiy e'tibori atrof-muhit muammolari va taraqqiyot uchun tahdidlar, boshqaruv, iqtisodiyot, gender tengligi va sog'liqni saqlash masalalariga qaratilgani, ushbu yo'nalishda mahalliy va xalqaro miqyosda qarorlar qabul qilishga ko'maklashishini bildirdi.
Institut vakili Atrof-muhitning ifloslanish darajasini baholash mexanizmlarini takomillashtirish, tabiiy muhitni kuzatish, uning ifloslanish darajasini bashorat qilish borasida hamkorlikdagi tadqiqotlarning o'rni yuqoriligi, bu borada O'zbekistondagi tahlil markazlari hamda tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda ishlashdan manfaatdor ekanligini ta'kidlab o'tdi.
Muassasa O'zbekistonning “yashil” iqtisodiyot bo'yicha tashabbuslari, hayotga tadbiq etilayotgan kontseptsiya va strategiyalari, ayniqsa, zararli kimyoviy, fizikaviy, biologik va boshqa xil ta'sir ko'rsatilishining oldini olish hamda kamaytirish bo'yicha olib borayotgan siyosatini qo'llab-quvvatlashi ta'kidlandi.
Tomonlar ikki mamlakat «tahlil markazlari» o'rtasida muntazam tajriba almashishni yo'lga qo'yishdan manfaatdor ekanligini bildirib, qo'shma tadqiqotlar o'tkazishga kelishib oldi.