Tabiatni asrash insoniyatni asrashdir

    Yashil sayyora 25 Fevral 2022 6586

    Mohiyatan “Oʻz uyimni oʻrganaman” degan maʼnoni anglatuvchi ekologiya jurnalistika sohasining ham muhim va dolzarb yoʻnalishlaridan biriga aylanib bormoqda. Atrof-muhit bilan bogʻliq muammolar va ularning yechimiga keng jamoatchilikning eʼtiborini qaratibgina tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni oʻrgatish mumkin.

    Milliy matbuot markazida “Ekologik muammolarni yoritishda birlashaylik” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshida faoliyatini boshlagan Ekologik jurnalistika kengashining joriy yildagi rejalari va atrof-muhit barqarorligini taʼminlashga qaratilgan mavzularni yoritishda jurnalistlar oldida turgan vazifalar muhokama qilindi.

    Tadbir tashkilotchilari ayni kunda dolzarb sanalgan, ammo eʼtibordan chetda qolayotgan mavzular — bioxilma-xillikning kamayishi, suv resurslaridan oqilona foydalanmaslik, daryo oʻzanlarining kengayib borishi va shahar hududlarida qushlarning kamayib ketayotgani haqidagi muammolarga tahliliy yondashib, OAVda kengroq yoritish lozimligini taʼkidlab oʻtdi.

    — Ekojurnalistika — bugungi kun uchun muhim soha, — deydi Ekologik jurnalistika kengashining raisi, filologiya fanlari doktori Nargis Qosimova. — tabiatga bogʻliq muammolarning ahamiyati, eʼtiborsizligimiz oʻzimiz uchun qimmatga tushishi haqida ommaga doʻstona maslahat qiladigan ham, tahlillar bilan tanishtiradigan ham OAV xodimlari. Toʻgʻri, maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimida tabiatga munosabat oʻrgatiladi. Ammo tahlillar shuni koʻrsatadiki, chiqindilarning mumkin boʻlmagan joyga tashlanishi va tabiat resurslarini tejamaslik, ov qilish qoidalarini buzish holatlarida asosan oʻrta yoshlilarning hissasi katta. Biz ekologik xavflar haqida shunchaki xabar berish bilan cheklanmasligimiz kerak. Uning oqibatlarini tahliliy maqola, lavha va eshittirishlar orqali auditoriyaga tushuntirishimiz lozim.

    Ekologiya atamasi mazmunidan ham maʼlumki, butun tabiat oʻz uyimiz. Demak, qilayotgan xatolarimizdan oʻzimiz jabr koʻramiz. Tabiatga boʻlgan mehrimiz ham kun kelib oʻzimizga qaytadi.

    Feruza Muxtorovna