Standartlashtirish sohasida davlat tiliga e'tibor

    Ichayotgan suvimizdan tortib, egnimizdagi libosimizgacha, yashab turgan xonadonimiz va boshqarayotgan avtomobilimizgacha — barchasining talab va oʻlchovlari bor. Bu talablar texnik jihatdan tartibga solinib, standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya masalalari alohida tizim sifatida rivojlandi. Bugungi kunga kelib, sohani takomillashtirishda jahon tajribasidan foydalanilmoqda.

    Standartlashtirish boʻyicha xalqaro tashkilotlar ISO va MEQ taʼrifiga muvofiq, Oʻzbekiston davlat standarti (Oʻz DSt ISO/ IEC 2:207) sifatida qabul qilingan standartlashtirish “...muayyan sohada tartibga solishning maqbul darajasiga erishishga qaratilgan faoliyat”dir. Shu maʼnoda, standartlashtirish tizimining oʻzi ham, shuningdek, konstruktorlik hujjatlari, mahsulot va xizmatlarni sertifikatlashtirish, muvofiqlikni baholash, texnik-iqtisodiy va ijtimoiy axborotlarni tasniflash va kodlash, oʻlchovlar yagonaligini taʼminlash, putur yetkazmaydigan nazorat, mahsulotni ishlab chiqish va ishlab chiqarishga qoʻyish, akkreditatsiyadan oʻtkazish, texnik jihatdan tartibga solish, mahsulotni sinash, sifat, xizmatlar, atrof-muhit muhofazasi, favqulodda vaziyatlarda xavfsizlik, texnikaning puxtaligi kabi standartlashtirishga tayanadigan boshqa tizimlar ham “muayyan soha”lar boʻlib xizmat qiladi.

    Standartlar negizida shakllantirilgan va ishlayotgan mazkur tizimlarni umumiy “tarmoqlararo standartlashtirish tizimlari” nomi birlashtiradi. Oʻzbekistonda shakllantirilgan tizimlarga “Oʻz” abbreviaturasi qoʻshiladi. Masalan, Oʻzbekiston standartlashtirish davlat tizimi (OʻzSDT), Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish davlat tizimi (OʻzTTDT), Oʻzbekiston sifat tizimi (OʻzST) kabi. Oʻz navbatida, Oʻzbekiston tarmoqlararo standartlashtirish tizimlari OʻzTST shaklida belgilanadi.

    Har bir sohani rivojlantirishda unga xos atamalarga murojaat qilish, ulardan oʻrinli foydalanish talab etiladi. Shunday ekan, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya milliy tizimida soha atamalaridan foydalanish, davlat tilida ish yuritish qay holatda, degan savol tugʻiladi.

    Davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash maqsadida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi markaziy apparati, tizim tashkilotlari va ularning hududiy filiallarida davlat tilida ish yuritishni, ish yuritishda barcha hujjatlarning davlat tilida boʻlishini taʼminlash boʻyicha qatʼiy nazorat oʻrnatilgan. Tizimli ravishda olib borilayotgan ishlar natijasida ijobiy koʻrsatkichlarga erishib kelinmoqda.

    Agentlik ish yurituvidagi hujjatlar, muvofiqlik sertifikatlari sinov bayonnomalarining davlat tilida rasmiylashtirilishi taʼminlanmoqda. Tizimdagi UzTest markazi tomonidan 26 ming 454 ta muvofiqlik sertifikati, sinov laboratoriyalari tomonidan 45 ming 193 ta sinov bayonnomasi hamda ish yuritishdagi barcha hujjatlarning davlat tilida rasmiylashtirilishiga erishildi.

    Oʻzbekiston Milliy metrologiya instituti tomonidan 339 ming 335 dona oʻlchash vositasining davriy qiyoslash sertifikatlari, tadbirkorlar tomonidan import qilingan 18 ming 550 dona oʻlchash vositasining birlamchi attestatsiya sertifikatlari hamda ish yuritishdagi barcha hujjatlar toʻliq davlat tilida rasmiylashtirilgan. “Akkreditatsiya markazi” DUK tomonidan muvofiqlikni baholash organlariga koʻrsatilgan xizmatlar natijasida 598 ta akkreditatsiya guvohnomasi toʻliq davlat tilida rasmiylashtirildi. Standartlar instituti tomonidan qabul qilingan xalqaro standartlarning 2 ming 720 tasi davlat tiliga oʻgirilgan, 66 ta davlat standarti qabul qilingan.

    Agentlik tizimi, uning barcha hududlardagi filiallarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning tashkil etilishiga eʼtibor kuchaytirildi. Barcha tashqi yozuvlar, jumladan, lavha, eʼlon, reklama va koʻrgazmali axborot matnlari, tashqi reklama vositalarining “Davlat tili haqida”gi va “Reklama toʻgʻrisida”gi qonun hujjatlariga muvofiqligi taʼminlandi.

    Bugungi globallashuv sharoitida yuqori sifatli, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish uchun malakali mutaxassislar zarur. Standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va sifat menejmenti sohalari boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash mahsulot ishlab chiqarishda sifatni boshqarishning muhim jihatlaridan biri hisoblanadi. Bu yoʻnalish boʻyicha sohaga oid atamalar lugʻati yoʻqligi oʻquv jarayonida muayyan qiyinchiliklarni paydo qilish bilan birga, milliy texnik kadrlar tayyorlash sifatiga ham oʻz taʼsirini koʻrsatadi. Shuni eʼtiborga olib, “Ruscha-oʻzbekcha izohli lugʻat” nashr etildi.

    Lugʻat metrologiya sohasiga doir jahon lugʻatchiligi manbalaridan foydalangan holda amaldagi davlat standartlari asosida ishlab chiqilgan. Unga metrologiya, oʻlchash texnikasi va sifatni boshqarish sohalaridagi davlatlararo standartlar, shuningdek, xalqaro standartlarga oid asosiy atamalar kiritilgan.

    Lugʻatda darsliklar, ilmiy risolalar, ensiklopediyalar, turli lugʻatlarda har xil shaklda qoʻllanayotgan milliy atamalarni birxillashtirishga alohida eʼtibor berilgan holda, eng koʻp, muvaffaqiyatli ishlatilayotgan standart shakllari tanlab olingan. Lugʻat bilan tanishar ekansiz, unda jahon metrologik lugʻatlarida qoʻllangan anʼanalarga rioya qilinib, atamalarning alifbo uyali tizimi qabul qilingani, unda bir soʻzdan iborat atamalar ham, uyalarning yetakchi soʻzlari ham umumiy alifbo tartibida joylashtirilganini koʻrish mumkin.

    Lugʻatda izohlar lotin yozuvida ham berilgan. Bu hol kirill yozuviga odatlanib qolgan mutaxassislar uchun ham, lotin yozuvini oʻzlashtirgan yosh mutaxassislar uchun ham foydalanishda qulaylik tugʻdiradi. Atamalar izohi lugʻatning eksperimental holatidan kelib chiqqan holda ham oʻzbek, ham rus tilida berilgan. Bu rus tilidagi metrologik soʻz va birikmalarning oʻzbek tilida qanday ifodalanishini toʻliq namoyon qiladi. Oʻz navbatida, metrologiyani rus tilida oʻzlashtirgan mutaxassis, olim va tadqiqotchilarga ularning oʻzbek tilida metrologik fikrlash doirasini boyitish uchun xizmat qiladi.

    Shuningdek, bugungi kunda sohada keng qoʻllanayotgan “Standartlashtirish sohasida xalqaro atamalar bilan uygʻunlashtirilgan davlat tilidagi atama va tushunchalarning izohli lugʻati”ga Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida ISO/MEK xalqaro standartlari va Jahon savdo tashkilotining hujjatlari hamda OʻzTST atamashunoslik standartlarida oʻz aksini topgan asosiy atama, tushuncha va taʼriflar kiritilgan. Lugʻatda atama, tushuncha va taʼriflarning barcha varianti keltirilgan. Ular oʻzbek tilida lotin va kirill alifbolarida hamda rus tilida berilgan.

    Lugʻatda rus tilidagi sohaga oid atama va tushunchalar oʻzbek tilida izohlangan, muqobil varianti kirill va lotin alifbosida berilgan. Lekin lugʻat hajman kichik boʻlgani bois, standartlashtirish sohasiga oid barcha atamalarni qamrab olmagan. Ayni paytda milliy standartlashtirishning katta lugʻatini tuzish va bu ishga tilshunos-lugʻatshunoslarni jalb qilish, lugʻatning yangi tahriri ustida ish olib borilyapti. Ushbu izohli lugʻatga Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida, Xalqaro standartlashtirish tashkiloti va Xalqaro elektrotexnika komissiyasi xalqaro standartlari va Jahon savdo tashkilotining hujjatlarida oʻz aksini topgan asosiy atama, tushuncha va taʼriflarni kiritish nazarda tutilmoqda. Bugungi kunda sohaga oid atamalarni ilmiy nuqtayi nazardan oʻrganish va isteʼmolga kiritish, “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”dagi soʻzlar qatoriga qoʻshish ustida ham izlanish olib borilmoqda.

    Noibaxon MAMADALIYEVA,

    filologiya fanlari doktori