Sogʻlom turmush tarzi masalasi muhokama qilindi

    Mamlakatimizda 10 Iyun 2021 1440

    Bugun Toshkent shahrida Barqaror rivojlanish maqsadlari haftaligi boshlandi. Haftalik doirasida Oliy Majlis palatalari qoʻmitalari tomonidan barqaror rivojlanish sohasidagi barcha milliy maqsadlar boʻyicha turkum davra suhbatlari oʻtkaziladi. Ushbu tadbirlarda mahalliy hamda xorijlik ekspertlar maʼruza, taklif va tavsiyalar bilan ishtirok etadi.

    Shundan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi tomonidan “Sogʻlom turmush tarzini taʼminlash va barcha yoshdagi kishilarning farovonligiga koʻmaklashish” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

    Unda ishtirok etgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Butunjahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari, ekspert va mutaxassislar muloqot mavzusidan kelib chiqib, mamlakatimizda aholi salomatligini taʼminlash, inson omili va uning sogʻligʻini muhofaza qilishga qaratilayotgan davlat darajasidagi yuksak eʼtiborni yuqori baholadilar.

    Qayd etilganidek, barqaror rivojlanish sohasidagi 3-maqsad sifatida “Sogʻlom turmush tarzini taʼminlash va barcha yoshdagi kishilarning farovonligiga koʻmaklashish” belgilangan. Ushbu maqsadining oʻzi 10 ta dolzarb yoʻnalishni qamrab olgan. Xususan 2030-yilga borib onalar oʻlimi koʻrsatkichini uchdan bir baravarga tushirish, yangi tugʻilgan chaqaloq va besh yoshgacha boʻlgan goʻdaklarning nobud boʻlishini ikki barobarga kamaytirish, virusli gepatit va bir qator boshqa kasalliklarni bartaraf etish ustuvor vazifalar sirasiga kiradi.

    Davra suhbatida mavzuga oid masalalarda xorij tajribalari va erishilgan yutuqlar haqida batafsil axborotlar eshitildi. Tadbirda Oʻzbekistonda onalar va bolalarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga koʻproq urgʻu berildi.

    Taʼkidlanganidek, oʻtgan ikki yil davomida sohaga oid 5 ta normativ hujjat qabul qilindi hamda ijrosi nazoratga olindi. Bugungi kunda yurtimizning barcha hududlarida ayollarning umumiy soni 16,8 million nafardan ortiq boʻlib, ulardan tugʻish yoshidagilari 8,9 million nafarni umumiy aholi sonining 26,9 foizini tashkil qiladi. Ularga 227 ta tugʻruq muassasalari tomonidan tibbiy xizmat koʻrsatib kelinmoqda.

    Shuningdek, goʻdaklar orasida nogironlikni erta aniqlash, ularning oldini olish, fertil yoshdagi ayollar va qizlar salomatligini yaxshilash maqsadida Respublika, viloyat miqyosida neonatal xirurgiya, bolalar kardiojarrohlik, qizlar ginekologiyasi hamda kaminvaziv (laparoskopik) ginekologiya hamda Bolalar milliy tibbiyot markazi boʻlimlari tashkil etildi. Birgina misol, 2016-yilda 300 nafar bolalarda kardiojarrohlik amaliyoti oʻtkazilgan boʻlsa, 2020-yil yakunida ushbu koʻrsatgich 2 800 nafarni tashkil etdi. Bu esa, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning natijasidir.

    Davra suhbatida sogʻlom turmush tarzini taʼminlash va barcha yoshdagi kishilarning farovonligiga koʻmaklashish vazifalarining ijrosi yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.