AOKAda Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Dilbar Siddiqova ishtirokida brifing bo'lib o'tdi. Tadbirda respublika miqyosida barpo etilgan uzumzorlar ko'lami, ishlab chiqarish salohiyati va eksport masalalari yuzasidan axborot berildi.
O'zbekiston Respublikasi Alkogol` va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi alkogol` va tamaki mahsulotlari bozorini tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini yurituvchi alohida davlat boshqaruv organi maqomiga ega bo'lib, sohadagi barcha korxona va tashkilotlar yagona tarmoqqa birlashtirildi. Buning natijasida mahsulotning xomashyodan tortib xaridorgacha bo'lgan barcha jarayonlarini doimiy nazorat va tahlil qilish imkoniyati yaratildi.
Bugungi kunda respublikamizda uzumchilik va vinochilik sohasini rivojlantirishga davlatimiz tomonidan berilayotgan katta e'tibor va yordam, shuningdek, oxirgi yillarda sohani tubdan isloh qilish bo'yicha qabul qilinayotgan farmon va qarorlar tarmoqni yanada rivojlantirishga katta turtki bo'ldi. Hozirgi kunda sohada jami 218 ta, shundan 55 ta alkogol`, 4 ta spirt, 16 ta uzumni qayta ishlash, 2 ta tamaki, 21 ta pivo ishlab chiqarish va 120 ta ulgurji savdo korxonalari faoliyat yuritmoqda. Ushbu korxonalarda hozirgi kunda jami 12 ming nafardan ortiq ishchi-xodim ishlab kelmoqda.
Respublika bo'yicha fermer va qishloq xo'jaligi korxonalari tomonidan jami 40 ming gektarda yangi tokzorlar barpo etildi. SHu jumladan, 18,1 ming gektar xo'raki, 14,9 ming gektar kishmishbop, 6,9 ming gektar sanoatbop navli yangi tokzorlar barpo etildi hamda 1,3 ming gektar maydon rekonstruktsiya qilindi.
Shundan, suv ta'minoti og'ir va lalmi maydonlarda 5,9 ming gektarda tomchilatib sug'orish joriy qilinib, 372 dona artezian quduqlari o'rnatildi.
Mazkur tadbirlarni amalga oshirish uchun 132 nafar tashabbuskorlarga Vinochilikni rivojlantirish jamg'armasidan 33,4 mlrd. so'm subsidiya mablag'lari ajratilgan. Subsidiya mablag'larining 13,7 mlrd. so'mi suv chiqarish uchun 115 dona artezian quduqlariga va 34,1 mlrd. so'mi 4,2 ming gektar maydonda joriy qilingan tomchilatib sug'orish tizimiga ajratildi.
Sohada o'zbek milliy brendi yaratish bo'yicha 110 ta tovar belgilari va mahsulot milliy nomlari patentlandi hamda meva-rezavorlardan tayyorlangan 8 xil vino mahsulotlari ishlab chiqarilishi yo'lga qo'yildi.
Shu bilan birga litsenziya komissiyasi tomonidan ishlab chiqarish va ulgurji savdo uchun jami 166 ta litsenziyalar berilgan bo'lib, shundan 67 ta ishlab chiqarish korxonasiga 190 ta alkogol` mahsulotlari turini ishlab chiqarishga va 99 ta ulgurji savdo faoliyatiga litsenziyalar berildi.
Soha korxonalari tomonidan yanvar`-sentyabr` oylarida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 4,5 trln. so'mni tashkil etdi. Bu esa o'tgan yilga nisbatan o'sish - 101,5% demakdir
Joriy yilning yanvar`-sentyabr` oylarida 38,8 mln. dollar mahsulotlar eksporti amalga oshirildi. Bu esa o'tgan yilga nisbatan 123,3 foiz yuqori ko'rsatkich ekanligini ko'rsatadi.
Shu o'rinda alohida ta'kidlash joizki, eksport geografiyasida ham o'ziga xos o'sish suratini ko'rishimiz mumkin YA'ni qator nomdor mamlakatlar Litva, estoniya, Italiya, Chexiya, Koreya, Iroq, eron, Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya, Isroil va Ispaniya bozorlariga kirib borildi hamda joriy yilning yanvar`-sentyabr` oylari davomida 140 ga yaqin korxona eksport faoliyatiga jalb etildi.
Investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalar bo'yicha 15 ta loyiha doirasida jami 13,1 mln. dollar mablag'lar o'zlashtirildi. Bu esa belgilangan rejaga nisbatan 188,7% yuqori ekanligini ko'rsatadi.