Sifatli va arzon

    Iroda kumush nonozarrachasini oddiy usulda sintez qilib olishga erishdi.

    Yaratuvchanlik inson tabiatiga hos xislat. Uning eng katta afzalliklaridan biri shundaki, ixtirochining salohiyatini oshirish barobarida, juda katta biznes manbai ham bo'la oladi. Bunday boylikka, albatta o'qish, izlanish orqali erishamiz.

    Yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb qilish, ularning innovatsion g'oyalari, ixtirochilik faoliyati, dasturiy ishlanmalarini qo'llab-quvvatlash borasida qator ishlar amalga oshirilayotir. Iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotning muhim omili sanalgan innovatsion texnologiyalarga bo'lgan qiziqishni qo'llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar samarasida bugun yosh olimlar safi kengaymoqda.

    Ularning yangidan yangi g'oyalari, yaratayotgan ixtirolari ilm fan taraqqiyotiga, odamlar hayotida yengillik yaratishga xissa qo'shmoqda. Toshkent Farmasevtika instituti tayanch doktoranti Iroda Shermatova bilan suhbatlashganimizda uning fikrlarida teranlik, samimiylikni his qildik.

    Dori vositalari bozorida sifatni oshirish hamda mahalliylashtirish masalasiga alohida e'tibor qaratilayotgani soha mutasaddilari zimmasiga katta mas'uliyat yuklaydi. Ilmiy laboratoriyalarda turli o'simlik, giyohlar bilan tadqiqotlar olib borib, yangi preparatlarni joriy qilish bilan band bo'lgan Iroda bugungi kunda farmasevtika sohasining oldida turgan dolzarb masalalardan biri: import hajmini qisqartirib, eksportbop mahalliy dori vositalarni yaratish ekanini yaxshi anglaydi.

    Darhaqiqat, biror kasallik bilan og'rigan bemor uchun dori vositalarining qimmatligi yana bir dard. Tarkibida kumush saqlovchi dori vositalari ham anchayin serharajat sanaladi. Iroda kumush nonozarrachasini oddiy usulda sintez qilib olishga erishdi. Bu O'zbekistonda ilk bor qo'llanilayotgan, qolaversa, judayam arzon metod sanaladi.

    — Biz kumush nonozarracha saqlovchi gelni ilk bora dorivor substatsiya sifatida olish texnologiyasini ishlab chiqdik. Gel shaklidagi bu preparat bakteriya va zamburug'larga, allergik toshmalarga qarshi samarali davolashga mo'ljallangan. Yaratilgan vosita sifatli, ta'sir etishi yuqori narxi esa bo'lishi zarur. Sohadagi islohotlar va tadqiqotlardan ko'zlangan maqsad ham shu. Biz mana shu jihatlariga alohida etibor qaratdik. Dori vositamizga ko'plab ishlab chiqaruvchilar qiziqish bildiryapti. Yoshlarga bo'layotgan e'tibor bu yoshlarga bo'lgan ishonchdir. Ishonch men uchun eng katta kuch

    Iroda 2020-yilda mazkur dori vositasini olish texnologisi bo'yicha “Innovotsion g'oyalar yetakchisi” ko'krak nishoni bilan taqdirlandi. Shu yili Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi o'rtasida o'tqazilgan “Luchshiy molodoy ucheniy - 2020” tanlovida birinchi o'rinni olib, ko'krak nishoni bilan taqdirlandi. Uning 25 dan ortiq ilmiy maqolalari Hindiston, Ukraina va boshqa davlatlarda chop etilgan.

    Shamoldan ham shakar olmoqqa shay

    Atrofimizda shunday insonlar borki, ularning qilayotgan ishlari, ko'zlagan maqsadlari osmon qadar. Toshkent davlat texnika universiteti magistranti Sardor Saloyiddinov tirishqoqligi, izlanuvchanligi bilan ko'plab yutuqlarga erishgan. U shamol generatorlaridan shamolsiz vaziyatlarda ham elektr energiyasi ajratib olish bo'yicha o'z ilmiy izlanishlarini olib bormoqda. Ilgari surayotgan g'oyasi uchun “Yilning eng yaxshi yosh olimi — 2021” xalqaro loyihasida qatnashib, medal` sohibi bo'lgan.

    Sardor taklif qilayotgan qurulmaning bir qator afzalliklari mavjud. O'z nomidan ma'lumki, shamol generatori mazkur hodisa ro'y bergandagina elektr energiya chiqarishga mo'ljallangan, mabodo shamol talab etilgan darajada bo'lmasa, energiya ishlab chiqara olmaydi. Mana shu muammoni bartaraf etishni ko'zlagan yosh olim shamolsiz vaziyatda ham energiya olishni yo'lga qo'ymoqchi.

    — Bunday natijaga erishish uchun shamol generatorlariga mexanik soatni ishlash prinsipi bilan bir xil bo'lgan kattaroq mexanizm o'rnatiladi — deydi. Sardor. — Qurilma shamol bo'lganda o'z holaticha, shamolsiz vaziyatlarda esa maxsus relelar yordamida boshqariladigan mexanizm orqali ishlaydi. U quyosh paneli bilan jihozlangan avtomatik qurulma orqali boshqariladi. Kelajakda Iloji boricha tabiiy va atrof muhitga chiqindi chiqarmasdan energiya oluvchi texnologiyalar yaratishni niyat qilganman.

    Mana shunday izlanishlari, ta'lim olish jarayonidagi faolligi sabab Sardor 2020-yilda “Mard O'g'lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

    Feruza Jo'rayeva,

    jurnalist