Yoshlar bilan ishlashda yangicha yondashuvlar, o‘zgarishlar va islohotlar jarayoni kechmoqda. Boisi, vatanimizning ertasi, istiqboli yoshlar bilimi, ta’lim-tarbiyasi va egallayotgan kasb-hunariga bog‘liq.
Oliy ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha qator farmon va qarorlar qabul qilindi. OTMlarga qabul kvotasi sezilarli darajada oshirildi. Ta’lim sifati uchun juda muhim bo‘lgan o‘qishga qabul jarayoni takomillashtirildi va shaffoflashdi. Natijada bilimli, talabchan, iqtidorli va qobiliyatli yoshlarni o‘qishga tanlab olishning mukammal tizimi yaratildi.
Ta’lim sifatini oshirish, ilm-fanni rivojlantirish, pedagog xodimlar va olimlar faoliyati uchun shart-sharoitlar yaratish, ayniqsa, oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha istiqbolli vazifalar belgilangan.
Keyingi yillarda yangi, shu bilan birga, qator xorijiy oliy ta’lim muassasalari ochildi. Mavjudlarida esa yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv jarayoni tashkil etildi. Talab va takliflardan kelib chiqqan holda yangi yo‘nalishlar ochilgani ham sohadagi tub burilishlardan biri bo‘ldi.
Oliygohlarning xalqaro reytinglardagi ko‘rsatkichi yildan yilga yaxshilanyapti. Natijada nufuzli xorijiy OTMlar bilan ta’lim va ilmiy sohada hamkorlik kuchaymoqda. Sog‘lom raqobat muhitini qaror toptirish uchun professor-o‘qituvchilarning ilmiy darajasi, ishlanmalari, ilmiy maqolalaridan kelib chiqib, faoliyatiga haq to‘lash tizimi shakllantirildi. Eng asosiy ko‘rsatkichlardan biri bo‘lgan o‘qituvchilar mavqei va OTMlar obro‘si oshirildi.
Shu bilan birga, yoshlar bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga ham juda katta e’tibor qaratilmoqda. Bu bilan barcha sohaga malakali kadrlar tayyorlash hamda iqtidorini namoyon qilish barobarida ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga yechim bo‘ladigan yangiliklar taklif etilmoqda.
Bizning OTMdagi ta’lim yo‘nalishi asosan, axborot texnologiyalari bilan bog‘liqligi bois, talabalarimiz yangiliklar bilan hamqadam yashaydi, muntazam ixtirolar qilishga intiladi. Turli startap loyihalarni amalga oshirishga harakat qilmoqda. Natijada talabalarimiz viloyat hamda respublika miqyosida o‘tkazilgan qator muhim tanlovlarda qatnashib, ishlanmalari bilan faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Ta’limdagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Raqamli texnologiyalar vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda hududiy filiallari, axborot texnologiyalari kompaniyalari, shuningdek, sohaga tegishli korxonalar bilan hamkorlikda “TUIT Bright Future Week” haftaligi bo‘lib o‘tdi. Talabalar va doktorantlarning o‘quv, ilmiy va innovatsion faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan haftalik Toshkent axborot texnologiyalari universitetida tashkil etildi. Sovrin jamg‘armasi 1,2 milliard so‘m.
Haftalik doirasida yoshlar uchun foydali tanlovlar o‘tkazildi. Unda TATU Qarshi filiali talabalari ham faol ishtirok etib, Digital Education yo‘nalishi bo‘yicha “IT Start qizlar” jamoasi 1-o‘rinni egallab, umumiy miqdori 7 million so‘mlik vaucherni qo‘lga kiritdi.
Yoshlar iqtidorining yuzaga chiqishida turli tadbirlar, tanlovlar muntazam o‘tkazilishi samara beradi. Bundan tashqari, yosh olimlarning ilmiy izlanishlari, ilm-fan taraqqiyoti uchun intilishlarini rag‘batlantirib borish sohaga yangi g‘oyalar kirib kelishiga turtki bo‘ladi.
Oliygohimizda axborot texnologiyalarini yanada rivojlantirish, bunga hamohang tarzda turli yangiliklar yaratish borasida o‘qituvchi va talabalar uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. “Yosh ixtirochilar”, “Startap loyihachilar”, “Yosh texnologlar” kabi qator to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bunda sohaga qiziquvchi yoshlar nazariy bilimlarini amaliyotda muntazam qo‘llamoqda. Viloyatdagi yirik korxona va zavodlar bilan hamkorlik shartnomalari tuzilgan. Talabalar ta’limdan ajralmagan holda amaliy jarayonlarda ishtirok etib, tajriba oshirmoqda. Amaliyot o‘taladigan korxonalar sonini yanada oshirish ko‘zda tutilgan.
Xorijiy universitetlar bilan aloqalarni mustahkamlash orqali talabalarga yana bir imkoniyat taqdim etmoqchimiz. Bundan ko‘zlangan maqsad o‘zaro malaka almashish, erishilayotgan natijalarni o‘rtoqlashib borish, soha yangiliklarini birga tahlil qilishdan iborat. Bu, avvalo, shu yo‘nalishda ta’lim olayotgan yoshlarga yangicha kuch beradi. Iqtidorini yuzaga chiqarishga imkondir. Yoshlarning o‘zaro fikr almashuvi, yangi g‘oyalar ustida ishlashiga turtki bo‘ladi. Filial ma’muriyati tashabbusi bilan oliygoh hamda mahalla hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida mahallalarda talaba yoshlarning “Zakovat” va boshqa intellektual o‘yinlari o‘tkazib kelinmoqda.
Shiddat bilan rivojlanayotgan mamlakatimizda uyg‘oq qalbli, ilmu ma’rifatli, ma’naviyatli, yaratuvchan talabalarimiz ilmiy ishlanmalari, loyihalari, startaplari bilan yoshlarga namuna bo‘lmoqda. Birgina misol: joriy yil yanvar-iyun oylarida jamoamiz a’zolari 10 dan ortiq ilmiy ishlanma, 20 dan ortiq mualliflik guvohnomasiga ega bo‘ldi. Bularning bari islohotlardan ko‘zlangan maqsadga erishilayotgani isboti. Hali oldimizda vazifalar, rejalar ko‘p. Yoshlarni xalqaro maydonda talabgir, yetuk mutaxassis etib tayyorlash orqali yurtimiz iqtisodiy, ijtimoiy farovonligini ta’minlashga bel bog‘laganmiz.
Akbar NORMURODOV,
texnika fanlari doktori, dotsent
Maqola "Yangi O‘zbekiston" gazetasining 148-sonida (2024- yil 25- iyul) chop etilgan.