баннер
28 Apr 2025
02:40

    Suv diplomatiyasi har doimgidanda zarur, hamma uchun manfaatli chora

    Suv masalasi bugun nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun dunyoda tobora dolzarblashib borayotgani haqiqat. Chunki iqlim oʻzgarishi, turli ekologik holatlar, tabiatga bogʻliq boʻlmagan vaziyatlar suv qadrini oshirib, asrashni taqozo etyapti.

    Shu bois, dunyo hamjamiyati, mamlakatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar hayot manbaini tejashga eʼtibor qaratib, aniq maqsadli choralar ishlab chiqyapti. Chunki kelgusi natija uchun choralar hozir kerak.

    Oʻzbekistonda suv tanqisligi 2030-yilga borib, 15 milliard kub metrni tashkil qilishi mumkin. Mamlakatimiz hududida ishlatiladigan suvning asosiy qismi qoʻshni davlatlarda shakllanib, oqib keladi. Yillik yogʻingarchilik miqdoriga qarab suvning 15-20 foizi yurtimiz hududida hosil boʻladi, xolos. Afsuski, soʻnggi yillarda mintaqada yogʻingarchilik kam boʻlayotgani sababli yirik daryo havzalarida, kichik daryo va soylarda suv sarfi kamayib borayotir. Buni yurtimizda ilgari ishlatilgan yillik 60-64 milliard kub metr oʻrniga suv taʼminoti 51-53 milliard kub metrgacha kamayganidan ham anglash qiyin emas. Biroq davlatimiz rahbarining oqilona siyosati tufayli mintaqa mamlakatlari oʻrtasida transchegaraviy suv resurslarini boshqarish doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatlarni hurmat qilish ruhida amalga oshirilmoqda. Bu esa qoʻshnilar bilan suv xoʻjaligi sohasida yigʻilib qolgan koʻp yillik muammolarni oson hal qilish imkonini bermoqda.

    Qoʻshni davlatlar bilan suv resurslarini integrallashgan holda boshqarish, transchegaraviy suv resurslari va davlatlararo obyektlardan birgalikda foydalanish masalalarida faol ikki hamda koʻp tomonlama manfaatli hamkorlik izchil davom ettiril­yapti. Xususan, bu borada oʻtgan yilda bir nechta uchrashuv oʻtkazilib, muhim kelishuvlarga erishildi.

    Davlatlararo suv xoʻjaligini muvofiqlashtirish komissiyasining yigʻilishlarida Amudaryo va Sirdaryo havzalarida vegetatsiya va kuzgi-qishki mavsum uchun suv olish limiti taqsimoti, shuningdek, mintaqada transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish hamda suv xoʻjaligidagi dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.

    2024-2025-yillarda Oʻzbekiston Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Turkmaniston bilan ikki tomonlama qoʻshma ishchi guruhlar yigʻilishlarida qator muhim kelishuvlarga erishdi. 2024-yil iyunda Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Tojikiston oʻrtasida Bahri tojik suv omborini 2024-yil iyun avgust oylarida ishlatish boʻyicha uch tomonlama bayonnoma imzolandi hamda vegetatsiya mavsumida Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari uchun qoʻshimcha 1 milliard kub metrdan ortiq suv olinishiga erishildi.

    Surxondaryo viloyatining Tojikiston bilan chegaradagi Katta Hisor kanalini tozalash va taʼmirlash hisobiga yiliga oʻrtacha 350 million kub metrgacha suv olib kelinadigan boʻldi.

    Oʻzbekiston — Turkmaniston hukumatlararo qoʻshma komissiyasi doirasida koʻrib chiqilayotgan masalalar ijobiy hal etilayotgani sababli bugun Tuyamoʻyin suv omborida 5 milliard kub metrdan ortiq yoki avvalgi yilga nisbatan 500 million kub metr koʻp suv zaxirasi yaratildi.

    Qozogʻiston bilan yoʻlga qoʻyilgan yaqin aloqalar natijasida oʻtgan yilda Aydar-Arnasoy koʻllar tizimidagi ekologik vaziyatni yaxshilash uchun “Chordara” suv omboridan 700 million kub metrga yaqin suv tashlangan boʻlsa, 2024-yil dekabrida Qozogʻiston Suv xoʻjaligi va irrigatsiya vazirligi bilan kelishuvga asosan Chordara suv omboridan yil boshidan bugunga qadar 1,4 milliard kub metrdan ortiq suv olindi. Bundan tashqari, koʻllar tizimiga kollektorlar orqali kuniga 5,5-6 million kub metr, yiliga oʻrtacha 3,5 milliard kub metr suv tashlanmoqda.

    Prezidentimizning 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan tumanlarda “Suv yetkazib berish xizmatlari” davlat muassasalari tashkil qilindi. Shuningdek, dehqon va fermer xoʻjaliklarining yer maydonini suv bilan taʼminlash maqsadida manbaning suvlilik darajasidan kelib chiqib, xalq deputatlari tuman kengashlaridan suv olish limitini tasdiqlatish boʻyicha yangi mexanizm yoʻlga qoʻyildi.

    Bundan tashqari: Soliq kodeksiga suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari joriy qilinganda hamda sugʻorish uchun olingan suv hajmi suv oʻlchash uskunalari asosida aniqlanganda suv soligʻi stavkasiga 0,5 kamaytiruvchi koeffitsiyent qoʻllanishi;

    suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari joriy qilinganda yoki sugʻorish uchun olingan suv hajmi suv oʻlchash uskunalari asosida aniqlanganda suv soligʻi stavkasiga 0,7 kamaytiruvchi koeffitsiyent qoʻllanishi;

    suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari joriy qilinmaganda hamda sugʻorish uchun olingan suv hajmi suv oʻlchash uskunalari asosida aniqlanmaganda suv soligʻi stavkasiga 1,1 oshiruvchi koeffitsiyent qoʻllanishi belgilandi.

    Shundan kelib chiqib, hududlarda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy qilish hamda nuqtalarni oʻlchash uskunalari bilan jihozlash foydali ekanini hisobga olib, ushbu mexanizmning samarasi toʻgʻrisida fermer va dehqonlar orasida tushuntirish ishlari bajarilmoqda.

    Oʻtgan yili “Suv yetkazib berish xizmatlari” davlat muassasalari tomonidan isteʼmolchilarga 26,2 milliard kub metr suv yetkazib berildi. 2,3 milliard kub metr suv shoʻr yuvish ishlari uchun ishlatildi. Fermer va agroklasterlarga 2023-yilda 8,6 milliard kub metr suv resurslarining isteʼmolchilar kesimida hisob-kitobi soliq organlariga taqdim etilgan boʻlsa, oʻtgan yilda bu ­koʻrsatkich 1,7 barobar oshib, 14,3 milliard kub metrni tashkil qildi.

    Yana bir muhim masala shuki, qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishga xizmat qiladigan 165,6 ming kilometr sugʻorish tarmoqlari mavjud. Shundan 28,7 ming kilometri magistral, tumanlararo va xoʻjaliklararo kanallar hamda 136,9 ming kilometri ichki sugʻorish tarmoqlari hissasiga toʻgʻri keladi.

    2023-yilda suv xoʻjaligi tashkilotlari hisobidagi 28,7 kilometr irrigatsiya tarmoqlarida beton qoplamali kanallar ulushi 10,7 kilometr yoki 38 foizni tashkil qilgan. Shu bois, davlatimiz rahbari tomonidan 2023-yil 29-noyabr kuni ­oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida sugʻorish tarmoqlarida suv yoʻqotishlarini keskin kamaytirish maqsadida 2024-yil “Kanallarni betonlash boʻyicha zarbdor yil” deb eʼlon qilindi.

    2024-yilning oʻzida kanallarni betonlashtirish uchun davlat byudjetidan 700 milliard soʻm hamda xalqaro moliya tashkilotlarining qarz va grant mablagʻlari hisobidan 19 million dollar jalb etildi. Xususan, byudjet mablagʻi evaziga 437,3 kilometr hamda xalqaro moliya institutlari hisobidan 48,2 kilometr kanal betonlashtirildi.

    Davlatimiz rahbari raisligida oʻtgan yil 7-noyabrda oʻtkazilgan yigʻilishda berilgan topshiriqlar asosida 159 ta tumandagi “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalariga tegishli sugʻorish tarmoqlarini betonlashtirish ishlari uchun 80 milliard soʻm ajratildi. Bugunga qadar 6,4 milliard soʻmlik 9,2 ming tonna sement mahsuloti arzon narxda xarid qilindi va 2,7 ming kilometr ichki sugʻorish tarmoqlari betonlashtirildi.

    Bunday islohotlarga suv isteʼmolchilari ham befarq emas. Fermerlar va klaster korxonalari tomonidan ham oʻz hududidagi sugʻorish tarmoqlarini betonlashtirish ishlari jadal surʼatda bajarilmoqda. Ular 2024-yilda 13,3 ming kilometr ichki tarmoqlarni betonlashtirgan, joriy yilda 15 ming kilometr ariqni betonlashtirishni reja qilgan. Hozirga qadar 6,8 ming kilometrda betonlashtirish ishlari yakuniga yetkazilgan. Natijada oʻtgan yili 8 milliard kub metr suv resursi yoʻqotilishining oldi olinib, takroriy ekinlarni kafolatli suv bilan taʼminlash imkoni yaratildi.

    Qishloq xoʻjaligi suv va energiya resurslarini eng koʻp isteʼmol qiluvchi sohalardan biridir. Bu oʻrinda, ayniqsa, nasos agregatlarining ulushi katta. Shu bois, joriy yil “Nasoslar samaradorligini oshirish yili” deb eʼlon qilingani qishloq xoʻjaligiga ham, fermeru dehqonga ham katta foyda keltiradi.

    Shu oʻrinda soʻnggi besh yilda mamlakatimizda suv tejovchi texnologiyalarni qoʻllash boʻyicha qator imtiyozlar va pereferensiyalar ajratilganini alohida qayd etish joiz. Aytaylik, 2019-yilgacha suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlarning umumiy koʻrsatkichi 28 ming gektarni yoki sugʻoriladigan maydonlarga nisbatan 1 foizni tashkil etgan boʻlsa, ayni paytda 1,9 million gektarga yoki ularning umumiy koʻrsatkichi sugʻoriladigan yer maydoniga nisbatan 46 foizga yetdi. 2017-2024-yillarda 560 ming gektarda tomchilatib, 90 ming gektarda yomgʻirlatib, 59 ming gektarda diskret va boshqa turdagi sugʻorish texnologiyalari joriy qilindi, 1,1 million gektar yer lazer uskunasi yordamida tekislandi.

    Suv masalasi ustuvor ahamiyat kasb etayotgan ekan, uni isrof qilmaslikni targʻib qilish ishlarini bir zum ham susaytirib boʻlmaydi. Yurtimiz boʻylab “Suvchilar maktabi”, oliy taʼlim muassasalari tajriba maydonlari va fermer xoʻjaliklari dala maydonlarida hamkorlik asosida “Dala oʻquv” tajriba maydonchalari tashkil qilingani bunda qoʻl kelmoqda.

    Mamlakatimizda 2030-yilga qadar beton qoplamali kanallar ulushini 46 foiz yoki 13,2 ming kilometrga, qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishda suv tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan yerlar umumiy maydonini 2 million gektarga yetkazish maqsad qilib olingan. Shundan kelib chiqib, joriy yilda 1,35 trillion soʻm hisobiga 586,5 kilometr kanal, 21 kilometr lotok tarmoqlari, 45,3 kilometr yopiq sugʻorish quvurlari hamda 167,9 kilometr ochiq kollektor, 109,5 kilometr yopiq-yotiq drenaj tarmoqlarida qurilish va ­rekon­struksiya ishlari bajariladi. 570,4 kilometr magistral kanallar va 15 ming kilometr ichki xoʻjalik irrigatsiya tarmoqlari beton qoplamaga oʻtkaziladi. Suv tejaydigan texnologiyalar qamrovi qishloq xoʻjaligi ekin maydonlarining 55 foiziga yaqin yoki 2,4 million gektarga yetkaziladi. Pirovardida yil yakuni bilan irrigatsiya tizimi va sugʻorish tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyenti 0,67 dan 0,68 gacha oshadi hamda qishloq xoʻjaligida 10 milliard kub metr suv iqtisod qilinadi.

    Shavkat HAMROYEV,

    suv xoʻjaligi vaziri

    Telegram kanalimiz
    Text to speech