Tabiiy gaz isteʼmolida yangi tizim: qulay, aniq va samarali

    Joriy yil 24-sentyabr kuni Prezidentimizning “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasini amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Mamlakatda tabiiy gaz yetkazib berishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish chora-tadbirlari davlatimiz rahbarining 2020-yil 18-iyundagi “Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bilan boshlab yuborilgan edi.

    Bu borada koʻzda tutilgan chora-tadbirlar, jarayonning borishi haqida “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Bahodir ESHMURODOV bilan suhbatlashdik.

    – Avvalo, dunyo miqyosida tabiiy gaz zaxiralarining bugungi manzarasi, uni isteʼmolchiga yetkazib berish tafsilotlari haqida maʼlumot bersangiz.

    – Jahon hamjamiyati yoqilgʻi-energetika zaxiralari cheksiz emas, degan xulosaga kelgani hech kimga sir emas. Mutaxassislar fikricha, yaqin kunlargacha tabiiy gaz aql bovar qilmaydigan darajada ishlab chiqarilgan va uni qazib olish jarayoni ham unchalik ogʻir boʻlmagan. Yaʼni quduqlarning chuqurligi taxminan 1 000-1 500 metrni tashkil etgan va resurslar tabiiy ravishda olingan.

    Hozirgi vaqtda “zangori yoqilgʻi” konlari 4 000 metrdan koʻproq chuqurlikda joylashgan va ishlab chiqarish jarayoni koʻp hollarda mexanik yoki gaz tortib oluvchi uskunalar yordamida amalga oshiriladi. Bularning barchasi ekologiyaga va tannarxga taʼsir etmay qolmaydi. Gazning narxi arzonligi hamda energiya tejamkor texnologiya va uskunalarni qoʻllamasdan, oʻylamay yoqib yuborilishi iqlim oʻzgarishi, shuningdek, atmosferaga chiqayotgan zararli issiqxona gazlari miqdori koʻpayishining asosiy sabablaridan biri boʻlib qoldi.

    Bugungi kunda dunyo olimlari bu muammoga yechim topish haqida qaygʻurmoqda. Hozircha eng maqbul yoʻllardan biri sifatida energiya manbalaridan oqilona foydalanishga yoʻnaltirilgan yangi texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish, deb topilmoqda. Bu jarayon vaqt oʻtgani sayin takomillashtirilib, atmosferaga tarqalayotgan chiqindilar kamayishiga erishilmoqda. Sarf-xarajatlarni aniqlashning asosiy koʻrsatkichi esa energiya nazoratida ishonchli hisob yuritilishiga bogʻliq. Tejamkorlikka erishish hamda yoʻqotishlarni kamaytirish yoʻlidagi birinchi qadam aniqlik darajasi yuqori boʻlgan hisoblash vositalarini joriy etish ekanini energiya yetkazib beruvchilar va isteʼmolchilar anglab yetgan. Bundan tashqari, innovatsion texnologiyalar asrida ushbu hisob tizimini avtonom va real vaqt rejimida masofadan boshqarish imkoniyati mavjud.

    Xalqaro amaliyotda oʻlchash, maʼlumotlarni yigʻish va qayta ishlash bosqichida inson omili va uning ishtirokini minimallashtiradigan tizimlarni joriy etish boʻyicha boy tajriba ham shakllangan.

    – Oʻzbekistonda tabiiy gaz yetkazib berish tizimi uzoq yillar modernizatsiya qilinmagani haqida koʻp gapiryapmiz. Bugun vaziyat qanday?

    – Bu tarmoqlar tuzilmasi uzoq yillar modernizatsiya qilinmagani ham bor gap. Shu bois, tarmoqda yoʻqotishlar koʻp edi. Demak, hisob-kitobni avtomatlashtirishni hayotning oʻzi taqozo etmoqda. Maqsadimiz – ishlab chiqaruvchi va isteʼmolchi oʻrtasida, yaʼni gaz quvurlari hamda gaz taqsimlash tarmoqlari, isteʼmol qilish jarayonlarining har birini qamrab oluvchi yaxlit onlayn tizim yaratish.

    Bugun Oʻzbekistonda gaz yetkazib berishning yangi tizimi joriy etilmoqda. Toʻgʻri, bu borada mamlakatda oʻtgan 10 yilda bir necha urinishlar qilingan boʻlsa-da, lekin aniq tizim yaratilmadi. Bundan esa taʼminotchi ham, aholi ham birdek aziyat chekdi. Bugun biz boshlagan ish tabiiy gazni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimi (ASKUG) deb nomlanadi va online tartibda ishlaydi.

    – Yangi tizimni joriy etishning moliyaviy, texnik va ijtimoiy jihatlari haqida ham toʻxtalsangiz. U qanday amalga oshiriladi?

    – Gazni boshqarishning real vaqt rejimida ishlaydigan avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimi, avvalo, tabiiy gazning toʻliq, aniq va ishonchli hisobga olinishini taʼminlash, shuning­dek, taʼminotdagi yoʻqotishlarni kamaytirish, isteʼmolchilarning toʻlov madaniyatini oshirishga xizmat qiladi.

    Oʻzbekistonda ASKUG tizimini joriy etish 5 bosqichdan iborat boʻlib, ulardan uchtasi gazotransport tizimiga avvalroq tatbiq etilgan. Buning natijasida tabiiy gazni tashish va yetkazish nazorati taʼminlandi. Ayni damda “Hududgaztaʼminot” AJ ulgurji isteʼmolchilari (yuridik shaxslar) va aholini qamrab oluvchi toʻrtinchi va beshinchi bosqichga chiqmoqda. Loyihaning amalga oshirilishi natijasida 3,5 milliondan ortiq “aqlli” gaz hisoblagich oʻrnatish rejalashtirilgan.

    Umuman, ASKUG tizimini joriy etish vaqt va zamon talabi edi. Bunga sabab xoʻjalik sektorida bugungi kunda gaz isteʼmolchilarining oʻrtacha 70 foizida gaz hisoblagichlar oʻrnatilganidir. Ularning aksariyati 10 yildan ortiq vaqt davomida ishlatilgani, maʼnan va jismonan eskirgani sababli hisoblashdagi xatoliklar ruxsat etilgan koʻrsatgichlardan oshib ketadi. Bundan tashqari, ayrim turdagi hisoblash uskunalari eskirgan boʻlib, ularga texnik xizmat koʻrsatish ham oʻz-oʻzidan toʻxtatilgan.

    Isteʼmolchilar tez-tez duch keladigan yana bir muammo koʻrsatkichlardagi nomuvofiqlik boʻlib, hisoblagichda boshqa raqamlar, billing tizimida esa umuman boshqa koʻrsatkich turadi. Oqibatda esa isteʼmolchilar norozilik bildirib, turli tekshiruv jarayonlari va oldingi toʻlov kvitansiyalarini yigʻish, tegishli tashkilotlarga betinim qatnash hamda soatlab navbat kutishga toʻgʻri kelardi.

    Albatta, ASKUG tizimini joriy etish zarurati, eng avvalo, mamlakatda gaz isteʼmoli va hisobga olishni nazorat qiluvchi zamonaviy maʼlumotlarni yigʻish boshqaruv tizimining yoʻqligidan kelib chiqmoqda. Shu sababli gaz taʼminotchisi va energiya majmuining yana bir qator tuzilmalari yuzlab milliard soʻmlarni yoʻqotmoqda. Bundan tashqari, aholi orasida isteʼmol qilingan tabiiy gaz uchun debitor qarzdorlar soni ham koʻpayib ketgan.

    Amaldagi tartibga muvofiq, isteʼmol qilingan “zangori yoqilgʻi” uchun toʻlov har oyning oʻninchi kunigacha belgilangan. Ammo amaliyot aslida hammasi boshqacha ekanini, isteʼmol qilingan yoqilgʻi uchun haddan ziyod katta qarzlar vujudga kelayotganini koʻrsatmoqda.

    Tabiiy gazni hisobga olishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini tatbiq etish orqali tizimda qarzdorlik bilan bogʻliq muammo va uzilishlar vujudga kelishining oldini olish, yoʻqotishlarni kamaytirish hamda gazdan noqonuniy foydalanish holatlari toʻgʻrisida taʼminotchini ogohlantirishga erishiladi.

    ASKUG tizimini mamlakatimizda joriy etish bilan bogʻliq ishlar “Hududgaztaʼminot” AJ zimmasiga yuklatilgan. Bu jarayonni, yaʼni gaz hisoblagichlarni oʻrnatish, maʼlumotlarni yigʻish, qayta ishlash va uzatish, aloqa liniyalarini yotqizish, kerakli telekommunikatsiya moslamalarini oʻrnatish ishlarini 2021-yil oxiriga qadar yakunlashimiz kerak. Taʼkidlash kerakki, “aqlli” hisoblagichlar “Hududgaztaʼminot” AJ hisobidan bepul oʻrnatiladi. Bu borada Prezidentimiz aniq topshiriqlar berdi va ularni sifatli bajarish maqsadida barcha tuman hamda shaharlar “qizil”, “sariq”, “yashil” hududlarga ajratilgan.

    “Qizil” hududga 22 tuman va shahar kirgan boʻlib, ularning 3 tasida gaz hisoblagich uskunalarini oʻrnatish ishlari yakuniga yetmoqda. Natijada 30-35 foiz gazni yoʻqotish yoki oʻgʻirlash holatlariga chek qoʻyishga, isteʼmolchilardan toʻlovlarning oʻz vaqtida tushishiga va sifatli xizmat koʻrsatishga erishdik.

    “Sariq” hududga 131 tuman va shahar kiritilgan boʻlib, bu hududlarda ham zamonaviy hisoblagichlarni oʻrnatish orqali mavjud muammolarni bartaraf etamiz.

    Birinchi navbatda, tabiiy gaz isteʼmoli va qarzdorlik yuqori boʻlgan “qizil” hududlar qamrab olinadi. 4 000 dan ziyod yirik isteʼmolchi, gaz quyish shoxobchalari va ishlab chiqarish korxonalari, 850 ta issiqxona ham avtomatlashtirilgan tizimga ulanadi.

    Bu bilan gaz taʼminoti sohasida juda muhim oʻzgarishlar kuzatiladi. Birinchidan, aylanma mab­lagʻlar tanqisligi sabab modernizatsiya qilinmayotgan tarmoqlarga koʻproq mablagʻ ajratish imkoniyati yaratiladi. Ikkinchidan, adolatli tizim joriy etiladi. Bunda gaz haqini toʻlagan ham, toʻlamagan ham xizmatdan hozirgidek birdek foydalanmaydi, faqat toʻlovni amalga oshirgan isteʼmolchiga tabiiy gaz yetkazib beriladi.

    Albatta, gaz isteʼmolida yuqori aniqlikka ham erishamiz. Misol uchun, Toshkent tumani Bogʻbon mahallasini oladigan boʻlsak, har bir xonadonga alohida gaz hisoblagich va gaz moslagich regulyatorlar oʻrnatdik. Bu hududda 2019-yilning 6 oyida sarflangan gaz hajmini 2020-yil 6 oyi bilan solishtirganimizda 33,7 foiz tafovutni aniqlashga erishdik. Shunday holatlar ham koʻp boʻlganki, deylik foydalanilgan 100 kub gazdan 33 foizi kimga ketgani aniqlanmagan. Yangi tizim bilan bu kabi holatlarning oldi olinadi.

    Tizimning yana bir afzalligi uni aholi mobil telefoni orqali nazorat qilishi mumkinligida koʻzda tashlanadi. Yaʼni isteʼmolchi qancha gaz sarflayotgani, qancha pul toʻlayotganini koʻrib turadi. Albatta, toʻlovlarni mobil telefon orqali amalga oshirsa ham boʻladi. Oldingi hisoblagichlar har 4 yilda davlat koʻrigidan oʻtkazilar va bu isteʼmolchilar uchun ortiqcha xarajat, ortiqcha tashvish edi. Yangi hisoblagichlar 10 yilda 1-marta davlat koʻrigidan oʻtkaziladi va bu jarayon taʼminotchi tomonidan bepul amalga oshirilmoqda. Ushbu gaz hisoblagichlar mazkur sohadagi eng yetakchi hisoblanmish Italiyaning “Pietro Fiorentini” kompaniyasi tomonidan yaratilgan “aqlli” (smart) hisobga olish vositalarining eng yangi avlodi boʻlib, hisobga olishda yangi avlod texnologiyalari qoʻllaniladi. Jumladan, Terranova dasturiy taʼminoti. Terranova tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarni toʻplash va hisoblagichlarni bosh­qarish dasturiy taʼminoti orqali har qanday ERP (Enterprise Resource Planning – korxona resurslarini rejalashtirish) tizimiga maʼlumotlarni taqdim etish imkoni yaratiladi. Natijalar tizimning toʻla-toʻkis ishlashini, ikki tomonlama aloqa va 2G dan Narrowband IoT (NB-IoT) gacha boʻlgan mukammal uzatish qobiliyatini namoyish etdi. NB-IoT texnologiyasi bir qator ilgʻor xususiyatlarni toʻliq oʻzida mujassamlashtiradi.

    Bugungi kunda tabiiy gaz isteʼmolchilariga oʻrnatilayotgan gaz hisoblagich “Pietro Fiorentini” kompaniyasi mutaxassislari bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda “Texnopark” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilmoqda. Shuni taʼkidlash lozimki, “Texnopark” MCHJning taʼsischisi Toshkent shahri hokimligi boʻlib, bu oʻz navbatida, isteʼmolchi oldida ishlab chiqaruvchi masʼuliyatini oshiradi.

    – Aholini suyultirilgan gaz bilan taʼminlashdagi bugungi vaziyat haqida ham gaplashaylik. Bu boradagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot bersangiz.

    – Mamlakatimizda isteʼmolchilarni suyultirilgan gaz bilan uzluksiz taʼminlash, gazni yetkazish tizimini avtomatlashtirishga katta eʼtibor qaratilib, xizmat koʻrsatish sifatini yana-da yaxshilash maqsadida “Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakat miqyosida 3,6 million isteʼmolchiga 4,5 million dona maishiy gaz balloni orqali suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda. Shu tariqa isteʼmolchilarning gaz ballonlar bilan taʼminlanganlik darajasi 125 foizga yetkazilgan.

    Jamiyat tomonidan sohaning rivoji uchun qoʻshimcha ravishda 214 dona vagon-sisterna xarid qilish koʻzda tutilgan boʻlib, suyultirilgan gaz tashish oylik hajmini 26,5 ming tonnaga oshirish rejalashtirilgan. Bugungi kunda oʻrtacha 37 tonna hajmga ega boʻlgan 15 ta vagon-sisterna xarid qilinib, Navoiy kon-metallurgiya kombinatidan 4 ta vagon-sisterna balansga olindi.

    Tashish xarajatlarini qisqartirish maqsadida suyultirilgan gazni Qoraqalpogʻiston Respublikasiga toʻliq hamda vodiy, Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlariga umumiy hajmning qariyb 30 foizdan 50 foizgacha boʻlgan qismini temir yoʻl orqali yetkazish yoʻlga qoʻyildi.

    Suyultirilgan uglevodorod gazini oylik tarqatish quvvati 98,5 ming tonnaga yetkazish, bunda 4,9 milliondan ortiq maishiy gaz ballonni toʻldirish quvvatiga ega boʻlgan 79 ta gaz toʻldirish inshooti (shu jumladan, tizimda 53 ta)dan toʻliq foydalanishga erishilmoqda.

    Hududlarda 7 ta gaz toʻldirish inshooti foydalanishga qabul qilindi, inshootlarga 57 ta daraja oʻlchagich oʻrnatildi, 680 pogon metr temir yoʻl taʼmirlandi. Mazkur gaz toʻldirish inshootlarining quvvatlarini oshirish uchun qoʻshimcha 10 ta sigʻim, 35 dona kolonka, 11 ta nasos, 15 ta kompressor oʻrnatildi. Natijada oylik saqlash miqdori 5,8 ming tonnaga va tarqatish quvvatlari 4,9 ming tonnaga oshirildi.

    Texnologik yoʻqotishlardagi sarf meʼyorlarini qayta koʻrib chiqish natijasida esa yoʻqotish koʻrsatkichi 1,8 foizdan 1,3 foizga kamaytirildi. Mavjud tezkor maʼlumotlarga koʻra, 2020-yilning 8 oyida texnologik yoʻqotishlar sarfi 2,4 ming tonnadan ziyod kamayishiga erishilib, 120 mingta xonadonga qoʻshimcha maishiy gaz ballonlarda suyultirilgan gaz yetkazib berish imkoniyati yaratildi. Gaz toʻldirish inshootlariga 30 dona zamonaviy elektron avtotarozi oʻrnatilishi natijasida qabul qilingan va tarqatilayotgan suyultirilgan gazni avtomatlashtirilgan tizimga ulash orqali shaffoflikka erishish yuzasidan ishlar olib borilmoqda.

    Shu bilan birga, Fargʻona viloyati Oltiariq toʻldirish inshooti va Samarqand gaz toʻldirish stansiyalarida suyultirilgan gazni ishlab chiqaruvchi korxonalardan qabul qilib to isteʼmolchilarga yetib borgunga qadar sinov tariqasida zamonaviy elektron uskunalarni oʻrnatish orqali avtomatlashtirilgan tizim joriy etilmoqda.

    “Hududgaztaʼminot” AJ oʻz faoliyatining barcha jabhalarini rivojlantirish va shaffoflik tamoyili asosida olib borishga intilmoqda. Sohadagi mavjud kamchiliklarni yashirmay, balki aholi bilan oʻzaro konstruktiv muloqot orqali aynan ogʻriqli masalalarni aniqlash va ularni hal etish, tizimga ilgʻor innovatsion texnologiyalarni jalb etgan holda xalqimizni qiynayotgan tushunmovchilik va muammolarni bartaraf etish, taʼminotchi tomonidan koʻrsatilayotgan servis xizmatlari va xodimlarning ish samardorligini yana-da oshirish bugungi kun talabi, qolaversa, “Hududgaztaʼminot” AJning eng asosiy maqsadi hisoblanadi.

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Ulugʻbek Xolboy suhbatlashdi