Ushbu loyiha interaktiv o'yin orqali aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, yosh avlod o'rtasida atrof-muhitni asrash, tabiatga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo'lish g'oyalarini ommalashtirish kabi maqsadlarni ko'zda tutadi. “Tozalik va ozodalik o'yinlari” bugunga qadar dunyoning 30 ga yaqin davlatida tashkil etilgan. O'zbekistonda ilk bor o'tkazilgan mazkur o'yinda tabiatga befarq bo'lmagan 100 dan ortiq ko'ngillilar ishtirok etdi.
So'nggi yillarda atrof-muhit, ekologiya masalalari tobora dolzarb tus olmoqda. Insonlarning tabiatga nisbatan noratsional munosabati tufayli bir qator mintaqaviy, global muammolar yuzaga kelmoqda. Ozon qatlamining emirilishi, global isish, atmosferaning ifloslanishi, “issiqxona effekti”, suv resurslari kamayishi shular jumlasidandir. Bir so'z bilan aytganda, sayyoramizdagi ekologik vaziyat kundan-kunga og'irlashib bormoqda.
Tarixdan ma'lumki, yirik daryolar azaldan xalqlar va davlatlar hayotining integratsiyalashuvida muhim ahamiyat kasb etgan, ular bo'yida yirik shaharlar va tsivilizatsiyalar shakllangan. Markaziy Osiyo mintaqasida bu rol aynan Sirdaryoga tegishlidir. Ming yillar davomida ushbu daryo ekinlarni sug'orish, baliq etishtirish va yuk tashuvini amalga oshirishda muhim resurs sifatida xizmat qilgan.
Sirdaryo qadimiyligi jihatdan Markaziy Osiyoda birinchi va suv miqdori bo'yicha ikkinchi o'rinda turadi. Yurtimiz va qo'shni Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston hududidan oqib o'tuvchi mazkur daryo uzoq o'tmishdan buyon mintaqa xalqlari o'rtasidagi do'stona munosabatlarni mustahkamlashda muhim rol o'ynagan. Bir daryodan suv ichgan, tarixiy ildizlari o'zaro tutashgan ellar uchun Sirdaryo – xalq diplomatiyasi timsoliga aylanib ulgurgan.
Loyiha O'zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi, O'zbekiston Bosh prokuraturasi, O'zbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi, O'zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi, “Tozalik va ozodalik o'yinlari” xalqaro volontyorlik harakati ko'ngillilari bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Loyihadan ko'zlangan asosiy maqsad ishtirokchilarga o'yin shaklida tabiatni muhofaza qilish, Sirdaryoning mintaqadagi ekologik barqarorlikni saqlashdagi o'rni haqida ma'lumot berish, kundalik hayotda chiqindilarni saralashning ahamiyatini tushuntirishdan iborat.
Tadbir dasturidan eko-trening, “Tozalik va ozodalik o'yinlari” interaktiv o'yini, piknik, ishtirokchilarni taqdirlash marosimi o'rin oldi.
Tashkil etilgan eko-trening doirasida ishtirokchilarga chiqindilarni saralashning ahamiyati, kundalik hayotda amal qilinishi lozim bo'lgan ekologik qoidalar, Sirdaryoning mintaqadagi tarixiy va bugungi kundagi ahamiyati, uning Markaziy Osiyo xalqlari hayotida tutgan o'rni haqida ma'lumot berildi.
“Tozalik va ozodalik o'yinlari” doirasida ishtirokchilar tomonidan kun davomida Sirdaryo sohili chiqindilardan tozalandi. Yig'ilgan chiqindilar saralanib, maxsus qoplarga joylandi va utilizatsiya uchun maxsus punktga yuborildi. ekologik aktsiya yakunida ishtirokchilar do'stlik dasturxoni atrofida jamlandi. Shuningdek, “Tozalik va ozodalik o'yinlari”da g'olib, deb topilgan jamoalar va faol ishtirokchilar munosib taqdirlandi.
O'zbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalariga katta e'tibor qaratilayotganini ta'kidladi. Xususan, Samarqand deklaratsiyasining bu boradagi muhim o'rniga to'xtalib, deklaratsiyada xavfsiz, toza ichimlik suv manbalari, asosiy sanitariya va gigiena xizmatlariga erishish imkoniyatlari cheklangani zamonamizning yirik muammolaridan biri sifatida ko'rsatilgani, suv resurlaridan unumli foydalanish, barqaror rivojlanish shartlariga amal qilish zarurligi qayd etilganiga urg'u berdi. Shuningdek, mazkur loyiha ishtirokchilarning atrof-muhit bilan bog'liq masalalar har bir insonga bog'liqligini anglab etishiga, daryo yoqasidagi xalqlar o'rtasida ekologik madaniyatni oshirishga xizmat qilishini ta'kidladi.
O'zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi raisi Shirin Abidova bugungi kunda volontyorlik harakati dunyo aholisini birodarlik, do'stlik, ekologik barqarorlik va dunyo tinchligi yo'lida birlashtiruvchi muqobil diplomatik platformaga aylanganini qayd etdi. Shuningdek, jamiyat manfaatlarini ko'zlab faoliyat yuritayotgan volontyorlar, Pro bono volontyorlar, tashabbuskor aholi qatlamini qo'llab-quvvatlash tobora muhim ahamiyat kasb etib borayotganini ta'kidladi.
Tabiat resurslari vazirligining Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari Bahrom Umarxonov Sirdaryo mintaqamiz uchun muhim suv resursi ekanini, uning nafaqat insonlar, balki turli o'simlik va hayvon turlarini hayot bilan ta'minlashdagi o'rni katta ekanini aytib o'tdi. Shuningdek, barcha aktsiya ishtirokchilarini Sirdaryoni muhofaza qilishga qaratilgan tadbirlarda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Toshkent shahar prokurorining tabiatni muhofaza qilish bo'yicha o'rinbosari Bobur Narko‘ziyev “Sirdaryo – do'stlik daryosi” ekologik aktsiyasi daryoning ifloslanishi bilan bog'liq muammolarga jamoatchilik e'tiborini qaratishda samarali vosita bo'lib xizmat qilishini ta'kidladi.
Ekologik aktsiya ishtirokchilari tomonidan 4 tonnadan ortiq chiqindi yig'ildi. Tadbirda faol ishtirok etganlar diplom va qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlandi.
Mazkur loyiha yoshlarning ekologik dunyoqarashini yuksaltirish, ularni tabiatga, xususan, suv resurslariga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi shubhasiz.