Soʻz ayta olish huquqi insonga berilgan eng ulugʻ neʼmatdir

    Jurnalistlarimizni sharafli kasb bayramlari bilan Fargʻona davlat universiteti jamoasi nomidan samimiy muborakbod etamiz!

    Soʻz ayta olish huquqi insonga berilgan eng ulugʻ neʼmatdir. Zotan, “soʻz” soʻzining oʻzi ham fors-tojik tilida “suz” yondirmoq, kuydirmoq maʼnolarini anglatishi bejiz emas. Demak, soʻzning zimmasiga vudujni qizdirmoq, ruhni olovlantirmoq, erk bilan qanot yozib, jamiyatni harakatga solmoq vazifasi yuklatilgan. Soʻz erkinligi xususida mulohaza yuritar ekanmiz, mamlakatdagi axborot siyosati, shaffoflik boʻy choʻza boshlagan davrlarga nigoh tashlash zarur.

    Prezidentimiz mamlakat rahbari sifatida ish boshlagan dastlabki kunlardanoq turli saytlar va ijtimoiy tarmoqlar goʻyoki yopiq va qorongʻu eshik ochilganda ichkarini yorugʻlik qanday tezlikda qoplasa shunday shiddat bilan jonlana boshladi.

    Avvaliga xalqimiz, jamoatchilik ahli bu jarayonlarga xadik bilan qaragani rost. Lekin ularni hech qaysi bir kuch toʻxtatib qololmasligi, milliy tafakkur, milliy ovoz yetilganligini asta-sekin anglab yetdilar. Yillar oʻtib bosqichma-bosqich davlat va jamiyat oʻrtasidagi “yaltiroq” parda koʻtarilib, haqiqat koʻzi bilan qarashlar boshlandi.

    Davlatimiz rahbari tashabbuskorligida Harakatlar strategiyasi hayotga tatbiq etila boshlangach, soʻz erkinligi, jamiyat hayotida jurnalistlar, OAVning oʻrni butunlay yangi davrga qadam qoʻydi. Xalqimiz tili bilan aytganda, oqni “oq”, qorani “qora” deydigan realist jurnalistlar avlodi yetishib chiqdi, milliy jurnalistika taraqqiy etdi. Natijada davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlar oʻz faoliyatini ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun ocha boshladi va hisobdorlik taʼminlanishiga mamlakatda qulay muhit va sharoit shakllandi.

    Bugungi kunda jurnalistlarimiz xalqning ishonchli vakili sifatida islohotlarning insonvarligini taʼminlashga, oʻzgarishlar mazmun-mohiyatini tushuntirishga, jamiyatda mavjud muammolar va kamchiliklarni ijobiy hal etishga oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshmoqda. Bu borada jamoatchilik nazorati jurnalistlarga eng asosiy koʻmak boʻlmoqda.

    Aytish kerakki, ochiqlik va oshkoralik siyosati hammaga ham yoqmaydi. Lekin tan olish kerakki, soʻz erkinligi va ochiqlik islohoti endilikda bizni kayfiyatimiz va qarashlarimiz bilan hisoblashib oʻtirmaydi. Chunki bu erkinlik qoʻllab-quvvatlanayotgan Yangi Oʻzbekistonda shaxsning shaʼni va qadr-qimmati tobora yuqorilar ekan, shaffoflik, oshkoralik odamlarimizga suv va xavoday zarur boʻladi. Shu bois, soʻz erkinligiga rivojlangan mamlakatlar jamoatchilik vakillari demokratiyaning qon aylanish sistemasi sifatida katta baho beradilar.

    Zero, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kuni kecha matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yoʻllagan tabriklarida “Bugungi kunda matbuot ishi, jurnalistlar faoliyati nafaqat “toʻrtinchi hokimiyat”, balki mudofaa, xavfsizlik kabi hal qiluvchi sohaga aylanib bormoqda” deya taʼkidlaganliklari albatta bejiz emas. Xususan, globallashuv butun dunyoga oʻz hukmini oʻtkazishga urinayotgan bir paytda axborot siyosati ham shu davrning kuchli sinovidan oʻtmoqda. Bu jarayonda mamlakatga, xalqqa va dunyoga aytayotgan har bir soʻzimiz oʻzligimizni namoyon etadi. Milliy axborot makonining asl egalari boʻlgan jurnalistlarimizning bu borada oʻrni beqiyosdir.

    Shu oʻrinda masʼuliyatli va fidokorona mehnati bilan barcha jabhalarga mardonavor kirib borayotgan, faoliyatimizni xalqimizga oynadek koʻrsatib berayotgan, maʼnaviy tarbiya, axborot va nutq madaniyati borasidagi ishlarimizga oʻzining munosib hissasini qoʻshayotgan jurnalistlarimizni sharafli kasb bayramlari bilan Fargʻona davlat universiteti jamoasi nomidan samimiy muborakbod etamiz!

    Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,

    Fargʻona davlat universiteti rektori