Sunʼiy yoʻldosh va mobil aloqa minoralari kerak boʻlmaydigan aloqa tizimi yaratildi

    Rossiyalik muhandislar mavjud kommunikatsiya infratuzilmasidan katta masofada ishlay oladigan muqobil aloqa tizimini yaratishdi. Yangi kommunikatorga sunʼiy yoʻldosh va mobil aloqa minoralari kerak emas. U yer ionosferasidan yuzlab kilometr balandlikda taraladigan qisqa radiotoʻlqinlar yordamida xabarlarni eng yaqin retranslyatorga yetkazishi mumkin.

    Tajribalarning koʻrsatishicha, bunday bogʻlanish 20 ming kilometrgacha boʻlgan masofada ishlashi mumkin. Mutaxassislar bunday tizimlarni yaratishning nazariy imkoniyatini tan olishdi, ammo uning ishonchliligiga shubha bilan qarashmoqda.

    Olimlar tomonidan yaratilgan aloqa qurilmasi planshetga oʻxshaydi. Ixcham antenna yordamida xabar yer ionosferasidan taraladigan va yuzlab kilometr masofani bosishi mumkin boʻlgan qisqa diapazonli radiotoʻlqinlar orqali uzatiladi. Shu tariqa xabar tarmoqqa ulangan eng yaqin uyali telefonga uzatiladi, soʻngra manzilga yetkaziladi.

    Ixtirochilar 200 km masofada boʻlgan abonentlar oʻrtasida barqaror aloqani oʻrnatishga muvaffaq boʻlishdi. Taqqoslash uchun, anʼanaviy koʻchma radiostansiya (ratsiya) maksimal bir necha oʻnlab kilometrgacha ishlashi mumkin. Sinovlarning keyingi bosqichida xabarlar portativ va statsionar abonentlar oʻrtasida 800 km.dan ortiq boʻladi. Ushbu aloqa usulining rekord diapazoniga mashhur aloqachi Krenkel erishgan va u 20 ming kilometrni tashkil etgan.

    «Biz dunyoda birinchi boʻlib, matnli xabarlarni uzoq masofalarga uzatish uchun radiotoʻlqinlarning ufq boʻylab tarqalishidan foydalanadigan kommunikatorni ishlab chiqdik. Hozirgi kunda bizning texnologiyamizda faqat ikkita muqobil aloqa mavjud, yaʼni sunʼiy yoʻldosh va mobil aloqa, ammo ular bir necha marta qimmat», deydi twager.net startapi asoschisi Dmitriy Zabirov.

    Axborotni uzoq masofalarga uzatish uchun qisqa radiotoʻlqinlardan foydalanish uzoq vaqtlar davomida mutaxassislarni jalb etib kelgan. Biroq yaqin-yaqingacha muhandislar qisqa radiotoʻlqinlardan foydalanish bilan bogʻliq bir qator muammolar yechimini topa olishmagan. Ionosfera ionlashtiruvchi quyosh radiatsiyasi tufayli mavjud boʻlib, u kenglik, uzunlik, kun vaqti, yil vaqti va quyosh sikliga qarab oʻzgarib turadi. Shu bilan birga, qisqa radiotoʻlqin oraligʻidagi chastotalarning xususiyatlari sezilarli darajada farq qilishi hamda yuqori darajadagi shovqinga egaligi sababli eng moslarini tanlashni murakkablashtiradi.

    Muhandislar allaqachon kommunikator prototipini yaratishgan. Yaratuvchilarning asosiy nou-xaularidan biri bu antenna. Qurilma ishlaydigan radiotoʻlqinning uzunligi 150 m, antennaning oʻlchami esa 30 sm. Ixtirochilar birinchi marta bunday ixchamlikka erishishdi. Qabul qiluvchi antennaga haqiqiy radio xabarni qabul qiluvchi va uzatuvchi qurilma ulangan, shuningdek, kommunikator uchun maxsus modem va dasturiy taʼminot ishlab chiqilgan.

    Olimlar oʻz kommunikatorlarining imkoniyatlarini ataylab 160 ta belgigacha uzunlikdagi matnlarni uzatishga moʻljallab cheklab qoʻygan. Ularning soʻzlariga koʻra, bu xabarlar hajmi odamlar oʻrtasidagi muloqot uchun ham, Internet qurilmalari (IoT) oʻrtasidagi muloqot uchun ham yetarli. Kommunikator axborotni bir daqiqada 120 belgi tezlikda uzatadi. Ixtiro mualliflarining fikriga koʻra, qurilma yordamida tasvir, video va ovozni uzatish nazariy jihatdan mumkin, ammo bu kelajak masalasi.

    Kommunikatorning birinchi foydalanuvchilari geologlar, neftchilar, quruvchilar va koʻpincha sivilizatsiyadan uzoqda ishlashga toʻgʻri keladigan boshqa kasb egalari boʻlishi kerak. Yangi texnologiyadan olis yoʻl va temir yoʻllarini aloqa bilan taʼminlash hamda qiyin joylarda joylashgan gaz quvurlari va boshqa uskunalarni Internetga ulash uchun ham foydalanish mumkin. Nazariy jihatdan bunday kommunikatorlar uchun butun sayyorada tarmoq yaratish mumkin. Lekin buning uchun minoralar kerak boʻladi. Biroq, ularning soni uyali aloqa minoralari soniga nisbatan 2-marta kamroq boʻladi. Eng yirik transport kompaniyalaridan biri allaqachon yangi aloqa tizimining amalda qoʻllashga qiziqish bildirgan.

    “Twager.net loyihasi 20 nafar finalchi orasidan tanlab olingan boʻlib, “Rossiya temir yoʻllari”ning korporativ akseleratsiya dasturining yettita gʻolibidan biriga aylandi», deydi “Rossiya temir yoʻllari” Akseleratori rahbari Roman Koshelev.

    Uning soʻzlariga koʻra, loyiha “Rossiya temir yoʻllari” AJning filiallaridan birida sinovdan oʻtkazish uchun tanlangan, chunki bu texnologiya bir nechta poyezdlar ulovini avtomatik ravishda boshqarish uchun ishlatilishi mumkin. Shuningdek, kompaniya uzoq Sharq temir yoʻllari xodimlari oʻrtasida xabarlarni uzatish uchun joriy etishni rejalashtirmoqda.

    Sankt-Peterburg davlat elektrotexnika universiteti radiotexnika va telekommunikatsiya fakulteti dekani Viktor Malishev tasvirlangan texnologiyadan foydalanish mumkinligini qayd etdi, biroq, bunday qurilmalarning uzatgichlari muhim kuchlanishga ega boʻlishi, elektr manbaining ogʻirligi va oʻlchami bilan bogʻliq muammolar bartaraf etilgan boʻlishi lozimligini taʼkidladi.

    Maʼlumki, xabarlarni elektr quvvatli kichik antennadan foydalangan holda qabul qilish mumkin, ammo ularni uzatish qiyin. Shuningdek, u kommunikator uzatishi mumkin boʻlgan axborot miqdori chastota diapazoni bilan cheklanganligini taʼkidladi. Agar soniyasiga bir megabit axborot tizim uzatilishi mumkin boʻlsa va ming nafar obunachi tizimdan foydalansa, bu megabit ularning barchasi orasida boʻlinishi kerak boʻladi. Tarmoqning rivojlanishi bilan abonent uchun resurs kamayadi. Mutaxassisning fikricha, bunday texnologiyaning sifati koʻp jihatdan ionosferaning holatiga bogʻliq, shuning uchun uning ishonchliligi shubhali, maʼlumotlarni uzatish tezligi juda past boʻlishi mumkin.

    Abdurashid SAIDOV,
    “Axborot texnologiyalari va axborot resurslarini rivojlantirish markazi” DUK bosh mutaxassisi