Bu tushuncha isteʼmolda keng qoʻllanila boshlaganiga hali bir yil ham toʻlmadi. Lekin, suvchilar, fermerlar, klaster tashkilotlari, soha mutaxassislari va bankirlar orasida dovruq qozondi.
Suv xoʻjaligi vazirligida “Suvchilar maktabi” loyihasining ikkinchi bosqichiga start berildi. Tadbirning ochilish marosimida soʻzga chiqqan Suv xoʻjaligi vaziri Sh.Xamrayev Prezidentimiz tashabbusi bilan sohada keng qamrovli islohotlar olib borilayotganini eʼtirof etdi.
Oʻzgarish, yangilanishlarni kim amalga oshiradi, albatta, bilimli, iqtidorli, zamonaviy fikrlaydigan kadrlar. Shu bois, islohotlarda “Suvchilar maktabi” va mazkur dargoh yetishtirgan kadrlar muhim rol oʻynaydi.
Davlatimiz rahbari 2023-yil 18-aprel kuni oʻtkazilgan yigʻilishda “Agrobank” huzurida suv tejamkorligi boʻyicha yangi loyihalarni shakllantirish uchun alohida markaz tashkil qilib, xorijdan malakali mutaxassislarni jalb etish vazifasini qoʻygan edi.
Suv xoʻjaligi vazirligi, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti hamda “Agrobank” ATB hamkorligida qisqa muddatda “Suvchilar maktabi” loyihasi ishlab chiqildi. Maktab oldiga suvdan foydalanuvchilar, xususan, dehqon va fermerlarning suvdan foydalanish madaniyatini oshirish va shu orqali yuqori hosildorlikka erishish, innovatsion texnologiyalarni qoʻllash boʻyicha bilim va koʻnikmalar berish vazifasi qoʻyildi.
Maktab konsepsiyasini ishlab chiqishda Turkiya, Ispaniya, Xitoy davlatlari tajribalari oʻrganildi, shuningdek, fermerlar oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazildi. Ishlab chiqilgan maxsus “handbook”da sohadagi asosiy nazariy bilimlar, shuningdek xorij tajribasi yoritib berildi va amaliy darslar bilan uygʻunlashtirildi.
2023-yilning 29-may kuni milliy tadqiqot universetida loyihaning birinchi bosqichiga start berildi. Yarim yil ichida 154 ta tumanda 10 ming nafardan ortiq fermerlar, suvchilar oʻqitildi.
“Suvchilar maktabi”da 2030-yilgacha 60 mingdan ortiq tinglovchini oʻqitish va bilim-malakasini oshirish koʻzda tutilgan.
Vazirning taʼkidlashicha, “Suvchilar maktabi” davriy yoki mavsumiy emas, uzluksiz faoliyat koʻrsatadi.
“Suvchilar maktabi”ga Turkiya, Ispaniya, Xitoy va boshqa davlatlardan yetuk mutaxassislar jalb etilgan. Uslubiy taʼminot, oʻquv qoʻllanmalar, onlayn darsliklar yaratildi. Respublikamizning 13 ta hududida maktabning yangi jihozlar bilan taʼminlangan va innovatsiyalarga asoslangan oʻquv binolari va ilgʻor suv tejovchi texnologiyalar qoʻllanilgan tajriba maydonlari tashkil etildi.
Bugun Suv xoʻjaligi vazirligida ham “Suvchilar maktabi”ning oʻquv xonalari va yangi auditoriyalari ochildi. Bu yerda nou-xaular keng qoʻllanilgan boʻlib, misol uchun, 13 ta hududdagi maktablar bilan video aloqa orqali bogʻlangan holda, chet ellik mutaxassislar ishtirokida onlayn darslar oʻtish, muloqotlar tashkil etishga sharoit bor.
Suv xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari R.Qarshiyevning aytishicha, loyihaning birinchi bosqichida, asosan, fermerlar va suv xoʻjaligi mutaxassislari oʻqitildi. Ikkinchi bosqichda suvni tejaydigan texnologiyalarni quruvchilar, pudrat tashkilotlari mutaxassislari ham qamrab olinadi. Maktab faoliyati shu tarzda doimiy kengayib, yangilanib boraveradi.
Olimlarning hisob-kitobiga koʻra, global isish va muzliklarning qisqarishi bilan bogʻliq vaziyat shu tarzda davom etadigan boʻlsa, yana 20-25-yildan soʻng suv tanqisligi sezilarli darajada kuchayadi. 50-70-yildan keyin suvning tomchisi haqiqatda tilloga teng boʻlishi mumkin. Farzandlarimiz, avlodlarimiz suv tanqisligi muammosiga duch kelmasligi va aslo qiyinchilik koʻrmasligi uchun hozirdan suvni tejaylik.
Shuhrat SUYUNOV,
Suv xoʻjaligi vazirligi axborot xizmati boshligʻi