Sun'iy idrokning “shashti baland”

    Bugun zamonaviy texnologiyalar biz o'rganib qolgan kundalik xizmatlar haqidagi tasavvurlarimizni o'zgartirib, ularni foydalanish uchun yanada qulay va xavfsiz darajaga olib chiqmoqda.

    Zamonaviy vositalarni bilish va o'zlashtirish esa yosh avlod uchun yangi imkoniyatlarni kashf etadi.

    Kuni kecha Respublika bolalar kutubxonasida Sun'iy idrok kuniga bag'ishlangan tadbirlar doirasida sun'iy idrokning zamonaviy jamiyat rivojiga ta'siriga bag'ishlangan mahorat darsi tashkil etildi. Neyron tarmoqlar mavzuidagi mashg'ulotlarni “VisionLabs” shirkatining yetakchi mutaxassisi Anastasiya Belozerova olib bordi. Yosh ishtirokchilar “PyTorch” yordamida neyron tarmoqlar qanday faoliyat yuritishi jarayoni bilan yaqindan tanishtirildi.

    O'smirlar uchun mahorat darsi yakunida Anastasiya Belozerova “Sun'iy idrok odamlar uchun: kompyuter nigohi hayotimizni qanday o'zgartirmoqda?” mavzusida ma'ruzasini taqdim etdi. Tinglovchilar kompyuter nigohi, uning imkoniyatlari va “mo''jizalari”ning kundalik hayotimizga ta'siri haqidagi tasavvurlarini boyitdilar.

    Savol-javoblar qismida ishtirokchilar sun'iy idrok mustaqil ravishda qaror qabul qila olishi yoki olmasligi, texnologiyalar biz haqimizda fotosuratlarga qarab nimalar deya olishi hamda ushbu mashina olamni inson singari idrok etishga qodir yo qodir emasligiga oid mavzularda muloqot qilishdi.

    – Texnologiyalar haqidagi tasavvurlarni kengaytirishni unga nisbatan ilk qiziqish paydo bo'lgan lahzadan boshlash kerak. Agar bola savollariga o'z vaqtida qoniqarli javob olsa, bu unga imkon qadar tez fursatda yangi bilimlarni hayotda qo'llash imkonini beradi. Tajribamga ko'ra, texnologiyalar mavzusi barcha yoshdagilar uchun barobar qiziqish uyg'otadi – qanday texnologiyalar mavjud, bu soha qanday sur'atlarda rivojlanmoqda, neyron tarmoqlarning faoliyati qanday tasvirlanadi, ularni qayerda tatbiq etish mumkin va umuman olganda, mazkur soha qanday ishlashi va unga qanday oshno bo'lish mumkin kabi jihatlarga oydinlik kiritish dolzarb sanaladi. Beg'ubor qiziqishni rag'batlantirish va ularga texnologiyalarni puxta tushunish imkoniyatini in'om etish lozim, – dedi Anastasiya Belozerova biz bilan suhbatda.

    Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi Shahbozbek Shavkatov mahorat darslarida tinglovchi sifatida ishtirok etdi. Uning ta'kidlashicha, sun'iy intellekt hozirgi global zamonda har tomonlama qulay. Masalan, biror asar bo'yicha sun'iy intellektdan yordam so'ralsa, u asar mazmun-mohiyatini batafsil aytib beradi hamda odatda inson ongi bilan bog'liq imkoniyatlar: tilni tushunish, o'rgatish, muhokama qilish, masalani yechish, tarjima va shu kabi imkoniyatlarni, xullas o'qishga oid barcha ma'lumotlarni muhayyo qiladi. Bu vaqtni tejaydi. “Biroq, biz yoshlar buni suiste'mol qilmasligimiz, dangasalik kasalligiga yo'liqmasligimiz kerak”, deydi Shaxbozbek.

    Bu kabi tadbirlar o'smirlar va kattalarda zamonaviy dunyoda qo'llaniladigan vositalarga oid tasavvurlarni shakllantirib, yangi texnologiyalar va ularni hayotga tatbiq etish imkoniyatlar haqidagi bilimlarining ortishaga xizmat qiladi.

    Zulxumor Akbarova