Bu haqida AOKAda Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov ishtirokida o'tkazilgan brifingda ma'lumot berildi.
Bu so'nggi yillarda sudlar faoliyati bosqichma-bosqich takomillashtirib borilayotgani, sohadagi islhotlarning bir qismi ekani ta'kidlandi. Xususan, 2023-yil 27-sentyabrda “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun qabul qilingani alohida ahamiyatga egadir.
Ushbu qonunga ko'ra, sud hukmlari, ajrimlari, qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishning umumiy shartlari takomillashtirildi. Jumladan, 2024-yil 1-yanvardan apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyalarini joriy qilish belgilandi.
Birinchi instansiya sudining hukmlari, ajrimlari ustidan dastlab apellyatsiya tartibida, agar apellyatsiya tartibida ko'rilmagan bo'lsa, qonuniy kuchga kirgan hukmlar, ajrimlar ustidan kassatsiya tartibida shikoyat yo protest berish, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko'rib chiqilgan jinoyat ishlari bo'yicha chiqarilgan hukmlar, ajrimlar ustidan esa, taftish tartibida shikoyat yo protest berish, shuningdek, taftish tartibida takroran shikoyat yo protest bildirish yuzasidan iltimosnoma bilan murojaat qilish imkoni yaratilmoqda.
Bundan tashqari, hukm ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat yoki protest berish muddati yigirma sutkadan o'n sutkaga qisqartirilmoqda. Shuningdek, jinoyat ishini kassatsiya va taftish tartibida ko'rish natijalari yuzasidan yangi oqlov yoki ayblov hukmi chiqarish vakolatlari berilmoqda.
Muhimi shuki, ana shu yangilanishlar natijasida sudda har bir ish bo'yicha yakuniy xulosaga kelishga erishiladi.
Aytish kerakki, qonunga kiritilgan ushbu o'zgartirishlarga muvofiq, taftish tartibidagi shikoyat yoki protest tuman (shahar) sudlarida apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko'rib chiqilgan hukmlar, ajrimlar ustidan, shuningdek, tuman (shahar) sudlari tomonidan ko'rilgan ish bo'yicha Qoraqalpog'iston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlarining apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida chiqarilgan hukmlari, ajrimlari ustidan Qoraqalpog'iston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlariga berilsa, tuman (shahar) sudlarining apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish tartibida ko'rib chiqilgan hukmlari, ajrimlari ustidan hamda O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Qoraqalpog'iston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari tomonidan birinchi instantsiya bo'yicha chiqarilgan hukmlar, ajrimlar va ular yuzasidan chiqarilgan apellyatsiya yoki kassatsiya instantsiyasining hukmlari, ajrimlari ustidan esa, Oliy sudning Jinoyat ishlari bo'yicha sudlov hay'atiga beriladi.
Bundan tashqari O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi va Bosh prokuror Oliy sud Jinoyat ishlari bo'yicha sudlov hay'atining taftish tartibida chiqarilgan hukmlari, ajrimlari ustidan Oliy sudning Rayosatiga taftish tartibida takroran ko'rib chiqish uchun protest bildirishlari mumkin.
Bu huquq mahkum, uning himoyachisi, qonuniy vakili, shuningdek, jabrlanuvchi, uning vakili, fuqaroviy da'vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillarining fuqaroviy da'voga daxldor qismi ustidan, oqlangan shaxs, uning himoyachisi va qonuniy vakili hamda ishda taraf bo'lmagan shaxslarning o'z huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor qismi ustidan iltimosnomalarini ko'rib chiqish natijalari bo'yicha ta'minlanadi.