“Ona zamin, bir uchayin, qoʻyib yubor!”
Yurgan daryo, deydi xalqimiz. Inson umri davomida qancha koʻp safar qilsa, uning dunyoqarashi shuncha kengayadi, bilimi shuncha oshadi. Shu nuqtayi nazarni yurakning bir chetiga tugib, 2023-yil 13-may tongida “Qoraqalpogʻistonga boʻlayotgan eko press-turimiz yaxshi oʻtsin, xayrli boʻlsin!” deya Toshkentdan Nukusga qarab uchdik. Uchogʻimiz yerdan uzilganda yurak bir qalqib oldi. Shunda tuproqdan yaralganimiz, ona zamin bizni qoʻyib yuborishni istamayotganini va baribir yerniki ekanimizni ich-ichimdan his qildim-u, Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azimning bunday satrlari esimda tushdi:
Koʻkka boqdim, oʻt tutashdi jonim aro...
Qat-qat bulut qatlarida ne sir-asror!
Hayrat ichra oʻldirgusi meni samo,
Ona zamin, bir uchayin, qoʻyib yubor!
Ha, ona zamin bizni qoʻyib yuborgandi. Biz uchdik. Uchgandayam juda balandda uchdik. Yurtimizning keng sarhadlari uchogʻimiz illyuminatoridan, bulutlar orasidan goh yashil, goh sariq tusda koʻrinib borardi. Samolyot Qoraqalpogʻiston hududiga kirgach, uning soyasini tasvirga oldim. Goʻzal manzara edi. Xullas, Toshkentdan uchgan uchoq Nukus xalqaro aeroportiga kelib qoʻndi. Ochun bizni bagʻriga olgan edi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamkorligida yozuvchi-shoir, jurnalist-tasvirchi, bloger va ekofaollar ishtirokida tashkil etilgan eko press-turning maqsadi Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatining faoliyati va Orolboʻyi mintaqasida choʻllanishning oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan keng jamoatchilikni tanishtirishdan iborat edi. Shuningdek, ijodkorlarni tabiatdan ilhomlantirish, yangi-yangi asarlar yaratishga, yangi-yangi kitoblar yozishga turtki berish edi muddao.
Birinchi kun yoki Sudochye taassurotlari
Bizni aeroportda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi matbuot kotibi Ulboʻsin Mirzanazarova jamoasi bilan samimiy kutib oldi. Nonushtadan soʻng Suvi duchchi – Sudochye koʻliga qarab yoʻl oldik. Oldinda bizni taassurotga boy 4 soatlik yoʻl kutardi.
Yoʻlda qurib-qaqshab qolgan Orol kengliklari yastanib yotardi. Suvsiz, suvga tashna sohillarni koʻrib, uni bolalari urushdan qaytmagach, yigʻlab-yigʻlab koʻzida yoshi qolmagan kampirga oʻxshatdim. Vazirlik axborot xizmati xodimi Nizom Islomov boshqacharoq oʻxshatish aytdi. Orolni bolalari tashlab ketgan momoga qiyosladi. Ikkinchi oʻxshatish menga koʻproq maʼqul boʻldi. Shunda Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Erkin Aʼzamning “Tanho qayiq” dramasidagi qahramonlar esimga tushdi. Unda Orol qurigach, odamlar sohil boʻyini tashlab, birin-ketin shaharga koʻchib ketib qoladi. U yerda Orol bobodan boshqa deyarli hech kim qolmaydi.
Avval qurigan Orolning koʻksidan kesib oʻtgan yoʻldan yurdik, soʻng Ustyurt kengliklariga chiqib, Sudochye koʻliga kirib bordik.
Nukusdan soat 11:00 ga yaqin yoʻlga chiqqan avtomobillar karvonimiz soat 15:00da bizni Sudochye-Akpetki davlat buyurtma qoʻriqxonasining “Sudochye koʻliga sayohat” turistik obyektiga yetkazib keldi. Ikki oʻtovdan iborat maskan koʻlning shundoq tepasida joylashgan edi. Koʻz oldimizda koʻl yastanib yotardi.
Maskan ichida devorlari nurayotgan bino qoldiqlariyam bor edi. Uning nima ekanini bilan qiziqdim. Maktab devorlari ekan. Bugun xarobaga aylangan maktab qoldiqlarini koʻrib, qachonlardir bu yerda oʻquvchilar oʻqiganini tasavvur qildim. Bugun bolalarni bagʻriga chorlay olmayotgan bechora maktab. Ayanchli manzara edi.
Bu yerda tashlandiq uylar, tashlandiq binolar koʻp edi. Nurayotgan uylarda odamlar baxtli yashagan, saqlovchi, muzlatuvchi omborxonalarda baliq saqlangan, zavodda konserva tayyorlangan. Bularning hammasini koʻrib, odamning yuragi eziladi. Bugun bu yerda qoʻriqxona xodimlaridan boshqa birov yashamaydi.
Sudochye soʻzi “suvi duchchi” degan mahalliy soʻzdan olingan boʻlib, yaʼni “suvi chuchuk” maʼnosini anglatarkan.
XX asrning 60-70-yillarigacha Sudochye koʻli sohilidagi Urga qishlogʻida 6000 kishi yashagan. Ular baliqchilik bilan shugʻullangan, ondatra, nutriya, qora tulkini terisi uchun boqqan. Bu yerda hatto telefon simigacha tortilgan. Bir soʻz bilan aytganda, burun hududda hayot gurkiragan, sivilizatsiya boʻlgan.
1963-yili Orol dengizi suvi ilk bor chekinadi. 1969-yili esa yogʻingarchilik koʻp boʻlib, dengiz suvi koʻpayadi. 70-yillardan soʻng suv keskin qaytadi. Oʻsha yillari odamlar Urgani tark eta boshlaydi. Keyingi oʻn yilliklarda esa bu joylar tashlandiq hududga aylanadi.
2015-yili xorijiy telekanallaridan biri Urga qishlogʻi haqida koʻrsatuv tayyorlash uchun Sudochye boʻylariga keladi. Shunda 1965–66 yillari, bolalik chogʻlarida Qozogʻistonga koʻchib ketgan qariyb 10 kishi chaqiriladi. Ulardan biri egasiz xarobalar orasidan oʻz uyini topishga qiynaladi. Uylardan biriga kirib “Zinger” tikuv mashinasini koʻrib qoladi-yu, birdan yigʻlab yuboradi. Aynan mana shu xonadon bir paytlar u va oilasining shodon kulgilari bilan toʻlgan qadrdon vatani boʻlganini hayajon bilan gapirib beradi.
Maʼlumotlarga koʻra, ilgari Sudochyega Amudaryoning Ravshan va Primuzyak kanallari orqali suv kelib, koʻl Orol dengizi havzasi bilan bogʻlanib turgan. Koʻl maydoni 350 km² ga yetgan, eniga oʻrtacha 15 km, uzunligi oʻrtacha 250 kmgacha boʻlgan. Suv mineralizatsiyasi 0,6-1,7 oraligʻida oʻzgarib turgan.
Mezbonlar bizni tugʻishganiday kutib oldi. Koʻzim qisiqligini koʻrib, qoraqalpoq birodarlar qaysi urugʻdan ekanim bilan qiziqdi. Qoʻngʻirotning oqtamgʻalisidanman, dedim. Begona emas ekansan, deyishdi. Umumiy tarix va qoʻngʻirotlarning kelib chiqishi haqida soatlab gurunglashdik. “Aydinlar” qoʻshigʻini birga kuyladik.
1960-yillarda Orol dengizi sathi pasayishi va daryo suvi oqimi toʻxtashi oqibatida Sudochye qurib keta boshlaydi. 1968-yilda sayoz koʻl alohida suv omborlariga aylandi. Biroq ayni paytda Sudochye koʻli kollektor-drenaj suvlari hisobiga qayta tiklangan, sobiq yirik koʻl oʻrnida 4 ta suv ombori bor: Aqushpa, Katta Sudochye, Qarateren va Begdulla-Aydin. 2000-2001-yillarda suv tanqisligi tufayli hatto Katta Sudochyeda ham suv keskin kamayib ketibdi.
– Orol qurigach, 40 yil davomida 80 ming gektar saksovul ekilgan, – deydi tarixchi Yesimxon Qanoatov. – Avval atigi 13 kishi ikkita traktor bilan ishlagan. Keyingi 4 yil ichida 1 700 000 gektar maydonga saksovul ekildi. Yana 4 yil ishlansa, 3 600 000 gektar, yaʼni Orolning Oʻzbekiston hududidagi hamma joyi saksovulzor boʻladi. Davlat tomonidan bu ishlarga 500 texnika, 2500 odam, 4 samolyot jalb qilindi. Avval ekilgan saksovullarning 100 foizdan 30 foizi koʻkarib chiqsa ham yaxshi natija sifatida qabul qilinardi. Orolboʻyi ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirildi-yu, endi Orolning qurigan maydonida yashil qoplama barpo qilish tadbirlariga zamonaviy texnologiya jalb qilinmoqda. Jumladan, ushbu maydonga ekilayotgan choʻl oʻsimliklarini oʻstirish uchun gidrogellarni qoʻllash natijasida koʻkaruvchanlik 80 foizgacha koʻtarilmoqda. Faraz qilaylik, agar avvalgi surʼat bilan ishlaganimizda, yaʼni har yili 2-3 ming gektar joyga saksovul ekib yurganimizda 1000-yil davomida ham Orolqumni saksovulzorga aylantira olmasdik.
Yana bir yaxshi yangilik – Orol dengizining qurigan maydoni uzra sobiq dengizning hozir suvi saqlanib qolgan joyigacha betonli kanal qurilishi boshlandi.
Mejdurechye koʻlidan boshlanib, jami 123 kilometr uzunlikdagi kanalning ishga tushirilishi natijasida hududning flora va fauna dunyosi rivojlanishi kutilmoqda. Shuningdek, Moʻynoq tumanidagi Shege koʻlida ham doimiy suv bilan taʼminlash imkoniyati yaratiladi. Hududda chorvachilik, dehqonchilik va baliqchilik kabi sohalar rivojiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
– 2021-yilgacha bu yerda hech nima yoʻq edi, – deydi Sudochye-Akpetki davlat buyurtma qoʻriqxonasi direktori Ikrom Juginisov. – Shu yili Oʻzbekiston Prezidentining teshigli qarori chiqdi. Soʻng qoʻriqxonani tashkil qildik. Uning umumiy maydoni 280 507 gektar. Akpetki koʻli 195 805 gektar, 84702 gektar esa Sudochye koʻliga tegishli maydon. Bugungi kunda bu yerda 28 kishi ishlaydi. Soʻng Ustyurtdagi birinchi koʻtarilish tepaligi hududida “Sudochye koʻli” ekoturistik maskani barpo etdik. Oʻtovlar qurdik. Hali mehmonxonalar qurish niyatimiz bor.
Qamishzorlardan iborat Sudochye koʻllar tizimi noyob tabiati, rangdor, tabiatda kam uchraydigan flamingo qushlar toʻdasi bilan bizni oʻziga chorladi. Umumiy maydoni 50 ming gektardan oshadigan ushbu koʻllar tizimida hozir 240 ga yaqin turdagi koʻchmanchi va doimiy yashovchi qushlar mavjud.
Sudochye koʻli Sibir va tundradan janubga va janubi-sharqqa, issiq mamlakatlarga va orqaga uchadigan transkontinental migrant qushlarning Gʻarbiy Osiyo migratsion yoʻlida, Qoraqalpogʻistonning shimoli-gʻarbida joylashgan. Bu koʻllar tizimi uya qoʻyuvchi, uchib oʻtuvchi qushlarning dam olish, uchish oldidan oziqlanish oʻrni sifatida xizmat qiladi.
Sudochye koʻllar tizimida Oʻzbekiston Qizil kitobiga kirgan 40 turdagi qushlarning 30 turi, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro tashkilotining “Yoʻq boʻlib ketish xavfi ostidagi turlarning qizil roʻyxati”ga kiritilgan 24 turdagi qushning 18 turi yashaydi.
Koʻlda qayiqda suzdik. Durbinda qizil gʻozlarni tomosha qildik. Oʻtovda tushlik, kechlik qildik, dam oldik. Gulxan yoqib, atrofida sheʼru qoʻshiqlar aytdik. Shoir Matnazar Abdulhakimning “Darsdan soʻng” sheʼrini joʻr boʻlib ijro etdik.
Tong otdi. Suvi duchchi koʻli tomondan quyosh bosh koʻtardi. Koʻl qirgʻogʻida kechgan bir kunimiz ajoyib oʻtdi. Antenna yoʻq, internet yoʻq, chiroq yoʻqligini hatto esdan ham chiqargandik.
Ikkinchi kun yoki Sariqamish moʻjizalari
Nonushta qilgach, Sariqamish koʻliga qarab yoʻl oldik. Yoqilgʻi quyish shoxobchasida bir soat toʻxtab, telefon, fotoapparat va kameralarimizni quvvatlab oldik. Chunki ularning quvvati bir sutka davomida tugab qolgandi-da. Soat 17:00 da Sariqamish koʻliga kirib bordik. 6 soatlik yoʻl charchogʻini koʻl suvining yuzimizga urilgan shovuridan soʻng esdan chiqardik. Sariqamish xuddi Orol dengizini eslatdi bizga. Garchi uni koʻrmagan boʻlsak-da, dengiz shunday boʻlgan, deya tasavvur etdik.
Bizga berilgan maʼlumotlarda yozilishicha, Sariqamish koʻli Qoraqalpogʻiston va Turkmaniston hudidagi Sariqamish soyligida joylashgan. Uzunligini 100–120 kilometr, enini 30–40 kilometr va chuqurligi 30–40 metr deyishdi. Koʻl shimoldan janubi-sharqqa choʻzilgan va gʻarbiy qirgʻogʻi tik joylashgan. Koʻlning suv sathi Xorazm vohasini kesib oʻtadigan Koʻllar birlashmasi (Ozyorniy) kollektoridan kelib quyiladigan suv miqdoriga qarab oʻzgarib turarkan. Koʻl suvining shoʻrligi sharqida 6–7 foiz, gʻarbida 12 foiz. Maydoni sharqiy qirgʻoq hisobiga kengayib, chuqurligi ortib borayotgani bizni xursand qildi.
Sariqamish koʻliga sayyohlar kelishi ortib borayotgani aytildi. Koʻl hajmi va uning hududidagi noyob qushlar haqida maʼlumot berildi.
– Janubiy Ustyurt milliy tabiat bogʻi 2020-yili ochilgan boʻlsa, shundan beri bu yerni koʻrish istagidan boʻlganlar soni yildan yilga ortib bormoqda, – deydi bosh mutaxassis Renat Tojimurodov. – Sariqamishni koʻrish uchun mahalliy sayyohlar koʻp keladi, Germaniyadan, Rossiyadan ham mehmonlar kelganini bilaman. Oʻtgan hafta Buyuk Britaniyadan sayyohlar keldi. Ular 5-6 yil avval ham bu yerda boʻlgan ekan. Koʻlni qayta koʻrish uchun yana kelibdi. Odamlarning aytishicha, koʻlning suvi teri kasalliklarini tuzartarkan. Ammo bu hozircha ilmiy isbotlanmagan. Suvi shoʻr, ichishga yaroqsiz.
Kimlardir koʻlda choʻmildi. Biz esa qayiqda suzdik. Toʻlqin qayigʻimizni rosa silkitdi. Koʻl boʻyida foto va videoga tushganlar koʻp boʻldi, stend-aplar yozildi.
Maʼlumotlarga koʻra, Sariqamish koʻlida sazan, laqqa, ilonbosh va boshqa turli baliq koʻp boʻlib, hudud fauna va flora dunyosiga boy tabiiy obyektdir. Qizil kitobga kiritilgan oʻsimlik turlaridan qora saksovul, xiva choragi, gazzannova qavuli, sistanhe va hayvon tularidan jayron, turkman quloni, qushlardan choʻl burguti, ilonqor burgut, uzun dumli suv burguti, oq dumli suv burguti, jorji, qizil gʻoz, vishildoq oqqush, qorabosh baliqchi, pushti soqaqush, qoravoy kabi turlar uchraydi.
Koʻl boʻyida bir-bir yarim soat vaqt oʻtkazdik. Kechlik vaqtida tushlik qilib yana ortga qaytdik. Oldinda bizni Nukusgacha 6 soatlik yoʻl kutar edi. Bir soʻz bilan aytganda, ertalabdan kechgacha yoʻl yurdik. Yoʻlning asosiy qismi tuproqli edi. Yarim tunda Qoʻngʻirot tumaniga kirib bordik. Kechlik qilib, Nukusga yoʻl oldik.
Press-turimizning ikkinchi kuni haqiqiy ekstremal sayohat boʻldi. Bu mashaqqatli yoʻl hech qachon esimizdan chiqmasa kerak.
Uchinchi kun yoki Buxoro bugʻulari
Nonushta qilib, Nukusdan ikki soat uzoqlikdagi Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatiga yoʻl oldik. Rezervat 2011-yili Badaytoʻqay qoʻriqxonasi va qoʻshimcha berilgan hududlar asosida tashkil etilgan. U yerda tabiat muzeyi bilan tanishdik. Bizni toʻqay mushugi va u haqdagi maʼlumotlar oʻziga tortdi. Toʻqay mushugi suvda 1,5 chaqirimgacha suzarkan, oʻljasini tutish uchun soatiga 32 chaqirim tezlik bilan sakrarkan, daraxt kavaklaridagi kemiruvchilarni qidirarkan, tik daraxtlarga tezda chiqarkan. Mushuklar uchun gʻayrioddiy boʻlgan holat, yaʼni toʻqay mushugining mevalar bilan oziqlanishi bizni juda hayratlantirdi. Ular Oʻzbekistonda uchraydigan rus zaytun mevalarini ozuqa sifatida yerkan.
Soʻng biosfera rezervatining asosiy hayvoni – toʻqay yoki buxoro bugʻusini tomosha qildik. Toʻqaydagi va maxsus parvarishxonadagi bugʻular judayam sezgir edi. Bizni ilgʻashi bilan darrov qochib qolardi. Tasvirchilar ularning yaqinroq kelishini uzoq vaqt poylashiga toʻgʻri keldi.
Yozilishicha, ilgari buxoro bugʻusi Amudaryo va Sirdaryo havzalarida yashagan. Shavqatsiz qirib tashlanishi va toʻqay massivlari maydonining qisqarishi natijasida ularning populyatsiyasiga putar yetgan.
– Hozirgi vaqtda bu yerda Qizil kitobga kiritilgan 1400 boshdan oshiq buxoro bugʻusi yashaydi, – deydi Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati direktori Oybek Matkarimov. – Shuning uchun bu joy buxoro bugʻusining dunyodagi eng katta populyatsiyasini saqlovchi maskan sanaladi. Bugʻular uch yoshdan har yili mart oyining birinchi oʻn kunligida shox tashlashni boshlaydi. Ikkinchi oʻn kunligida deyarli tugatadi. Uzogʻi bilan 25 sanasigacha boradi. Avgustgacha toʻliq shox chiqarib boʻladi. Avgustning oxirlarida bularda urchish mavsumi boshlanadi. Bugʻular 7-8 yoshda urchish yoshiga yetadi.
Maʼlumotlarga koʻra, biosfera rezervatining umumiy yer maydoni 68717,8 gektarni tashkil etib, Beruniy va Amudaryo tumanlarida joylashgan. Shundan 11568,3 gektari qoʻriqxonadan iborat boʻlib, u qatʼiy rejimdagi muhofazalanadigan hudud hisoblanadi. Ushbu hudud tabiat obyektlari va komplekslarini toʻliq saqlab qolish, ilmiy tadqiqotlar va monitoring olib borish uchun moʻljallangan. Qoʻriqxona zonasi yerlari biosfera rezervatiga doimiy foydalanish uchun berilgan. Biosfera rezervatining qoʻriqxona zonasi hududida, qonun hujjatlariga muvofiq, davlat qoʻriqxonalari rejimi oʻrnatilgan va ushbu hududda har qanday turdagi xoʻjalik faoliyatini yuritish taqiqlangan.
Yana bir qiziq maʼlumot. Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati 2021-yil 16-sentyabr kuni YUNESKOning jahon biosfera qoʻriqxonalari tarmogʻiga kiritildi. Qayd etish lozimki, hozir mamlakatimizda YUNESKOning ikkita tabiiy obyekti – Chotqol va Amudaryo zaxiralari mavjud. Quyi Amudaryo biosfera rezervati boy fauna va flora dunyosi bilan Oʻzbekiston tabiatida muhim ahamiyatga ega. Markaziy Osiyo oʻrmonlarining 20 foizi va Oʻzbekiston oʻrmonlarining 74 foizi mana shu hududga toʻgʻri keladi.
Qoʻriqxonaning umumiy maydoni 69 ming gektarga yaqin. Rezervatda mavjud 419 turdagi oʻsimliklarning 2 turi, 36 turdagi hayvonning 1 tasi, 43 baliq turining 12 tasi va qushlarning 246 turidan 23 tasi Qizil kitobga kirgan.
Buxoro bugʻulari tomoshasidan soʻng Amudaryoning kichik oʻzanini borib koʻrdik. Oybek akaning aytishicha, keyingi 20 yillikda Amudaryo suvi sathi pasayishi kuzatilyapti, avvallari oʻrmonni ham tabiiy suv bosgan. Bugun biosfera rezervatidagi asosiy muammo suvsizlik. Buni eshitib xavotirimiz yanada oshdi.
Daryoni tomosha qilayotganimizda birdan yomgʻir yogʻib yubordi. Zora shu bilan Amudaryoda oz boʻlsa-da suv koʻpaysa edi.
Keyingi manzil milodiy IX-XI, XIII-XIV asrlarga oida Janpiqqalʼa boʻldi. Xarobalari qolgan qadimgi shahar Qoratov qoʻrgʻonidan 6 chaqirim janubi-sharqda, Sultonuvays togʻ tizmasining janubi-gʻarbiy yon bagʻirlarida joylashgan va bu Amudaryo oʻng qirgʻogʻidagi eng xushmanzara yodgorliklardan biri sanaladi.
Qalʼa nafaqat daryo va togʻlar orasidagi yoʻlni himoya qilgan, balki daryo portini quruqlik tomondan ham qoʻriqlagan. Qazishmalar davomida oʻrta asr dunyosining Misrdan to Skandinaviyagacha boʻlgan davlatlariga tegishli topilmalar aniqlangan. Bu esa joy juda qadimiy ekanini anglatadi.
Borgan manzillarimiz masofasining uzoqligi va vaqt tigʻizligi sabab rejamizdagi Qoratosh tarixiy maskani, qozoq choʻponlari qabrlari va Igor Saviskiy nomidagi muzey bilan tanishishga ulgurmadik. Bu maskanlarga borishni keyingi eko press-tur rejasiga kiritib qoʻydik.
Fozil FARHOD,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi