Spiker oʻrinbosari Qashqadaryoda qanday masalalarni oʻrgandi?

    Ijtimoiy hayot 18 Yanvar 2021 911

    Hammamiz bugun koʻrib, bilib, anglab turibmiz: mamlakatimizda kambagʻallikni kamaytirish masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Prezidentimiz bu dolzarb masalaga qayta-qayta toʻxtalib, kambagʻallikni kamaytirish uchun aholida tadbirkorlik ruhini uygʻotish lozimligini bejiz taʼkidlamayapti.

    Kambagʻallikni keltirib chiqaruvchi omillardan eng birinchisi bu — ishsizlik! Ishsizlikni bartaraf etish – bu kambagʻallikni qisqartirish, degani. Shu nuqtayi nazardan bu borada odamlarda tomorqa yerlariga boʻlgan munosabatni oʻzgartirish, ularga tomorqadan yiliga ikki-uch marotaba hosil olishni oʻrgatish yuqori samara beradi.

    Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida har bir tumanning imkoniyati va rivojlanish yoʻnalishidan kelib chiqib, dehqonchilik bilan shugʻullanadigan oilalarga 10 sotixdan 1 gektargacha yer maydonlari ajratilishini aytib, kambagʻallikni qisqartirish borasida hududlardagi haqiqiy holatga baho berish, amalga oshirilayotgan ishlar ijrosini nazorat qilish Oliy Majlis palatalari va mahalliy Kengashlarning diqqat markazida boʻlishi lozimligini taʼkidlagan edi.

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Hayitov Murojaatnoma mazmun-mohiyatini fuqarolarimizga tushuntirish hamda unda ilgari surilgan ustuvor vazifalar ijrosi joylarda qay darajada taʼminlayotganini oʻrganish maqsadida Qashqadaryo viloyatiga bordi.

    Spiker oʻrinbosari vohadagi uchrashuvini Kitob tumanidagi “Varganza Bogʻishamol” tomorqa xizmati koʻrsatish masʼuliyati cheklangan jamiyatining faoliyati bilan tanishishdan boshladi.

    Mazkur jamiyatda aholi tomorqalari daromadini oshirish, tomorqachilik madaniyatini yuksaltirish maqsadida amaliy-oʻquv seminari tashkil etilib, aholi vakillariga tomorqa va keng maydonlarda malinachilikni rivojlantirish, uning koʻchatini ekish, parvarishlash va moʻl hosil yetishtirish yoʻllari koʻrsatib oʻtildi.

    Amaliy seminarda soʻz olgan A.Hayitov Prezidentimizning Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar haqida toʻxtalib, yerlardan, xususan, aholi tomorqalaridan olinayotgan daromadni oshirish, oʻzini-oʻzi ish bilan band etish hamda intensiv bogʻ va uzumzorlarni koʻpaytirish kambagʻallikni kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

    – Kitob tumanida malinachilikni rivojlantirib, kambagʻallikni qisqartirish, “Temir daftar”da qayd etilgan fuqarolar daromadini oshirish, ichki bozorni shu turdagi mahsulot bilan toʻkin qilish uchun katta imkoniyat mavjud, – dedi A.Hayitov. – Bu borada Oʻzbekiston Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Jamgʻarma hisobidan artezian qudugʻi qurish uchun subsidiya, issiqxona barpo etish, chorva mollari uchun omixta yem ishlab chiqarish, parrandachilikni yoʻlga qoʻyish uchun imtiyozli narxlarda kredit mablagʻlari ajratiladi. Shubhasiz, aholi oʻrtasida tomorqachilik madaniyatini yuksaltirish va ularning har qarich yerdan unumli foydalanishiga erishsak, albatta, koʻzlagan niyatimizga yetamiz.

    Amaliy seminarda “Varganza Bogʻishamol” tomorqa xizmati MCHJning 1 gektarlik oʻquv-tajriba maydonida vodiydan kelgan fermerlar tomonidan aholiga malina koʻchatlarini ekish texnologiyasi boʻyicha mahorat darslari tashkil etildi. Shuningdek, vodiylik ishbilarmonlar tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish uskunalaridan foydalanish boʻyicha ham tajriba almashishdi.

    Spiker oʻrinbosari yosh sportchilarga muxlislik qildi

    Shahrisabz tumani bolalar va oʻsmirlar sport maktabida 2006-2009-yillarda tugʻilgan oʻquvchi-yoshlar oʻrtasida sambo boʻyicha tuman birinchiligi oʻtkazildi.

    Unda tumandagi bolalar oʻsmirlar sport maktabi tarbiyalanuvchilari va umumtaʼlim maktablarining sportchi yoshlari oʻzaro bahs olib borishdi.

    Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi hamda Milliy olimpiya qoʻmitasi oʻrtasida tuzilgan hamkorlik memorandumi ijrosi doirasida oʻtkazilgan sport musobaqasida parlament quyi palatasi Spikeri oʻrinbosari A.Hayitov ham ishtirok etib, yosh sportchilarga muxlislik qildi.

    –Bahslarni kuzatib turib, endigina 10 yoshga toʻlgan qizaloqlarning maydonda haqiqiy polvonlardek bellashayotgani, gʻalaba uchun ishtiyoqi, intilishi yuqoriligini koʻrib, beixtiyor ularning muxlisiga aylanib qoldim, – deydi A.Hayitov. – Sportga ishtiyoqi yuksak bolalarda maqsad shakllanadi, hayotga, ona yurtga muhabbat yuksaladi. Ishonchim komilki, shahrisabzlik yoshlar orasida nafaqat sambo, balki boshqa sport turlaridan ham olimpiada chempionlari yetishib chiqadi.

    Musobaqa yakunida sambo boʻyicha tuman birinchiligida gʻolib chiqqan oʻquvchi-yoshlar OʻzLiDeP va hamkor tashkilotlarning esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

    Aholi malina yetishtirish kooperatsiyasiga birlashtiriladi

    Yetmish yoshni qarshilagan Muborak aya Meyliyevaga Shahrisabz tumanidagi “Miraki” MFYda yashovchi fuqarolar havas qiladi. Onaxon kabi hovlisida malina yetishtirishga, moʻl daromad olishga intiladi.

    Xonadon bekasi mehnatsevarligi, tinib-tinchimasligi orqasidan odamlar tiliga tushdi, el eʼtirofiga sazovor boʻldi. Hozir u 6 sotix tomorqasining 1 sotixida malina yetishtirib, 6 million soʻmga yaqin daromad topyapti.

    A.Hayitov boshchiligidagi ishchi guruhning uchrashuvlari Muborak aya va Zulfiqor ota Umarov xonadonida davom etdi.

    Shu yerda malina yetishtirish boʻyicha aholi vakillari uchun mahorat darsi oʻtkazilib, malina koʻchatlarini ekish texnologiyasi, parvarishlash, boʻtash, koʻchirib oʻtqazish va simbogʻozga tortish boʻyicha yigʻilganlarga batafsil maʼlumotlar berildi.

    Xalq vakili Muborak aya tomorqasida yetishtirilayotgan mahsulotlarni koʻzdan kechirar ekan, onaxonni ibratli ishlariga yuksak baho berib, tomorqachilikni rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.

    –Muborak momo kabi onaxonlardan yosh oilalar ibrat olishi kerak, – dedi A.Hayitov. – Biz ularning tajribasini, taʼbir joiz boʻlsa, tashabbusini keng yoyamiz, hozirgina aholi vakillari bilan suhbatlashdim, ularning aksariyati shu hududda malina yetishtiruvchilar kooperatsiyasiga birlashishga rozilik berishdi. Bu kooperatsiya albatta, oʻz natijasini beradi. 100 ga yaqin xonadonni birlashtirib, tomorqasida bir ekin turi-malina yetishtirishga ixtisoslashsa, uni nafaqat ichki bozorga, balki xorijga ham eksport qilish imkoniyati yaratiladi.

    Uchrashuv davomida bir xonadonda boshlagan xayrli ishlarni tuman miqyosida ommalashtirish va aholi tomorqalaridan olinadigan daromadni koʻpaytirish boʻyicha olib borilayotgan saʼy-harakatlarga boshqa mahallalarda yashovchi fuqarolar ham xayrixohlik bildirishdi.