Sizlar baxti bekamlikda uzoq yashaysiz

    Eh-he, bu g'alaba qanchadan-qancha jonlar, ko'zyoshlar, ne-ne yigitlarning bevaqt xazon bo'lgan umri, sanoqsiz mardlik va matonat, qahramonliklar evaziga qo'lga kiritildi. Janglarda hayotga to'ymay, ko'zi ochiq ketgan safdoshlarimni eslab, battar yurak-bag'rim ezilib yig'ladim.

    PUL BOR, YEGULIK YOʻQ YILLAR EDI

    1920-yili Shahrisabz tumanidagi Qutchi qishlogʻida dehqon oilasida tugʻilganman. Olti yoshimda otamdan ayrildim, onam toʻrt yosh bola bilan chirqillab qolaverdi. Nega bu soʻzni ishlatdim? Chunki oʻsha yili qish qahraton keldi. Sovuq suyak-suyakdan oʻtib ketardi. Buning ustiga, ayni gʻalla pishiqchiligi arafasida chigirtka degan bir ofat kelib, hosilni yeb ketdi. Besh jon yeyishga nonimiz yoʻq, onam bizni bagʻriga bosib yigʻlaydi: osmon uzoq, yer qattiq.

    Hech iloj qolmagach, otquloqni qaynatib, soʻng dimlab berardi. Chaynash ham shartmas, liq etib yutsa, boʻldi. Men birinchi sinfda bor-yoʻgʻi ikki soat oʻqiganman. Chunki oilaning erkagi edim. Oʻtin terib, arzimagan pulga sotib yoki yegulikka almashtirib, uyga olib kelardim. Ukam Yodgorni opichlab, maktabning derazasidan tomosha qilib-tomosha qilib yana armon bilan ortimga qaytardim. Shu tariqa katta boʻldim. Oʻsmirlikdan oʻtar-oʻtmasimdan kolxoz ishiga shoʻngʻidim. Bir kaft un topsak, onam qozonda non pishirib berardi. Bir nevaram: “Bobojon, tandirlaringiz yoʻqmidi?”, deb qoldi. Axir, un boʻlmasa, tandir qayerdan boʻlsin?! Bir kuni yigʻib-tergan pulimni olib, Shahrisabz markazidagi bozorga tushdim. Uyga nimadir yegulik olib borish uchun. Aytsam, nevaralarimga choʻpchakday tuyuladi: pul bor, lekin bozorda yeydigan birorta mahsulot yoʻq edi. Na olmaqoqi, na turshak bor, xullas, hech vaqo yoʻq. Ana shunda uyga kela-kelgunimcha mushohada qilganman: pul arzimas narsa ekan. Bir qalpoq tangasi bor odamdan bir qalpoq doni bor odam boy-badavlat hisoblangan davrlar edi.

    NOMING OʻCHSIN, URUSH!

    1941-yili urushga ketdim. Bu qanday urushligini, menimcha, butun insoniyat yaxshi biladi. Eh-he... Bu urush kimlarni, ne-ne davlatlarni domiga tortmadi, deysiz. Oʻqchi polk tarkibida Volga daryosi boʻylarida koʻplab shaharlarni fashistlardan ozod qilishda, Stalingrad himoyasi uchun boʻlgan janglarda qatnashdim. 1943-yili qish yanayam qattiq keldi. Toʻsatdan otishma boshlanib, tankimiz yona boshladi. Tank ichidagilardan yolgʻiz men tirik qolgan, lekin alanga ichida edim. Bir amallab tankdan chiqib, oʻzimni duch kelgan okop ichiga otdim. Shu yerda ikkita fashist asir oldi. Qulay vaziyatni topib, ikkalasiniyam yer tishlatgach, hushimni yoʻqotdim. Oʻzimga kelsam, harbiy gospitalda yotgan ekanman, sanitarlar topib kelibdi. Yertoʻlada joylashgan gospitalning oʻzi bombardimonda vayron boʻlib ketgan edi. Ikkala oyogʻim ham operatsiya qilindi, jarohat tuzalar-tuzalmas yana jangga otlandim.

    IZTIROBLAR INTIHO TOPGAN KUN

    Gʻalaba haqidagi xushxabar eʼlon qilinganida navbatchilikda turgan edim. Birdan askarlar qiyqirib-qichqirib, bosh kiyimmi u, oyoq kiyimmi, yechib osmonga ota boshladi. Birov-birovni quchoqlab yigʻlagan, boshqasi kulgan, yana kimdir raqsga tushgan... Hamma uchun azob va iztiroblar nihoyasiga yetgan edi. Quvonchdan koʻzimdan duvduv yosh toʻkilardi. Hech narsani idrok qilolmay qotib qoldim, nahotki, fashizm degan yovuz kuch ustidan gʻalaba qozondik, yengdik. Eh-he, bu gʻalaba qanchadan-qancha jonlar, koʻzyoshlar, nene yigitlarning bevaqt xazon boʻlgan umri, sanoqsiz mardlik va matonat, qahramonliklar evaziga qoʻlga kiritildi. Janglarda hayotga toʻymay, koʻzi ochiq ketgan safdoshlarimni eslab, battar yurak-bagʻrim ezilib yigʻladim. Urush tugagach, bir yildan soʻng, yaʼni 1946-yilning fevralida uyga qaytdim. Chunki 1943-yilgi operatsiyadan asorat qolgani tufayli qariyb yana bir yil gospitalda davolanishimga toʻgʻri keldi.

    MEN BOSHQACHA ODAMGA AYLANDIM

    Oʻylab koʻrsam, nochor bolaligim, qonli urush maydonlarida kechgan gulday yoshligimda... men yashamagan ekanman. Shunchaki mavjud boʻlganman va hayot qayoqqa itqitsa, oʻsha yoqqa yumalab ketaverganman. Bularning barini eslash men uchun azob. Ayniqsa, urush — dahshat, qiyinchilik va vahshiylikdan boshqa narsa emas. Men bu talatoʻplardan, qirgʻinbarotdan qanday omon chiqdim?! Hamon ishonolmayman. Oʻzoʻzimga avvalgi Saʼdulla yoʻq, u buncha qatagʻon ichida omon qolishi mumkin emas, der edim. Ishonasizmi, urush tugagach, mutlaqo boshqacha odamga aylandim, men yangidan tugʻildim. Ha, 1945-yilda qayta tugʻildim. Aslida bu yil bir yuz bir yoshga kirdim. Ammo oʻzimni 76 yoshdaman, deb hisoblayman...

    MEHNAT HAM QORIN TOʻYDIRADI, HAM UMRNI UZAYTIRADI

    Urushdagi xizmatlarim uchun turli orden va medallar bilan mukofotlangan boʻlsam-da, nogiron boʻlib qaytdim. Gospitalda uzoq yotdim, vaqtdan foydalanib, “Alifbo”ni oʻrgandim. Harflarni harflarga toʻqishtirib, oʻqish-yozishni oʻrgandim. Uyga qaytgach, kolxozda brigadir boʻlib ishlay boshladim. Suyagim mehnatda qotgan, tinim bilmay ishladim. Doim rejadagidan ortigʻi bilan hosil olardim. Mehnatim munosib taqdirlandi, menga “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan paxtakor” unvoni berildi. Dalani yaxshi koʻraman. Mehnatlarim evaziga munosib ragʻbat oldim. “Hurmat belgisi”, “Shuhrat”, “Jasorat” medallari va bir qancha faxriy yorliqlar bilan mukofotlandim. Onam “Senga alla aytayotganimda, “Bir qoʻlida oʻz rizqi, bir qoʻlida el rizqi boʻlsin”, deganman, bolam”, derdi. Aytganiday boʻldi. 24 yil paxtachilik brigadasiga, 3 yil chorvachilik fermasiga rahbar boʻldim, 11 yil boshqaruvda ishladim. Faqat oʻzligimni hech qachon unutmadim. Chunki yoshligimda hayot taʼlim berib qoʻygan edi: mehnat faqat odamning qornini toʻydirmaydi, balki umrini ham uzaytiradi, mazmun beradi.

    OYOGʻINI YUVIB, TOMORQAGA KIRGAN BOBOM HAQIDA

    Men hozirgi davr yoshlariga juda-juda havas qilaman. Prezidentimizning soʻzlarini otam gapirayotganday yuragimga yaqin olib eshitaman. Ayniqsa, koronavirus ofatining oldini olishda ozmuncha fidoyilik, elga mehribonlik qilinmadi! Bolalarimga, nevaralarimga tahlil qilib beraman. Oʻzimning bolaligim bilan ularning bolaligini taqqoslab gapiraman. Davlatimiz rahbari elimning dasturxonini toʻkin qilay, deb harakat qilyapti. Qaniydi, 20-25 yoshli Saʼdullaga aylanib qolsam-da, jon-jahdim bilan mehnat qilsam. 107 yoshga kirib vafot etgan bobom boʻlardi. Har gal tomorqaga kirayotganida tahorat qilib, oyogʻidagi kalishni yechib, keyin qadam bosardi. “Bobo, yerga oyoq kiyim bilan kiraversangiz boʻlmaydimi?”, desam, “Bolam, yer — aziz, muqaddas. Chunki u rizqimizni beradi. Poymol qilmayin”, derdi. U kishi bizga kaftday boʻladimi, piyoladay boʻladimi, tomorqamizni parvarishlashni oʻrgatgan. Balki yerga mehrim, yerning tilini topa bilishim bobomdan oʻtgan boʻlsa kerak, deb oʻylayman. Tomorqa — oʻzini bilgan odam uchun koni foyda. Yoshlar mehnat qilmasdan, sal narsaga bozorga yugurishga oʻrganib qoldi. Bir bogʻ koʻkpiyoz uchun ham bozorma-bozor yurishadi. Hey inson, tomorqangga bir siqim urugʻ sepsang, bir maydon piyoz olasan. Bitta zardoli qalamchasini qadasang, bolalaring bahorda dovuchcha, yozda zardoli, qishi bilan oʻrik yeb chiqadi.

    YoSHLARGA TILAKLARIM

    Yoshlar, oʻquvchilar, jurnalistlar mendan tez-tez xabar olib turadi. Oʻtgan umrim haqida qancha soʻzla, deyishsa, shuncha gapiraveraman. Chunki unda xulosa chiqarish, bugungi dorilamon kun uchun shukr qilish kerak boʻlgan, mana shunday davr, davlat va Prezidentni qadrlashga undaydigan misollar toʻlib-toshib yotibdi. Mening azob-uqubatga toʻla yoshligim siz uchun qanchalik choʻpchakdek tuyulsa, men uchun sizning poyoni yoʻq, hadsiz imkoniyatlaringiz shunchalik orzu. Buni tasavvur ham qilolmaysiz. Bolaligimda ukamni opichlab, maktab derazasidan sinfxonamizga moʻltirab turganimni hech unutolmayman. Oʻshanda nega hammasiga qoʻl siltab oʻqiyvermadim-a, deb armon qilaman. Lekin ilojim ham yoʻq edi. Bugun 101 yoshga kirgan bobongiz sifatida aytaman: shuncha mashaqqatu qiyinchilik koʻrib ham shuncha ulugʻ yoshga yetdim. Shuncha imkoniyatlar, farovonlik, tinchlik-xotirjamlik va baxti bekamlik bilan siz, albatta, 200-yil yashaysiz.

    Saʼdulla bobo JABBOROV,

    Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi