Sirdaryo viloyatida amalga oshiriladigan loyihalar koʻrib chiqildi

    Hukumat 1 Mart 2021 5394

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-mart kuni Sirdaryo viloyatining investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

    Joriy yil uchun mazkur viloyatda 737 ta loyiha shakllantirilgan. Ularning umumiy qiymati 25 trillion 500 milliard soʻm boʻlib, shundan qariyb 900 million dollarini xorijiy investitsiyalar tashkil etadi. Loyihalar natijasida yiliga 11 trillion soʻmlik ishlab chiqarish quvvati, qariyb 36 ming ish oʻrni yaratish maqsad qilingan. Yana bir muhim tomoni, yangi korxonalar 326 million dollarlik mahsulot eksport qilish, 124 million dollarlik import oʻrnini bosish imkonini beradi. Loyihalarni shakllantirishda toʻqimachilik, qurilish materiallari, farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati “drayver” sifatida belgilab olingan.

    Sirdaryo viloyatida 200 ming tonnadan ziyod paxta yetishtiriladi. Davlatimiz rahbarining qayta ishlashni chuqurlashtirish, xomashyoni qoʻshilgan qiymatli mahsulotga aylantirib sotishga qaratilgan siyosati natijasida bu boradagi koʻrsatkichlar oʻsib bormoqda. Xususan, 2020-yilda viloyatda mahalliy xomashyodan trikotaj mato tayyorlash darajasi 70, kiyim-kechak ishlab chiqarish darajasi 75 foiz boʻlgan boʻlsa, joriy yilda bularni 100 foizga yetkazish moʻljallangan.

    Toʻqimachilik sohasida amalga oshiriladigan 29 ta loyiha bunday muhim oʻrin tutadi. Ularning samarasida qariyb 818 milliard soʻmlik ishlab chiqarish quvvati tashkil etilib, qoʻshilgan qiymat 2,5 barobar ortadi. 6 ming 600 dan ziyod ish oʻrni yaratiladi.

    Qurilish materiallari sanoatida 16 ta loyiha rejalashtirilgan. Masalan, Yangiyer shahrida kafel, Sayxunobod tumanida gazoblok, Xovos tumanida gipsokarton ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Barcha korxonalarni shu yil ishga tushirib, 2 mingga yaqin kishining bandligini taʼminlash koʻzda tutilgan.

    Oziq-ovqat tarmogʻida meva-sabzavotlarni qayta ishlash, mosh yetishtirib, eksport qilish, baliqchilik klasteri tashkil etish kabi 51 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bularning natijasida bozorga arzon va sifatli mahsulotlar chiqarilib, narx-navo barqarorligiga hissa qoʻshiladi. 3 ming 500 ga yaqin kishining bandligi taʼminlanadi.

    Farmatsevtika sohasidagi 9 ta loyihaning ham samaradorligi yuqori. Guliston shahri va Sirdaryo tumanida foydalanishga topshiriladigan korxonalarda infuzion eritmalar, tabletkalar va boshqa tibbiy vositalar ishlab chiqariladi.

    Davlatimiz rahbari Mirzaobod tumanida Gujarat sanoat zonasini tashkil etish loyihasiga alohida ahamiyat qaratdi. Oliy darajadagi kelishuvlar natijasi boʻlgan ushbu majmuada iqtisodiyot talab etayotgan muhim loyihalar joylashtirilmoqda. Xususan, u yerda tomchilatib sugʻorish va issiqxona jihozlari, qishloq xoʻjaligi texnikasi agregatlari va minitexnikalar, plastmassa buyumlar, trikotaj, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 8 ta korxona boʻladi. Ularda 1 ming 600 dan ziyod kishi ishlaydi. Yiliga 25 million dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi.

    Bugungi kunda mazkur sanoat zonasi uchun 40 gektar yer ajratilgan. Uni tashkil etishga 100 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya jalb etilishi belgilangan. Korxonalar 2021-2023-yillarda birin-ketish ishga tushiriladi.

    Prezident loyihalar ijrosida sifat va muddatga alohida eʼtibor qaratish, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish yuzasidan koʻrsatmalar berdi. Sirdaryo viloyatining Toshkent shahriga yaqinligi, temir yoʻl infratuzilmasidan foydalanib, logistikani rivojlantirish, qoʻshni davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirish zarurligini taʼkidladi.

    Taqdimotda, shuningdek, aholini kambagʻallikdan chiqarish, yoshlar va ayollar bandligini oshirish borasidagi ishlarga ham toʻxtalib oʻtildi.