“Qo'lyozmalarni har safar o'rganganimda sirayam qaytib bergim kelmaydi, o'zimizniki axir”, deydi suhbatimiz avvalida O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti professori Gulnoza XALLIEVA. Ma'naviy merosimizga bo'lgan shu birgina e'tirof, mehr va muhabbat taftidan qalbimiz yorishib ketdi. Suhbatdoshimizning “Evropa fondlarida saqlanayotgan, O'zbekistonda mavjud bo'lmagan turkiy qo'lyozmalarning ma'lumotlar bazasini va “Yevroturcologica.uz” elektron platformasini yaratish” nomli ajoyib innovatsion loyiha ishqida qilgan izlanishlari, mashaqqatlari va ilmiy kuzatuvlari ko'z o'ngimizda namoyon bo'ldi. Ushbu loyiha tashabbusi qanday maqsadlar va ma'naviy ehtiyojlar tufayli o'rtaga tashlandi? Shu kungacha qo'lyozmalarimizning elektron platformasida qanday ma'lumot va yangiliklar mujassam bo'ldi? Ushbu ma'lumotlarning bosma qog'ozlardagi nashri ham tayyorlanyaptimi? Ayni savollarimiz atrofidagi mulohazalar sizni ham e'tiborsiz qoldirmaydi, degan umiddamiz.

 – Innovatsion loyihadagi reja asosida 2023 yil iyunda O'zbekistondan Shvetsiyaga borgansiz. Ayni sanagacha Evropaning Frantsiya, Germaniya, Finlyandiya, Avstriya, Shveytsariya, Italiya, Daniya, Lyuksemburg kabi qator davlatlarning fondlarida izlanishlar olib borganingiz  haqida ajoyib yangiliklarni o'qiganmiz.  Ushbu ilmiy safarlar davomida loyiha a`zolari tomonidan qanday e'tiborga molik qo'lyozmalar topilgan va nashr qilingan?

 – Avvalo, ushbu xizmat safari oldidagi hayajonlarimni aytmaysizmi... Prezidentimizning 2017 yil 24 maydagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ'ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi, 2017 yil 20 iyundagi “O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O'zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazini tashkil etish to'g'risida”gi qarorlarida mamlakatimiz fondini boyitish maqsadida yurtimiz tarixiy-madaniy merosiga oid, xorij fondlarida saqlanayotgan noyob kitoblarni olib kelish, qo'lyozmalarni sotib olish va ko'paytirish bilan bog'liq vazifalarni amalga oshirish vazifalari belgilangan. Bundan tashqari, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (hozirgi Turkiy davlatlar tashkiloti)ning qator vazifalari, sharqshunoslik yo'nalishidagi tadqiqotlar ham aynan chet el fondlarida turgan madaniy yodgorliklarimizni o'rganish yo'li bilan xalq mulkiga aylantirishga, hukumatimiz qarorlari ijrosiga qaratilgan. Mazkur hujjatlarning e'lon qilinishi biz tadqiqotchilarning necha yillardan buyon orzu qilib kelayotgan izlanishlari va dadil qadamlariga yo'l ochib berdi, desak adashmagan bo'lamiz. Yangi loyihamizning asosiy maqsadi ham Evropaning yirik qo'lyozma fondlarida saqlanayotgan, O'zbekistonda muqobili bo'lmagan qo'lyozmalarimizni aniqlash, sohalar bo'yicha tasniflash, tavsiflash va tadqiq qilishdan iborat. Shu o'tgan davr mobaynida Evropaning qator davlatlari fondlaridan loyiha a'zolari tomonidan 93 ta noyob qo'lyozma topildi, ayrimlari tabdil va nashr qilindi. Frantsiyadan olib kelingan “Nasixatnomai Shohiy” (Xusayn Xorazmiy, XV asr) va  Germaniyadan keltirilgan  “Ma'orifun  nasab” (Bobojon Sanoiy, XIX asr) kabi noyob qo'lyozmalar  tabdil va nashr qilindi.  Ushbu asarlar bilan Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonamizda to'liq tanishish mumkin.

Kelgusida Evropa fondlaridagi mavjud qo'lyozmalar  foto nusxalarini, mikrofil`mlarini olish hisobidan mamlakatimiz qo'lyozma  manbalar fondi boyitib boriladi.  SHuningdek, qo'lyozmalar reestrini va ilmiy tavsifini yaratish orqali millatimiz tarixining yangi sahifalarini ochish, ma'naviy qadriyatlarimizning xalqaro miqyosdagi hududini belgilash, yozma madaniyatimiz poydevori bo'lgan birlamchi qadimiy manbalarni ilmiy istifodaga olib kirish va xalqimizning ma'rifat xazinasini yangidan yangi tadqiq va targ'ib ob'ektlari bilan boyitish loyihamizning ilmiy ahamiyatini belgilaydi. Izlanishlarimiz davomida qo'lga kiritiladigan ilmiy yutuqlar va natijalar kelgusida ushbu yo'nalishda amalga oshiriladigan yuzlab ilmiy tadqiqot ishlari uchun asos bo'lib xizmat qiladi.

Dastavval, ilmiy izlanishlarimni Uppsala universiteti kutubxonasida turgan turkiy qo'lyozmalarimizni o'rganishdan boshladim. Kuzatishlarimiz asosida ushbu joydagi turkiy qo'lyozmalar bo'yicha 2 ta katalog yaratilgani aniqlandi. Birinchisi 1849 yilda shved sharqshunos olimi Karl Iogann Tornberg (Carl Johan Tornberg 1807-1877) tomonidan lotin tilida yaratilgan (Codices ArabiciPersici et Turcici Bibliothecae Regiae Universitatis Upsaliensis). Ushbu katalogda Uppsala universiteti kutubxonasiga 1845 yilgacha yig'ilgan arab, fors, turkiy qo'lyozmalarning qisqacha tavsifi berilgan. Tavsifda qo'lyozmalar tarix, falsafa, adabiyot, matematika kabi fanlar bo'yicha ajratilgan. Qo'lyozmalar har bir soha doirasida arab (a), fors (v), turkiy (s) tarzida bitta bo'limda ko'rsatilgan. Masalan, adabiyotga oid har uchala tildagi qo'lyozmalar tavsifi bitta joyda berilgan. Kitobga juda sermazmun so'zboshi yozilgan, jumladan, qo'lyozmalarning SHvetsiyaga, Uppsala kutubxonasiga keltirilishi bilan bog'liq tarix batafsil yoritilgan. Ushbu katalogni o'rganish asosida turli fanlarga oid 206 ta turkiy qo'lyozma mavjudlini aniqladik.

Ikkinchi katalog ikki jilddan iborat bo'lib, Uppsala universiteti professori Karl Vil`gel`m Zettersten (1866-1953) tomonidan yaratilgan (1930, 1935). Ushbu katalogda ham arab, fors, turkiy qo'lyozmalar tavsifi berilgan (Die arabischen, persischen und turiilschen handschriften der universitätsbibliothek zu Uppsala). Olim Uppsala universitetida sharqshunoslik yo'nalishi taraqqiyotiga katta hissa qo'shgan, arab, fors, turkiy tillardan bir nechasini mukammal bilgan. Kataloglarning har ikkalasida so'zboshi berilgan. Ulardan ma`lum bo'lishicha, K.Zettersten aynan K.Tornberg katalogiga kirmagan, 1849 yildan keyin kutubxonaga keltirilgan qo'lyozmalarni tavsif qilgan. Bundan tashqari, ushbu katalog arab, fors, turkiy qo'lyozmalarning alohida-alohida boblarda berilgani bilan K.Tornberg katalogidan farq qiladi. Mazkur kataloglarda jami 142 ta turkiy qo'lyozmaga tavsif berilgan. Yuqorida qayd etilgan kataloglardan tashqari 1935 yildan keyin kutubxonaga keltirilgan qo'lyozmalar haqida ham oddiy printerda chiqarilgan material mavjud, unda ham 21 ta turkiy qo'lyozmaga tavsif berilgan.

 – Shvetsiyaning Lund universiteti kutubxonasidagi qo'lyozmalarning aksariyat qismi shved olimi va diplomati Gunnar Jarring nomi bilan bog'liq ekani rostmi? Bu qo'lyozmalarning o'ziga xosligi nimalarda ko'rinadi?  

– Darhaqiqat, bu kutubxonada saqlanayotgan turkiy qo'lyozmalar hajmi 500 dan ortiq bo'lib, mazkur fond shved diplomati va olimi Gunnar Jarring nomi bilan ataladi (The Jarring Collection). Gunnar Jarring (Gunnar Jarring (1902-2002) ko'p yillar davomida Sharqiy Turkistonda missionerlik qilgan, o'z faoliyati davomida ko'p qo'lyozmalarni yiqqan, mahalliy xalqdan sotib olgan. 1982 yilda barcha to'plagan qo'lyozmalarini Lund universiteti kutubxonasiga topshirgan. Ingliz tilidagi ushbu qo'lyozmalar katalogini ham yaratgan, ammo nashr qilinmagan. Hozir bu katalog-qo'lyozma raqamlashtirilgan va kutubxona veb sahifasiga joylashtirilgan.

Lund kutubxonasidagi qo'lyozmalarga  uyg'ur qo'lyozmalari deb nom berilgan. Aslida ular orasida nafaqat uyg'ur, balki qozoq, turk, o'zbek (Evropada ko'pincha chig'atoy qo'lyozmalari deb ataladi) va boshqa tillardagi manbalar bor. Qo'lyozmalar yaxshi, qoniqarli, yomon va qo'llanishga yaroqsiz kabi to'rt toifaga ajratilgan. Yomon va qo'llanishga yaroqsiz belgisi ostidagi qo'lyozmalar foydalanishga berilmaydi, ularni faqat pul to'lab, raqamli variantiga buyurtma berish mumkin, xolos. Men ko'rgan yaxshi va qoniqarli belgili qo'lyozmalardan ba'zilari ham ta`mirtalab ahvolda. Albatta, ularni ko'rib juda achindim, avaylab varaqladim. Nazarimda, bu qo'lyozmalar bilan Gunnar Jarringdan keyin hech kim qiziqmagan, ko'rmagan. Suhbatimiz avvalida ta'kidlaganimdek, qo'lyozmalarni har safar o'rganganimda ularni sirayam qaytib bergim kelmaydi, o'zimizniki axir....

 Mazkur fond haqida 2006 yilda yozilgan “Gunnar Jarring va Jarring kollektsiyasi” maqolasi muallifi, Lund universiteti tadqiqotchisi, tarix kafedrasi o'qituvchisi Gunil Tornval (Gunilla Törnvall) bilan uchrashganimizda bu Sharqiy Turkiston qo'lyozmalarining nihoyatda boy kollektsiyasi bo'lib, dunyoda uchinchi o'rinda turishini aytdi. Qo'lyozmalar islom olamining Markaziy Osiyoning chekkasidan, hozirgi Xitoyning SHinjon viloyatidan, qadimgi Ipak yo'li bo'yida joylashgan Qashg'ar va Yorkand kabi shaharlardan keltirilganini, mazkur fondni raqamlashtirish uchun katta mablag' ajratilganini ham ta'kidladi. Kelajakda bu xayrli ish amalga oshirilishini ma`lum qildi. Olimaning ta'kidlashicha, Gunnar Jarring tashabbusi tufayli ko'plab diplomatlar Jarring to'plamiga o'zlari keltirgan, mahalliy bozorda ko'chirilgan yoki sotib olingan qo'lyozmalar bilan hissa qo'shganlar. Ko'pgina qo'lyozmalar Gustaf Al`bert (1884-1943; 109 ta), Devid Gustafsson (1879-1963; 75 ta), Sigfrid Moen (1897-1989; 59 ta), Gustaf (1871-1954) va Hanna Raguetti (1884-1979; 48 ta), Oskar Hermansson (1889-1951; 42ta) va Gunnar Hermansson (1895-1962; 31 ta) kabi diplomat va olimlar tomonidan kutubxonaga topshirilgan.

Demak, hozirgacha kuzatishlarimiz asosida SHvetsiyada 858 ta turkiy qo'lyozma borligi aniqlandi. Agar takror nusxalar borligini hisobga olsak, 500 tadan ortiq qo'lyozma bor. Ular turli davrlarga va sohalarga oid. Adabiyotshunos bo'lganim uchun, albatta, birinchi navbatda, adabiy asarlarga diqqatimni qaratdim. Ular orasida Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Fuzuliy, So'fi Olloyor, Mashrab kabi biz bilgan mashhur shoirlardan tashqari hali xalqimizga noma'lum bo'lgan shoirlar, tarjimonlarning ham qo'lyozmalari mavjud. Birgina Alisher Navoiy qo'lyozmalarining o'zi 25 tani tashki etadi.

 Biz tekshirgan kataloglar so'zboshida keltirilgan ma`lumotga ko'ra, ushbu qo'lyozmalar, asosan, shved missionerlari faoliyati davomida yig'ilgan, sotib olingan va keyinchalik Lund va Uppsala universitetlari kutubxonalariga tuhfa qilingan. Qo'lyozmalar orasida O'zbekistonda mavjud bo'lmagan turkiy qo'lyozmalar ham mavjud. Biz aynan shu masalani jiddiy tekshiryapmiz, natijalarni tadqiqotlarimizdan keyin e'lon qilamiz.

 – Shvetsiya va turkiy davlatlar o'rtasida avvaldan diplomatik, ijtimoiy-madaniy aloqalar bo'lgan. Ilmiy adabiyotlarda XVI asrdan boshlab shved olimlari turli sohalarda ilmiy madaniy aloqalar o'rnatgani yoritilgan. Yaqindagina ushbu davlatda elchixonamiz ochilgani ilmiy, madaniy, diplomatik aloqalarga yanada keng yo'l ochib berdi. SHunday emasmi?..

– Albatta. Biz Stokgol`mda, O'zbekistonning Shvetsiyadagi muvaqqat ishlar vakili Nodir G'aniev va elchixona uchinchi kotibi Orifjon Komiljon o'g'li bilan rasman uchrashdik, kelajakdagi rejalarimiz, Shvetsiyadagi turkiy qo'lyozmalarimiz taqdiri, ularni o'rganish yo'li bilan vatanimizga qaytarish kabi masalalar yuzasidan suhbatlashdik.

 Galdagi vazifamiz Shvetsiya kutubxonalarida saqlanayotgan 800 dan ortiq noyob durdonamizni olimlar guruhi bilan kelib, avvalo, to'liq reestrini tuzish, tavsifini yaratish, hammasini yaroqli holga keltirib ta`mirlash, iloji bo'lsa, yurtimizga qaytarishdan iborat.

– Pol`shadagi ilmiy izlanishlar haqida ham to'xtalib o'tsangiz. Ma'lumotlarga ko'ra, mazkur davlatda saqlanayotgan SHarq qo'lyozmalari bo'yicha 1958-1969 yillar mobaynida 5 jild katalog-tavsif yaratilgan ekan...

 – Pol`sha davlatining Varshava shahriga  etib kelganimizda  vatandoshimiz, faylasuf olim, O'zbekiston Respublikasining Pol`sha Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Babaev topshirig'i va tashabbusi asosida meni juda iliq kutib olishdi, har tomonlama  qo'llab- quvvatlashdi. Musofir yurtda ikki oy izlanishlar olib borish davomida  aynan o'z yurting odamlari mehribonligi va g'amxo'rligi qanchalar ahamiyat kasb etishini yanada chuqurroq his qildim.  Shuningdek, 1944 yilda nemis bosqinchilari tomonidan deyarli yo'q qilingan Varshava shahrining shu yurt odamlarining g'ayrati va vatanparvarligi tufayli obod bo'lganini, rasmlarga qarab  qadimiy binolar  qayta tiklanganini ko'rib, yanada ilxom oldim, g'ayrat bilan ishga  kirishdim.

Hozir Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida bajarilayotgan “Evropa fondlarida saqlanayotgan, O'zbekistonda mavjud bo'lmagan turkiy qo'lyozmalarning ma'lumotlar bazasini va “Yevroturcologica.uz” elektron platformasini yaratish” innovatsion loyihasi rejasi asosida shu erda ilmiy izlanishlarimni davom ettiryapman.

Dastavval, ilmiy izlanishlarimni Varshava milliy kutubxonasidagi turkiy qo'lyozmalarimizni o'rganishdan boshladim. Kuzatishlarimiz asosida Pol`shada saqlanayotgan SHarq qo'lyozmalari bo'yicha 1958-1969 yillar mobaynida 5 jild katalog-tavsif yaratilgani ma`lum bo'ldi. Ungacha barcha fondlardagi tavsiflar tarqoq holda bo'lgan. Ushbu kitoblar polyak olimlari Stefan Streltsin (1918-1981) umumiy tahriri va Ananiy Zayonchkovskiy (1903-1970) rahnamoligida, Taudash Mayda, Zigmunt Abraxaimovich, Kazimej Rojko, Yan Braun, Stefan YAkobel`skiy kabi bir guruh sharqshunoslar tomonidan yaratilgan. Ananiy Zayonchkovskiy katalog kitob yaratilgan yillarda Pol`sha Fanlar akademiyasining sharqshunoslik va ayni paytda Varshava universiteti turkologiya bo'limini boshqargan. Sharq, xususan, turkiy adabiyotga chuqur hurmat va muhabbat olimni ko'pgina xayrli ishlarga undagan. Ananiy Zayonchkovskiy tashabbusi bilan ko'pgina milliy durdonalarimiz polyak tiliga tarjima qilingan, o'rganilgan. 1954 yilda olim Kembrijda o'tkazilgan XXIII sharqshunoslar xalqaro kongressida Pol`shada saqlanayotgan Sharq qo'lyozmalari va ularning tugal bir katalogini yaratish masalasi haqida ma'ruza qilgan va ma'ruzada qo'yilgan maqsad dunyo olimlari tomonidan ijobiy baholangan, keyinchalik bu loyiha jahon ilmiy jamiyati tomonidan moddiy rag'batlantirilgan.

 Katalog kitoblarning I va V jildlari aynan Pol`sha fondlarida saqlanayotgan turkiy qo'lyozmalar tavsifiga bag'ishlangan. Ularda jami 583 ta turkiy qo'lyozma nomi, muallifi va qisqacha tavsifi berilgan. Turkiy qo'lyozmalarimiz Varshava, Krakov, Poznan milliy muzeyi va harbiy arxivlarida, Varshava, Vrotslav, Yagellon, Torundagi N.Kopernik universiteti kutubxonalarida, Varshava milliy kutubxonasida, Pol`sha sharqshunoslar jamiyati arxivida, M.Sulimovich, J.Reyxmanning Varshavadagi, J.Karpovichning SHetsindagi shaxsiy kutubxonalarida –Pol`shaning jami 21 ta fondida ardoqlab saqlanadi. Tekshirishlarimiz natijasida bular orasida eng ko'p qo'lyozma harbiy arxivlarda va Vrotslav universiteti kutubxonasida mavjudligi aniqlandi.

 – Qo'lyozmalarning barchasi ham adabiy va tarixiy mavzularni qamrab olganmi? Kuzatishlarda ular ko'proq qaysi fanlarga oid ekani ma'lum bo'ldi?

 – Xususan, turkiy qo'lyozmalar orasida grammatika, tarix, astronomiya, kimyoga oid, didaktik, diniy, qomusiy asarlar, munshaotlar, Qur'on sharhlari, ta'birnomalar, tasavvufiy, tibbbiyotga oid asarlar bor. Tarbiyanoma, ibratnomalar, she'riy devonlar, manoqiblar, falsafa, ilohiyot, yuridik qonunnomalar, hikoyatlar, duolar, she'riyat nazariyasiga oid asarlar, arab-fors-turkiy, chigatoy-turk, turk-lotin, turk-frantsuz, turk-polyak lug'atlari ham borligi aniqlandi. Didaktik asarlar orasida bugungi kunimiz uchun ham har qachongidan ko'ra zarur bo'lgan “Fazilatnoma”, “Ibratnoma”, “Risolai farosat”, “Risolai adolat” kabi qo'lyozmalarni ko'rdik, ularni tabdil qilish va tezroq xalqimizga etkazish taraddudidamiz.

 – Hozirgacha mavjud ma'lumotlar asosida eng qadimgi devon kimga tegishli ekanini ayta olasizmi?

 – She'riy devonlar ichida eng qadimiysi turkiy xalqlarning zabardast shoiri va mutafakkiri, ozarbayjon, fors va arab tillarida ijod qilgan Muhammad Sulaymon Fuzuliyga (1498 — 1556) tegishli ekani ma`lum bo'ldi. Varshava universiteti kutubxonasida saqlanayotgan ushbu devon shoir vafotidan atigi 20 yil o'tib,1576 yilda ko'chirilgan.

 Shoirning eng qadimgi devoni 1572 yilda ko'chirilgan bo'lib, mazkur qo'lyozma Ozarbayjon Fanlar akademiyasi huzuridagi Fuzuliy nomidagi Qo'lyozmalar instituti fondida saqlanadi. Devonning 1581 yil ko'chirilgan nusxalaridan biri O'zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo'lyozmalar fondida saqlanadi. Rossiya sharqshunosligiga bag'ishlangan doktorlik dissertatsiyamni yozish chog'ida (2006-2016) Sankt-Peterburg fondlarida Fuzuliy devonining 11 ta nusxasi borligi aniqlangan edi, ammo ular XVII-XIX asrlarda ko'chirilgan. Demak, shoirning Pol`shada saqlanayotgan devoni hozirgacha topilganlari ichida ikkinchi qadimiysi hisoblanadi. Fuzuliy devonlarini har gal o'qishga chog'langanimda shoirning mana bu misralari yodimga tushadi:

Guliston sari qo'yung kitobin bob-bob, ey gul,
Xati rayhon ila jadval chekib, gulzora yozmishlar...

Darhaqiqat, shoir misralari xati rayhonda yozilgani bois juda dilbar va xushma'nodir.

1973 yilda polyak olimasi Stanislava Rimkevich YUNESKO moddiy ko'magi asosida Fuzuliy ijodiga bag'ishlangan kitobni nashr qildiradi. (Suleymanoğlu Mehmed Fuzûlî Haszysz i Wino z tur przeł Stanisława Płaskowicka Rymkiewicz) Keyinchalik bu kitob olima Gulyor Abdullabekova tomonidan rus tiliga o'girilgan, muallif so'zboshida Fuzuliy ijodining Pol`shada o'rganilishi masalasiga to'xtalgan.

 2012 yilda Ozarboyjon hukumati va Fanlar akademiyasi sa'y-harakati bilan ushbu devonning nusxasi olingan, ammo hali boshqa devonlar bilan qiyoslab o'rganilmagan.

 Bizga berilgan qisqa vaqtdan unumli foydalanib, qo'lyozmaning ayrim betlarini rasmga olishga muvaffaq bo'ldik. Qo'lyozma 125 varaq, har sahifasi 11 qator, mumtoz an'anaga mos debocha bilan boshlangan, g'azal, muxammas, musaddas, ruboiy va boshqa janrdagi she'rlardan iborat. Qo'lyozma ancha uringan, muqovaning biroz joylari teshilgan, qayta yopishtirilgan varaqlar mavjud.

Galdagi izlanishlar Fuzuliyning Pol`shada saqlanayotgan devonini to'liq o'rganishni, boshqa devonlari bilan qiyoslashni, fuzuliyshunoslar diqqatini bu masalaga qaratishni taqozo etadi. Ikki yil davomida Evropa davlatlaridagi izlanishlarim asosida amin bo'ldimki, Rumiy, Navoiy, Bobur, Fuzuliy, Ogahiy va boshqa mashhur shoirlarimiz yaratgan o'lmas asarlar turkiy halqlarning umumiy intellektual ma'naviy boyligidir. Men ko'rgan fondlarning birortasida ular o'zbek, turkman yoki ozarbayjon shoiri deb ajratilmagan, “turkiy qo'lyozmalar” umumiy nomi ostida saqlanadi. Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining qator vazifalarida ham umumturkiy durdonalarimizni aynan birlashib o'rganish masalasi ko'ndalang qo'yilgan.

 Innovatsion loyihamiz asosida ilmiy izlanishlarimizni davom ettirar ekanmiz, kelgusida loyiha davomida qo'lga kiritiladigan ilmiy yutuqlar va natijalar ushbu yo'nalishda amalga oshiriladigan yuzlab ilmiy tadqiqot ishlari uchun asos bo'lib xizmat qilishiga ishonamiz.

“Yangi O'zbekiston” muxbiri

Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi